Bir guruh faollarning vesti.uz saytida rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek ziyolilarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

Yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning fikricha, bu taklif uyushtirilgan tashabbusdir.

"Ularning ich-ichlarida o‘risparast ekani aniq, lekin tashabbus o‘zlaridan chiqqaniga shubha bor. Agar teparoqdan imdod bo‘lmasa, o‘zlari yurak botinib saza chiqarolmagan bo‘lardi. Ayonki, bu – UYUSHTIRILGAN tashabbus. Ortida kimlar turganini faqat gumon qilish mumkin. "Tashabbus" ortidan rasmiyroq javob chiqishi bilan ularni aniq-taniq bilib olamiz", – deydi Murod Muhammad Do‘st.

"Feysbuk"dan skrinshot.

Yozuvchi ushbu taklif uzoq kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan siyosiy o‘yinlar uchun dastak etilishini aytdi, taklifga "milliy g‘urur bilan o‘ynashish" deb baho berdi:

"Milliy g‘urur bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Kimlargadir shunchaki ivirsiq va sassiz olomon bo‘lib ko‘rinayotgan odamlar bir-ikki kunda oriyatli xalqqa aylanib, o‘zbek tilining baland ohanglarini namoyish etishi ham mumkin".

Yozuvchi Ulug‘bek Hamdam esa maqoladagi bittagina jumlani alohida ta’kidlashini aytdi:

"Kimning tili qaysi millat tilida chiqsa, u o‘sha millatga mansub bo‘ladi”. Chindan ham murojaatga imzo qo‘yganlardan kimlarni oz-moz bilsam, ular rusiyzabon ekanlar. Mana, ko‘rdingizmi endi bolalarimizga boshlang‘ich ta’limni o‘zga tillarda berish qanday natijalarga olib kelishini! Bu borada ham ulug‘ jadid Cho‘lpon naqadar haq ekan! Tarix – biz “kundalik”ka “besh baho” olish uchun yozilgan kitoblar emas, balki, avvalo saboq chiqarish zarur bo‘lgan ko‘zgu ekanligini unutib qo‘ydik chamasi".

Jurnalist Pahlavon Sodiq urg‘uni rus tiliga emas, o‘zbek tilining rivojiga qo‘yishni aytdi.

"Rus tili Yevrosiyodagi eng yirik til, dunyoda 300 mln.ga yaqin odam gapiradigan boy tillardan bittasi. Buni hech kim savol ostiga olayotgani yo‘q.
Rus tili siz bilan menga o‘xshagan o‘zbekning bolalari qayg‘urmasa ham yo‘qolib ketishga mahkummas. Ammo bizning ona tilimiz rivojlanmay qolib ketishi ehtimoli bor.
Shuning uchun rus tiliga rasmiy maqom berishdan ko‘ra, o‘zbek tilini zamonaviy ilm-fan tiliga aylantirish haqida o‘ylashimiz kerak. O‘zbeklar Rossiyada uchinchi katta millatga aylanishiga men shubha qilmayman", – deydi jurnalist Pahlavon Sodiq.

Blogerlar ham taklifga munosabatini bildirdi.

"Men til bilmaganim orqasidan ancha imkonlarni boy berganman, bu xatomni farzandim takrorlashini xohlamayman, uni rus sinfiga bermoqchiman, ingliz tilini chuqur o‘rganishiga imkoniyat qilib beraman. Lekin men O‘ZBEK tilim bilan birgalikda boshqa tilni rasmiy til sifatida ko‘rishga, ertaga zo‘r bir kadr borsa-yu rus tilini bilmagani sababli ishga olinmasligiga yoki deylik o‘zi shundoq ham asosiy qarorlar avval ruschada chiqib, tilbilmaslar uchun vaqti bo‘lganda o‘zbek tiliga chala-chulpa tarjima qilinib chiqarilayotgan va yoki umuman chiqarilmay qo‘yayotgan (rasmiy til O‘ZBEK tili bo‘lgan holda ham!) shunday paytda rus tilini RASMIY til qilishga bor jonu tanim bilan qarshiman. O‘sha yigirmatalik faqat ism-familiyasi o‘zbek bo‘lganlarga aytar gapim: millatim tilini tinch qo‘yinglar",deydi Isroil Tillaboyev.

Tarixchi Shohista O‘ljayevaning fikricha, "Yevropaga, AQShga, Turkiyaga, Yaponiyaga borib rus tilida so‘zlashdan ko‘ra o‘zbek tilida so‘zlab tarjimon orqali yetkazgan ma’qul. Ko‘pchilik adliya vaziridan o‘rnak olsin. Til bilish juda yaxshi, rus, ingliz va boshqa tillarni o‘rganaveraylik. Farzandlarimizga kamida ikki-uchta til o‘rgatishga harakat qilaylik. Bitta o‘zbek tilini bilishi kishini bugungi global dunyoda cheklovlarga, tor doiraga solib qo‘yishi mumkin. Tilni o‘rganib o‘z sohasini bilmaydigan mutaxassis bo‘lish ham yaxshi emas. Azaldan ota-bobolarimiz ikki-uch tilda bemalol so‘zlashishgan. Bugungi kunda o‘zbek tilini mustahkamlash va unga e’tiborni kuchaytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi kerak".

Rus tili rasmiylashuvi taklifiga tadbirkorlar taklif bilan javob berishdi.

"Biroq har tomonlama mantiqqa zid ushbu manifestni o‘qiy turib topa olgan yagona bir kichik ijobiy jihatim: davlat tilimizni shunchalik abgor holatga keltirib qo‘yganimizni anglashimizga, xalq maorifi, saviyamiz shu qadar sayozlashib ketgani, bizning yuzimizga bunga (sabab sifatida) rus tilidan ajraganimizning solinishi barcha tilparvar, xalqparvar hamyurtlarimizga o‘ziga xos juda yorqin chaqiriq. Farzandlarimizga ilm beraylik, ularni fanlar va ilm o‘rganishga, chet tillar, shu jumladan, rus tilini ham o‘rganishga chorlaylik. Bunday qilmasak, nafaqat o‘z tilimiz, hatto millat sifatida o‘zimizning kelajagimizdan ham ajralamiz",deydi Zafar Hoshimov.

"Feysbuk" faoli Baxtiyor Sheraliyev murojaat mualliflarini o‘zbek xalqiga tuhmat qilishda aybladi:

"Maqolada keltirilgan vajlarni qarasangiz bir jahlingiz chiqadi, bir ensangiz qotadi, bir oringiz keladi. Ularning da’vo qilishicha, rus tili tufayli o‘zbek xalqi dunyoni tanibdi, jahonni tanibdi. Vo darig‘, ruslar o‘zbeklar yoki tojiklar ustiga hukmron bo‘lguncha bu xalq qoloq edimi? Navoiy ham rus tilida yozganmidi? Bobur yoki Mashrab rus edimi? Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchilar rus edimi? O‘zbek va tojik xalqining o‘tmishi juda qadim, har ikkisining ilmiy va adabiy merosi dunyodagi biror bir xalq merosinikidan ortiq bo‘lsa borki, aslo kam emas. Murojaat mualliflari mana shu yerda o‘zbek xalqiga juda katta tuhmat qilibdi".

"Albatta, rus tilini o‘rganishni kengaytirish kerakligini aytayapmiz. Lekin davlat tili qilib olish (yumshoqqina "rasmiy nufuzini oshirish va tasdiqlash" deyishayapti) – boshqa masala. Bu tomondan ingliz, xitoy, turk, tojik, qoraqalpoq tillarini ham davlat tili qilib olarmiz? Ulargayam sabab topiladi. Ayni paytda ona tilimiz nufuzini himoyalash uchun rus millatini haqorat qilish ham yaxshi emas", – deydi "Feysbuk" faollaridan biri Abdug‘afur Satimov.

Navoiyshunos Olim Davlatov jamiyatda plyuralizm bo‘lishi kerak deb hisoblaydi:

"Shunday fikrlaydiganlar bugungi jamiyatimizda bor va ular ham o‘z fikrini bayon etishga haqli. Meni xursand qiladigan boshqa narsa bo‘ldi – imzo qo‘yganlar ichida yoshlar yo‘q. Aksincha, maqola mazmuniga salbiy munosabat bildirganlarning ko‘pchiligi yoshlar. Demak, bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 65 foizini tashkil etadigan yoshlar bu taklifni qo‘llab-quvvatlamaydi.

Maqola mualliflari rus tiliga rasmiy maqom berish uchun birinchi sabab sifatida O‘zbekiston aholisining muayyan qismi rusiyzabon bo‘lganini qayd qilib, “jahon tajribasi” sifati Finlyandiya va Shveysariyadagi ahvolni misol keltirishgan. Mualliflar negadir bu masalada O‘zbekiston va Rossiyaning o‘zidagi millatlararo munosabatlar siyosatini nazardan soqit qiladi. Ma’lumot uchun eslatishni lozimki, O‘zbekistonda ta’lim o‘zbek, tojik, qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz, turkman va rus – jami yetti tilda olib boriladi. Qardosh xalqlar (jumladan, rusiyzabon aholi) o‘z ona tilida ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar muhayyo. Rossiyada esa ahvol butunlay boshqacha. Milliy respublikalarda soatlari cheklangan ona tili va adabiyot darslaridan boshqa barcha fanlar rus tilida o‘qitiladi. Iqtisodiy imkoniyatlari O‘zbekistondan ko‘ra kengroq bo‘lgan Rossiya nega milliy maktablarning rivojiga to‘sqinlik qiladi? Mening nazarimda, til siyosati masalasida Rossiya O‘zbekistondan o‘rganadigan narsalar ko‘p.

Mualliflarning talabiga ko‘ra, “Davlat tili haqidagi qonun”da rus tiliga “millatlararo muloqot tili” sifatida rasmiy maqom berishni taklif qilishmoqda. Savol tug‘iladi: O‘zbekistonda o‘zbek bilan qirg‘iz, tojik bilan turkman, ozarbayjon bilan qoraqalpoqning o‘zaro muloqot tili aynan rus tili bo‘lishi lozimligini “qonuniylashtirish” mantiqqa qanchalik to‘g‘ri keladi?! Buxoro va Samarqand, Urgut va Denov bozorlarida tojiklar o‘z tilida, o‘zbeklar o‘z tilida gaplashib, bemalol savdo-sotiq qilayotgani, muloqot uchun aynan rus tiliga zarurat bo‘lmagan holatlarni ko‘p kuzatganmiz".

Jurnalist Parina Omonovaning fikricha:

"Bugun Rossiya "dunyoning qayerida bo‘lmasin rus xalqiga mansub har bir shaxs bizning himoyamizda" demayaptimi? Ukraina shuning uchun ham til haqidagi qonun uchun butun dunyo hamjamiyati bilan kurashmayaptimi? Davlat tilimizni hurmat qilishni boshlashimiz uchun bizning ham boshimiz shu devorga urilishi shart emas-ku. Maqolani o‘qiysanu qo‘rqib ketasan kishi, Alloh asrasin, bizning boshimizga shunday kun tushsa, "Ruslar bizga begona emas" sarlavhali maqolalar chiqmasligiga kim kafolat beradi?".

Adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov "allaqaysi rahnamolarining da’vatimi, rag‘batimi bilan, bir guruh shaxslar O‘zbekistonda rus tilini rasmiy til darajasiga ko‘tarish, “Davlat tili haqida”gi qonunga o‘zgartish kiritib, unga o‘zbek tili kabi huquqiy maqom berish taklifi bilan chiqishi" xavotirli ekanini ta’kidlaydi:

"Bizdagi real vaziyat shundayki, rus tiliga “rasmiy til” maqomi berishga yo‘l qo‘yilsa, qog‘ozda – ikkitillilik, amalda esa rus tili yana taxt ustiga mindi deyavering. Busiz ham ko‘p mahkamalarda rus tilida ish yuritilayapti. Shuning uchun ham bu taklif-tashabbus zimnida nihoyatda manfur bir tahdid yotibdi. Qolaversa, O‘zbekistonda aholining 80 foizdan ortig‘i o‘zbek. Qolganlari tojik, qozoq, qirg‘iz va hokazo. Ruslar esa 2,3 foizdan ham kamroq. Shunday bir holda bunday tahlikali tashabbus har qanday mantiqdan xolidir, u ona xalqini sevgan, mamlakatini har tomonlama ozod va gullab-yashnagan holda ko‘rishni orzu qilgan kishilarni xavotirga solishi tabiiy".