Ushbu maqolada filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev o‘zbek tili oldida turgan xavf, tillarning qanday yashab qolishi, o‘zbek tili oldidagi muammolar haqida so‘z yuritadi. Tilshunos ona tili darsliklarini yangilash va ona tilidan test tizimini isloh qilish lozimligi xususida mulohazalarini ham aytadi.

1Dunyoning eng xavfsiz tillari

Barcha tillar yashab qolish darajasi nuqtai nazaridan quyidagicha tasnif qilinadi:

  • xavfsiz tillar;
  • ehtiyottalab tillar;
  • xavf yaqinlashayotgan tillar;
  • xavfga chalingan tillar;
  • o‘layotgan tillar.

O‘zbek tilining ham o‘z yozuviga, davlat tili maqomiga egaligi, 30 mln.dan ortiq so‘zlashuvchisi borligi kishini xushnud qiladi. Biroq, achchiq bo‘lsa-da, ta’kidlash kerakki, uning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet tili darajasiga ko‘tarilmayotgani va, ayniqsa, bu borada tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari va markazlarda na nazariy, na amaliy, na tashkiliy ishlar olib borilayotganligi uning ham yo‘qolish xavfidan butkul xoli emasligini, ro‘yxatda esa ehtiyottalab tillar qatorida qolib ketayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda eng xavfsiz tillar qatorini ingliz, xitoy, ispan, nemis, yapon, fransuz, arab tillari egallagan. Ularning xavfsizligi gaplashuvchilari soni, mamlakatlarining qudrati, millatining tilsevarligi va ommaviylashganlik darajasi kabilar bilan belgilanadi. Bu borada yetakchilikni hali ko‘p vaqt ingliz tili saqlab tursa kerak. Ingliz tilida so‘zlashuvchilar soni xitoy tiliga nisbatan kam bo‘lsa-da (450 mln kishi), uning talabgorlari kun sayin oshmoqda. AQSh va Angliya iqtisodda yetakchilik qilar ekan, bu tilning mavqei saqlanib qolaveradi. Tarixda bu holat Ikkinchi jahon urushi oldidan nemis tili misolida ko‘ringan edi va dunyo miqyosida bu tilning rasmiy ta’limi urushdan keyin ham uzoq vaqt saqlanib qoldi. Bu jarayon susaya boshlashi bilan Germaniya nemis tilining dunyo bo‘yicha o‘qitilishini, o‘rganilishini rag‘batlantirishga kirishdi. Zero, keng tarqalgan tillarning o‘limi o‘z mamlakatidan tashqarida uning ta’limi susayishidan boshlanadi.

Xitoy tili so‘zlashuvchilar soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turadi, ammo ularning bari xitoylardir. Xitoyliklar ham o‘z tillarini dunyoga ta’lim yo‘li bilan yoyish bo‘yicha astoydil harakat qilmoqda.

2Tillar qay yo‘l bilan yashab qoladi?

Globallashuv asrida tillarning yashab qolishi ko‘proq axborot-kommunikatsiya sohasida, internet tizimida qo‘llanish darajasi bilan bog‘liq. Qaysi til internet tili emas ekan, uning ro‘parasida o‘lim xavfi turaveradi.

Internet tili haqida so‘z ketganda, o‘zbek tili internet tili emasmi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Chunki o‘zbek tilida internet sahifalarida ma’lumotlar berilmoqda, yozishmalar amalga oshirilmoqda, tilimizda ish olib boradigan sayt va portallar, ijtimoiy tarmoqlar kundan-kunga ko‘payayotir. Bir qaraganda o‘zbek tili internet va axborot-kommunikatsiya sohalarida cheklanmagan darajada qo‘llanayotgandek, internet tiliga aylangandek. Aslida ham shundaymi?

Internet kompyuter texnologiyalariga tayanadi. Kompyuter lingvistikasida “kompyuterning tilni tanishi” degan tushuncha bor. Agar kompyuter tilni “tanir” ekan, tilning internet tili ekanligi haqida so‘z yuritish to‘g‘ri bo‘ladi. Kompyuter tilni “tanishi” uchun u bu tilni “bilishi” zarur. Kompyuterning matndagi xatolarni tuzatishi, matnni qayta ishlashi, tarjima qilishi, so‘zlarga izoh bera olishi, tilni o‘rgatishi, matnni bir alifbodan ikkinchi alifboga o‘tkazib berishi, til ifodalarini tasniflashi, tartiblashi, biror tilda gapirishi, yozishi uning tilni tanishi asosida amalga oshiriladi. Sun’iy intellekt ma’lum tilni “tanisa” o‘sha til asosida ishlaydi.

Kompyuter texnologiyalari sohasi tillarning taraqqiyoti hamda yashab qolishi uchun hal qiluvchi omilga aylanib bo‘ldi. Tilning internet tiliga aylanishi matematik lingvistika, uning davomi bo‘lgan kompyuter lingvistikasining shakllanganligi va rivojlanish darajasi bilan bog‘liq. Ayniqsa, sun’iy intellekt uchun tabiiy tillarni modellashtirish kompyuter lingvistikasining asosiy vazifasi hisoblanadi. Dunyo miqyosida tabiiy tillarni matematik modellashtirish orqali sun’iy intellektlar yaratilmoqda. Modellashtirish biror tilning texnologiyadagi modelini yaratishdir. Matematik modellashtirish natijalari sun’iy intellektning faoliyat dasturini yaratishga asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbek tili bu baxtdan hozircha “benasib qolmoqda”.

Tillarning xavfsizligini ta’minlash uchun ularning yozuvlariga, 100 mingdan ortiq so‘zlashuvchilarga, davlat tili maqomiga ega bo‘lishi va axborot-kommunikatsiya, internet tizimida qo‘llanish xususiyati ham ozlik qiladi. O‘zbek tilini asrab qolish uchun ziyolilar uni rivojlantirish haqida qayg‘urishlari va mutasaddilar esa bir yoqadan bosh chiqarib tashkiliy yo‘l bilan kurashishlari juda ham zarur. Ijrosi kechikib borayotgan bo‘lsa-da, bu vazifalarni bajarishga yeng shimarib kirishsak va uddalay olsak, ona tilimiz albatta o‘lmaydi.

3Ona tili ta’limi qoniqarli emas

Ona tili ta’limida ta’lim mazmuni, maqsadi va usuli masalasi kun tartibiga qo‘yildi va hal etildi. Bu ona tili ta’limidagi yangilik bo‘ldi. Ta’lim mazmuni – ona tilining tabiatidan kelib chiqilgan nazariy bilimlar silsilasidan tashkil topdi. Ta’lim maqsadi “o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini takomillashtirish, fikr mahsulini og‘zaki va yozma shakllarda nutq sharoitiga mos ravishda to‘g‘ri ifodalash malakasini shakllantirish” mazmunini oldi. Ta’lim usuli esa qayta bayon qilishdan mustaqil va ijodiy fikrlash va uni nutq sharoitiga mos ifodalashga o‘tdi.

Muammolar ham vujudga keldi:

  • Birinchidan, ona tili ta’limida keraksiz nazariy ma’lumotlarga chuqur kirib ketildi.
  • Ikkinchidan, grammatika ta’limi ustuvorlashib, so‘z ta’limi ikkinchi o‘ringa tushib qoldi.
  • Uchinchidan, darsliklardagi xatolar, nazariy chalkashliklar bugungi kunda hammani qiynab tashladi.
  • To‘rtinchidan, o‘quvchilarning egallagan ko‘p bilimlari kompetensiyaviy mohiyatga ega emas.

Bugungi kunda mutaxassislarimiz ona tili ta’limi mazmuni va vositalari bo‘yicha OAV, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarida turli xil chiqishlar qilishmoqda. Tanqidiy fikrlar ham talay. Bu borada ona tili boshqa o‘quv predmetlaridan ancha “ilgarilab ketdi”. Buning qator sabablari bor. Avvalo, darsliklar ustidagi ishlarning ko‘pincha yuzaki ekanligi. Amaliyotchi o‘qituvchilar maslahatlari har doim ham inobatga olinmayapti. Darslik yaratishda monopoliya vujudga keldi. Barcha darsliklar uchun mutaxassis amaliyotchi o‘qituvchidan bitta muharrir tayinlanishi, u darsliklardagi mazmunni muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lishi, shuningdek, albatta mehnati moddiy rag‘batlantirilishi zarur.

Ona tili fani o‘quvchi nutqini rivojlantirish, so‘z boyligini oshirish uchun o‘qitilishi kerak, biroq amalda faqat nazariya bilan cheklanib qolayotgan, qoidalarga o‘ralashib, quruq ma’lumotlarni zo‘rma-zo‘raki, ko‘pincha tushunmay, amaliyotga tatbiqi haqida o‘ylamay, ongsiz ravishda yodlayotgan bolalar ertaga tilning komil sohibi bo‘lishlariga, uning imkoniyatlari bilan yuksak darajada qurollangan shaxs sifatida voyaga yetishiga shubhalanadi kishi...

4Til darsliklarini yangilash kerak. Yangi darslik qanday bo‘ladi?

O‘quvchini so‘z saltanatiga olib kirish uchun til va adabiyot fanlari yaxlitligi masalasini mutlaqo qayta ko‘rib chiqish lozim. Ma’lumki, 8-sinf adabiyot darslarida asosan mumtoz adiblarimiz ijodi o‘rganiladi. Demak, shunga muvofiq ravishda, bu sinfda ona tili darslari “Ona tili. Mumtoz so‘z” deya nomlanib, o‘quvchilar mumtoz matnlar mazmunini o‘rganishlari, tahlil qilishlari, so‘zlarning zohiriy, botiniy, ramziy ma’nolarini o‘rganishlari, lug‘atlar bilan ishlashlari, ma’no “mag‘iz”larini chaqishlari zarur. Bu quyidagi jihatlari bilan e’tiborga molik bo‘ladi:

birinchidan, o‘quvchilar mumtoz adabiyotga ongli ravishda oshno bo‘ladilar;

ikkinchidan, ularning so‘z zaxirasi, demakki, nutqi muttasil boyib boradi;

uchinchidan, o‘quvchilarning savodxonligi avtomatik ravishda oshib boradi;

to‘rtinchidan, mumtoz so‘zlar ma’nosidagi ma’rifat, ma’naviyat, qadriyatlarimiz avlodlar ongiga singib boradi;

beshinchidan, o‘quvchilarimizda mantiqiy, obrazli, assotsiativ fikrlash, tafakkur yuksalib boradi.

Aytilganidek, 5-sinfdan boshlab har bir sinfda to‘g‘ri, ravon va boy nutqning asosiy vositasi bo‘lgan so‘zning turli qirralariga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, “Ona tili. So‘z mulkiga sayohat” (5-sinf), “Ona tili. So‘z sehri” (6-sinf), “Ona tili. Fasohat” (7-sinf), “Ona tili. Madaniy nutq” (9-sinf) kabi.

Ona tilidan testlar murakkablik darajasiga ko‘ra farqlanishi kerak, albatta. Testologiya nazariyasiga ko‘ra test topshiriqlari murakkablik darajasi bo‘yicha 4 ga bo‘linadi: 1) oson; 2) o‘rtacha qiyin; 3) qiyin; 4) eng qiyin.

Ona tilidan to‘rt murakkablik darajasidagi testlar nazariy va metodik asoslarining yaratilmaganligi, test topshiriqlari tuzishda ta’limga kompetensiyaviy yondashuv tamoyillariga e’tibor qilinmasligi, ta’lim maqsadi va ta’lim oluvchilarning malakasini baholash mezonlarining inobatga olinmasligi test topshiriqlari ta’lim oluvchilarning hayotiy ehtiyoj va zaruratidan, kundalik hayotidan qanchalar uzilib qolganini ko‘rsatadi. Test topshiriqlari ona tili ta’limi maqsadi, bitiruvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini baholashning davlat ta’lim standartida belgilangan mezonlar asosida bo‘lishi lozim.

5Ona tilidan davlat imtihoni islohga muhtoj

Ona tili va adabiyot fani nufuzini oshirish uchun oliy o‘quv yurtlariga kirishda insho yozishni qayta joriy etish zarur. Abituriyentning savodxonligi, ona tili qoidalarini qay darajada o‘rgangani yozgan inshosida yaqqol bilinadi. Bizningcha, bu o‘zini oqlaydigan tajribalardan.

Insho juda ham zarur. Ammo uni olishni to‘g‘ri tashkil etish kerak. To‘g‘ri tashkil etilmasa, korrupsiyaga keng va ravon yo‘l ochib beriladi. Nazarimda kirish sinovlarini adolatli tashkil etish uchun eng qulay yo‘l – birinchi bosqichda test o‘tkazilishi, ikkinchi bosqichda insho olinishi va uni ham oliy o‘quv yurtlarini aralashtirmasdan pavilonlarda tashkil etish. Bunda:

  • birinchi bosqichda oliy o‘quv yurtiga kirish uchun hujjat topshirgan barcha abituriyentlar an’anaviy tarzda test sinovidan o‘tadilar;
  • ikkinchi bosqich – insho imtihonini esa birinchi bosqich natijalari ma’lum bo‘lgandan keyin yuqori ball olganlar topshiradi.

Buning bir necha afzal tomonlari bor:

birinchidan, testdan so‘ng ikkinchi bosqich ham bo‘lishini bilgan abituriyent har qanday aldovga uchmaydi, chunki adolatga xalaqit qiluvchi firibgarlar ikkinchi bosqich uchun kafolat bermaydi;

ikkinchidan, bunday sharoit imtihonning keyingi bosqichiga faqat iqtidorli abituriyentlargina o‘tishini ta’minlaydi, natijada ikkinchi bosqichda to‘la ma’nodagi sog‘lom raqobat vujudga keladi;

uchinchidan, ikkinchi bosqichda abituriyentlar soni kam bo‘lgani sababli jarayonni nazorat qilish juda oson kechadi. Ya’ni bir o‘quv yurti abituriyentlarining barchasini bittagina binoda qamrab olish mumkin bo‘ladi.