2019-yilning dekabrida Oliy Majlis hamda mahalliy vakillik organlariga saylov rejalashtirilgan. Bu yirik siyosiy voqeaga tayyorgarlik qizg‘in ketayapti. Yanvarda Ekologik partiya tuzildi. Iyul boshida yangi Saylov kodeksi qabul qilindi. Ikkita partiya yetakchisi almashdi. Eng muhimi, iyun oyida Prezident administratsiyasida O‘zbekistondagi beshta siyosiy partiya rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgani haqida xabar tarqadi. Uchrashuvda partiyalarga endi o‘z dasturi va saylovoldi kampaniyasini, nomzodlarni mustaqil belgilashda muayyan “harakat erkinligi” berilganiga ishora qilingan.

Iyun oyida «Bilim karvoni» nodavlat ilmiy muassasasi ko‘ppartiyaviylik tizimi islohotining konseptual tahlilini taqdim etdi va shu bilan partiyalar kelajagi haqida bahs-munozarani boshlab berdi.

Ushbu maqolada bu yilgi saylov ham oldingilaridan prinsipial farq qilmasligi, “doimgidek” o‘tishi, lekin keyingi, 2024-yildagi elektoral siklgacha partiyalar o‘zini jiddiy isloh qilmasa, millat va o‘z kelajagiga raxna solishi iddao qilinmoqda.

1. O‘zbek partiyaviy tizimini isloh qilish zarurati

O‘zbek partiyaviy tizimini isloh qilish kerakligiga shubha yo‘q. Bu sohadagi har qanday yirik o‘zgarish faqatgina Prezident administratsiyasining ruxsati va yordami bilan amalga oshishiga ham shubha yo‘q. Prezident devonining amaliyotchilari 1990-yillarning oxiri – 2000-yillar boshida zamonaviy o‘zbek partiya tizimini shakllantirayotganda G‘arb amaliyotidan ilhomlangan.

Lekin rivojlangan G‘arbning barqaror demokratiyalaridagi partiyaviy tizimni endi modernizatsiyalashayotgan jamiyat uchun andoza, namuna sifatida olish amaliy foyda bermasligini vaqt isbotlamoqda.

Xorij tajribasining yaroqliligi

Karls Bua partiyaviy tizim mamlakatdagi «partiyalar soni, kattaligi va mafkuraviy afzalliklar majmuasidan» iborat deb hisoblaydi. AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa ilk demokratiyalar 18- va 19-asrlarda taraqqiy etar ekan, ulardagi partiyalar ham dasturlarini sayqallashtirib, a’zolarini tarbiyalab o‘zi ham voyaga yetgan. Seymur Lipset va Steyn Rokkanning iddaosicha, davlatning shakllanishi va iqtisodiy strukturalardagi o‘zgarishlarga – sanoat inqilobi va unga hamroh bo‘lgan urbanizatsiyaga olib kelgan modernizatsiyalashish jarayoni fuqarolar o‘rtasidagi davomiy ixtiloflarni (cleavages) keltirib chiqargan. Ya’ni, modernizatsiyalashish jarayonidagi voqealar ketma-ketligini hisobga olsak, hozirgi aksar G‘arb mamlakatlarida iqtisodiy ixtiloflar muhim o‘rin tutishi bejiz emas. Shu bilan birga, aholisining ko‘pchiligi katolik bo‘lgan mamlakatlardagina din va dunyoviylik ixtilofi muayyan ahamiyatga ega bo‘lgan. Reformatsiya katolik cherkovini siyosiy va iqtisodiy hayotdan birmuncha chetlashtirgan davlatlarda diniy ixtiloflar hamon mavjud bo‘lsa ham unchalik muhim rol o‘ynamaydi.

Image result for uk elections
Illyustrativ surat.

Iqtisodiy ko‘rinishdagi ixtilof bora-bora davlatning kapital va uni taqsimlashdagi o‘rni borasidagi munosabatiga qarab yon bosgan partiyalar shaklida institutsiyalashdi yoki Lipset va Rokkanning ta’biri bilan aytganda «muzlatildi».

1990-yillarda Prezident devonidagi strateglar G‘arbda asrlar davomida tadrijiy yo‘l bilan shakllangan mana shu partiyaviy konfiguratsiyani O‘zbekistonga joriy etdi. Natijada bizda hozir:

  • o‘zini kambag‘allar himoyachisi deb biladigan XDP («so‘llar»);
  • o‘zini shakllanayotgan boylar qatlamining himoyachisi deb biladigan O‘zlidep («o‘nglar») partiyalari faoliyat yuritadi.

Beshta partiyadan faqatgina shu ikkisida kapital va uni taqsimlashda davlatning o‘rni borasidagi yaxlit qarashlar mavjud. Qolgan uchta partiya davrining siyosiy vazifalarini bajarish uchungina tuzilgan:

  • deyarli hech qanday iqtisodiy platformaga ega bo‘lmagan «Milliy tiklanish» va «Fidokorlar» partiyalari 1990-yillarda yengil muxolif ruhdagi millatchi ziyolilarga tasalli va «Erk» partiyasiga muqobil sifatida tuzilgan. Partiyalar o‘z vazifasini bajargach 2008-yilda birlashgan va hozir «Milliy tiklanish» sifatida faoliyat yuritadi;
  • 1995-yilda tuzilgan va o‘zini «byudjetdan oylik oladiganlar partiyasi» deb biladigan «Adolat»dan maqsad o‘sha payt a’zosi milliondan oshgan Xalq demokratik partiyasiga spoyler sifatida xizmat qilish edi;
  • faqatgina ekologiya masalasiga o‘zini bag‘ishlagan butun boshli Ekologik partiyani tuzish qanchalik maqsadga muvofiqligi hamon savol ostida.

Partiyaviy tizim har bir davlatda o‘ziga xos alomatlarga ega bo‘ladi. Bular eng avvalo mamlakatning tarixi, siyosiy boshqaruv tizimi, iqtisodiy ahvoli, aholining siyosiy-huquqiy madaniyati va faolligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Mustaqillikdan keyin partiyaviy tizim endi shakllantirila boshlayotganda yuqoridagilarning hech qaysisi inobatga olinmadi, G‘arb andozasidagi partiyaviy tizim ko‘r-ko‘rona tatbiq etildi. Bunday ko‘chirmakashlikka qisman o‘sha davrda hukmron bo‘lgan «demokratik tranzit» va G‘arb liberalizmining uzil-kesil g‘alabasi natijasida «tarixning tugashi» haqidagi g‘oyalar ham sabab bo‘lgan.

Lekin G‘arbiy Yevropaning ijtimoiy-siyosiy o‘ziga xosligi va tajribasini Yevropa institutlarini mahalliy sharoitga tatbiq etish bilan qaytarib bo‘lmas ekan. Aksar rivojlanayotgan mamlakatlarda siyosiy infrastruktura, tashkiliy uyushganlik va umumiy siyosiy merosning mavjud emasligi G‘arb andozasidagi siyosiy institutlarning yot zaminda ildiz otishiga to‘sqinlik qilmoqda. Dunyoning sanoqli mamlakatlaridagina (Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi) G‘arb tajribasi ko‘r-ko‘rona, «bo‘lishi kerak» bo‘lgani uchun emas, jamiyat oldida turgan vazifalarni hal qilishda hamohang bo‘lgani uchun muvaffaqiyatli tatbiq etilgan.

O‘zbekistonda partiyaviy tizim isloh qilinishi kerak. Lekin bu islohotlar muvaffaqiyati uchun badavlat, barqaror va asrlardan buyon mustaqil rivojlanayotgan G‘arbning unikal tajribasi emas, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy-madaniy ahvoli O‘zbekistonga yaqin bo‘lgan, O‘zbekiston kabi sobiq mustamlakalarning, hususan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasi tajribasi ko‘proq qo‘l keladi.

1) O‘zbekiston dunyodagi eng kambag‘al mamlakatlardan biri. Yalpi ichki mahsulotning (YIM) aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qiymati bo‘yicha hisoblaganda O‘zbekiston dunyodagi mamlakatlarning 80 foizidan ko‘ra kambag‘alroq. Afrika qit’asining deyarli yarmi, xususan urush yoki harbiy nizolar sodir bo‘layotgan barcha mamlakatlarning o‘rtacha YIMi O‘zbekiston YIMidan kattaroq.

2) O‘zbekiston mustaqillikka milliy-ozodlik kurashi orqali emas, taqdir taqozosi bilan (SSSR bexosdan qulashi natijasida) erishgan, Rossiya va Xitoy kabi buyuk davlatlar o‘rtasida qolib ketgan sobiq mustamlakadir.

3) Barcha rivojlanayotgan davlatlardagi, xususan O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlar institutlashish va legitimatsiyaga erishishga harakatdan (efforts to attain institutionalisation and legitimacy) boshqa narsaga emas deb hisoblaydi Mehran Kamrava.

  • Institutlashish deb maxsus tashkil etilgan siyosiy strukturalar va organlar orqali jamiyat ustidan davlatning samarali nazoratini o‘rnatishga aytiladi. Eng oddiy ko‘rinishda buni davlat qurilishi (state-building) jarayoni desa ham bo‘ladi. Muayyan tizimning institutlashishdagi muvaffaqiyati u demokratik qoida va amaliyotlarga muvofiqligi bilan emas, jamiyatga kirib borishi va o‘z irodasini (ixtiyoriy yoki majburiy) o‘tkaza olish darajasi bilan o‘lchanadi. Rivojlanayotgan davlatlarga xos bo‘lgan mo‘rt siyosiy tizimlar, siyosiy va jamiyat aktorlari o‘rtasidagi zaif rishtalar mana shu institutlashish jarayoni chala va qiyshiq bo‘lganidan. Siyosiy institutlashish g‘oya va institutlarning importini emas, vaqt va tadrijiy sotsial injineriyani taqozo etadi.
  • Legitimatsiya. Siyosiy barqarorlik uchun institutlashishning o‘zi yetarli emas. Aksariyat rivojlanayotgan davlatlarda katta byurokratik apparat va kuchli maxsus xizmatlar mavjud, lekin aholi orasida bu hukumatlarning «obro‘si» past. Ishlaydigan siyosiy sistema nafaqat institutlar orqali o‘z qarorlarini jamiyatga o‘tkaza olishi kerak, balki bu qarorlar aholi tomonidan «haqli, adolatli» deb qaralishiga erishishi kerak.

4) Samuel Huntington (1968) fikricha, faqatgina an’anaviy va rivojlangan davlatlargina barqaror bo‘ladi; endi modernizatsiyalashayotgan qolgan barcha davlatlar beqarorlikka moyil bo‘ladi, chunki rivojlanayotgan mamlakatlardagi jadal iqtisodiy, siyosiy va madaniy o‘zgarishlar jamiyatdagi status-kvoni izdan chiqarishi mumkin.

1950-yildan hozirgacha modernizatsiyalashayotgan davlatlarning siyosiy evolyusiyasiga ixtiloflar, g‘alayonlar, avtokratlarning ko‘p yillik hukmronligi, mamlakatni xarobaga aylantirgan iqtisodiy va ijtimoiy qarorlar, poraxo‘rlik, huquq va erkinliklarning cheklanishi, isrofgarchilikka olib kelgan sifatsiz byurokratik apparat, obro‘siz sudlar, qo‘g‘irchoq partiyalar xos edi. Huntington fikricha, bunday tanazzulning sababi jamiyatdagi siyosiy institutlarning taraqqiyoti iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotdan orqada qolib ketishidadir.

O‘zbek siyosiy partiyalari oldida turgan vazifalar mana shu yuqorida sanab o‘tilgan omillardan kelib chiqadi. Lekin hozirgi o‘zbek partiyalari bu vazifalarning uddasidan chiqishga qodir emas.

2. O‘zbek partiyaviy tizimining hozirgi ahvoli

O‘zbekistonda qiziq va qaltis vaziyat shakllangan. «Tepadagilar» yangicha yashash tarzini taklif qilolmayapti, «pastdagilar» eskicha yashashni xohlamayapti. O‘zbek partiyalari ham shu muammoning bir qismiga aylangan, partiyaviy tizim chuqur tanazzulda. Vakillik instituti real vakolatlarga ega emas, barcha muhim qarorlarni ijroiya hokimiyat qabul qiladi. Hokimiyatlar bo‘linishi tamoyili ham ishlamaydi.

Partiyalar o‘zining asosiy – vakillik vazifasini bajarmayapti. Jamiyatning iqtisodiy va ijtimoy strukturasi o‘zgargan, lekin partiyalar bu o‘zgarishlar ketidan yetolmagani uchun jamiyatning talablariga javob berolmayapti. Siyosiy partiyalar elektoratning ehtiyojlariga tayanmaydi, uning manfaatini aks etmaydi.

Image result for кетмонов
Illyustrativ surat.

Partiyalar axborot makonida deyarli faoliyat yuritmasligi ham vakillik inqirozini chuqurlashtirmoqda. Partiyalarning mafkuraviy qarashlari palapartish va mavhum bo‘lib, dasturiy hujjatlarida aniq oriyentirlar ko‘rsatilmagan.

O‘zbekistonda muxolif partiya yo‘q, davlat ro‘yxatidan o‘tgan va parlamentga kirgan beshala partiyaga ham aholi hukumatning bir qismi sifatida qaraydi.

Malakali kadr va moliyalashtirish manbalari tanqisligi ham partiyalarning mustaqil siyosat olib borish imkoniyatini cheklaydi.

Fuqarolarning saylov va partiyaviy siyosatga qiziqishi pasaygan. Partiyalarning noqobilligi sharoitida aholi butun umidini barcha qarorlarning real muallifi va tashabbuskori bo‘lmish ijroiya hokimiyatdan ko‘radi.

Bularning barchasi oxirgi 28 yilda olib borilayotgan ijroiya hokimiyatni kuchaytirishga, siyosiy tizimda yagona markazni yaratishga qaratilgan xatti-harakatlarning mantiqiy natijasidir.

Tizimda siyosatning yagona markazi bo‘lgani bir tomondan tizimni boshqarishni osonlashtiradi, lekin ikkinchi tomondan samaradorlikni kamaytiradi. Siyosiy raqobatning yo‘qligi kadr va g‘oyalar tanqisligiga olib kelmoqda. Hozirgi shakldagi o‘zbek partiyaviy tizimi taraqqiyot va modernizatsiyalashish uchun kerak bo‘lgan ichki imkoniyatlarga ega emas, bu o‘z navbatda davlat va jamiyatning zamon tahdidlariga munosib javob berish qobiliyatini savol ostiga qo‘ymoqda.

Illyustrativ surat.

1990-yillarning oxiri – 2000-yillarning boshida shakllangan amaldagi partiyaviy tizimga Prezident devoni tomonidan qo‘yilgan asosiy talab barqarorlikni ta’minlash bo‘lgan. Ushbu maqsad amalga oshdi, barqarorlik ta’minlandi. Lekin bu tizim taraqqiyotni ta’minlay olmaydi, hozir vujudga kelayotgan tahdidlarga munosib javob berolmaydi.

Modenizatsiyalashish, erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida hukumatning ba’zi qarorlari jamiyatda nazorat qilib bo‘lmaydigan beqarorliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, joriy yilda O‘zbekistonda energiya resurslariga narxlarni jiddiy oshirish rejalashtirilgan. Shavkat Mirziyoyev yaqinda Senatning yalpi majlisida elektr energiyasi narxlarini oshirish va ularni bozor darajasiga yetkazish energetika sohasiga sarmoyalarni jalb qilishning yagona chorasi ekanini aytgan.

Xuddi shunday chora Armanistonda 2018-yil iyunida «baxmal inqilobi»ni boshlab bergan edi. Ya’ni, qaysi qaror ertaga qanday oqibatlarga olib kelishini hech kim bilmaydi. Raqobatga ko‘nikmagan hozirgi siyosiy partiyalar mana shunday notinch davrlarda o‘zining asosiy funksiyalarini, «ijtimoiy amortizator» rolini eplay olmasligi mumkin.

Shuningdek, aholining kattagina qismi partiyalar rastasida aks etilmagan. Ya’ni, partiyaviy-siyosiy tizim o‘zbek jamiyatining ijtimoiy strukturasiga mos emas. Shu «chetlatilgan» guruhlar (masalan, musulmonlar) bir vaqtning o‘zida siyosiy hayotda faol ishtirok etishni talab qilgudek bo‘lsa va partiyaviy tizim ularni o‘z vaqtida hazm qilolmasa, bu yangi (va ehtimol beqarorlikni keltirib chiqaruvchi) siyosiy kuchlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ushbu kuchlar hukumat bilan «kelishishga moyil» bo‘lmasligi ham mumkin.

3. O‘zbek siyosiy partiyalarining islohiga doir ba’zi mulohazalar

Partiyalar 2019-yil dekabridagi saylovga endi-endi harakat boshlaganini hisobga olsak, bu elektoral siklda yangilik kutmasa ham bo‘ladi, ma’nili islohatlar uchun vaqt qolmadi (va siyosiy iroda sezilmayapti). Lekin 2024-yildagi parlament saylovigacha davlatchilik barqarorligini ta’minlaydigan, ijtimoiy ixtiloflarni madaniy yo‘l bilan hal qilishga imkon beradigan qobil partiyaviy tizim tashkil topishi shart. Ungacha partiyalar o‘zining asosiy vazifasi – vakillikni bajara oladigan darajaga yetishi kerak.

Keyingi besh yilda Prezident administratsiyasidagi mansabdorlar va siyosiy partiyalar quyidagi trend va tahdidlar haqida o‘ylab ko‘rishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi:

  • Butun dunyoda pastki darajadagi (grasroot level) jamoat harakatlarining institutsiyalashish trendi ketmoqda. Bir qator mamlakatlarda fuqarolar uyushmasi sifatida boshlangan harakatlardan hosil bo‘lgan partiyalar hukumatga keldi. Bu trend ayniqsa Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
  • Xitoy va Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan neokolonial loyihalari (ba’zi tahlilchilar «Bir makon, bir yo‘l» ham Xitoyning imperialistik ambitsiyalarining bir qismi deb hisoblaydi) mavjudligini hisobga olsak, milliy qonunchilikdagi milliy ruhdagi partiyalar tuzishga taqiqni qayta ko‘rib chiqish kerak.
  • Dindor qatlam kabi yangi ijtimoiy guruhlar paydo bo‘layotganini, ular o‘z haq-huquqlarini tobora faol talab qilayotganini hisobga olsak, jamiyatda din va sekulyarizm munosabatini jiddiy muhokama qilish kerak. Balki diniy ruhdagi partiyalar tuzishga taqiqni ham qayta ko‘rib chiqish kerakdir. Din sahnaga qaytmoqda, dindorlashish jarayoni (radikallashish bilan adashtirmaslik kerak) ayniqsa O‘zbekiston bir qismi bo‘lmish islom olamida shiddat bilan ketmoqda.
  • Hech qaysi partiya «orzu qilingan kelajak» haqidagi tasavvurga ega emas. Partiyalar O‘zbekiston 30 yil, 50 yildan keyin qanday bo‘lishi mumkinligi haqida tasavvurlarni ishlab chiqishi kerak.
  • Davlat va mahalliy hokimiyat tizimida vakillik lavozimlariga real vakolat beruvchi islohotlar zarur.
  • Prezident administratsiyasi tomonidan partiyalar ustidan kuratorlikni asta-sekin olib tashlash ham o‘zbek partiyaviy tizimini jonlantirishga hissa qo‘shadi.
  • Partiyalar institutsional xotiraning eng maqbul tashuvchisidir. Hukmron elita o‘zgarganda, siyosiy ustuvorliklar ham 180 darajaga o‘zgarib ketishi har doim ham yaxshilikka olib kelmaydi. Sotsial injineriya, state va nation-building jarayonlari muayyan barqarorlik va davomiylikni, vaqtni talab etadi. Butun millatning taqdirini hukmron shaxslarga emas, partiyalarga bog‘lash mana shu izchillikni ta’minlashi mumkin.

Qobil, o‘z dasturlarini real voqelikka mos ishlab chiqqan va bir-biri bilan bahsga kirisha oladigan siyosiy partiyalar aslida o‘zbek jamiyati uchun yot amaliyot emas. 20-asrning boshida va oxirida jamiyat uchun muhim bo‘lgan “yo hayot, yo mamot” masalalarini qizg‘in muhokama qilgan “Sho‘roi islom”, “Sho‘roi ulamo” va qolgan boshqa partiyalarni eslashning o‘zi kifoya.

Maqola avval UzAnalytics tahliliy portalida chiqqan va tahririyatning ruxsati bilan qayta chop etilmoqa.