O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) Intizom va odob-axloq qo‘mitasi «Ittifoq-Buxoro» jamoasi bosh murabbiyi Sherzod Sattorovni bir umrga futboldan chetlashtirgan. Chetlatish sababi sifatida uning kelishilgan o‘yinlar va totalizatorda qatnashgani aytilgan.

Unga sherik sifatida ko‘rilgan «Zarangari» futbol klubi rahbari Furqat Toirov esa 1 yilga futboldan chetlatilgan va 20 million so‘m jarimaga tortilgan. Agar keyingi tekshiruvlarda uning ham kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi aniqlansa, jazo o‘zgartiriladi.

Buxoro viloyatidagi maktablardan birida jismoniy tarbiya fanidan dars ham beradigan Sherzod Sattorov O‘FA va O‘zPFLning ayrim xodimlarini haqorat qilgan, ularga jiddiy tuhmatlar yog‘dirgan (audioyozuvlari bor).

Aslida nima bo‘lgan?

  • «Zarangari» futbol klubi rahbari Furqat Toirovning O‘zbekiston professional futbol ligasiga taqdim etgan xati asosida O‘FA maxsus inspeksiyasi surishtiruv o‘tkazgan.
  • Xatda «Zarangari» klubining besh futbolchisi kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani gumon qilinayotgani aytilgan. Keyinroq klub rahbariyatining o‘zi g‘irromga yo‘l ochib bergani va bu ishga unamagan futbolchilarni tuhmat orqali jamoadan chetlashtirmoqchi bo‘lgani aniqlangan.
  • Furqat Toirov «Zarangari»da moliyaviy muammolar borligini ro‘kach qilib, futbolchilarga jamoaning barcha ishlariga Sherzod Sattorov javobgar bo‘lishini aytgan (Sherzod Sattorov «Ittifoq-Buxoro» klubi bosh murabbiyi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan).
  • «Zarangari» futbolchilari Furqat Toirovdan hozirgi kungacha bo‘lgan moliyaviy hisobotni talab qilishganda qing‘ir ishlarning misi chiqib qolgan.
  • Sherzod Sattorov oylikdan tashqari pul ishlash niyatida bo‘lgan futbolchilarni totalizatorda qatnashishga undagan.

O‘zbek futbolidagi afvlar

O‘zbek futbolida chetlatish holatlari birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q, hatto chetlatilganlar qaytib ham kelgan.

Masalan, 2017-yil 16-dekabrda «O‘FF va O‘zPFL hamda ularning rasmiylari sha’niga nisbatan noto‘g‘ri fikrlar bildirgan» Vadim Abramov noma’lum muddatga futboldan chetlatilgan edi. 2018-yil 25-iyunda, ya’ni 7 oydan keyin Abramovga professional faoliyatini davom ettirish uchun ruxsat berilgan.

2018-yilda O‘FA birinchi vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan Umid Ahmadjonov yoshini kichraytirgan bir guruh futbolchilarni avval futboldan chetlatib, keyin hayit arafasida afv etgan.

Chetlatilib qaytganlar orasida eng shov-shuvlisi Samvel Babayan bilan bog‘liq. «Paxtakor» klubida futbolchilarning shartnomasi bilan bog‘liq hujjatlarga noqonuniy o‘zgartirishlar kiritgan Babayan 2018-yil 15-yanvarda futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan umrbod chetlashtirilgandi. U 2019-yil 26-fevralda (qariyb bir yil o‘tib) Toshkentning «Lokomotiv» klubi prezidentining maslahatchisi etib tayinlangan.

O‘FF 2018-yil 25-yanvarda O‘FAga (O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga) aylantirilgan edi. Samvel Babayan umrbod futboldan chetlatilishi haqidagi qaror chiqqanidan 10 kun o‘tib, ya’ni 2018-yil 1-fevralda O‘FA ijroiya qo‘mitasi Babayanning diskvalifikatsiyasini olib tashlagan.

Demak, O‘FF avvaliga ommaning e’tiroziga sabab bo‘lgan shaxsni futboldan umrbod chetlatish haqida qaror chiqargan. So‘ng 10 kun o‘tib, omma e’tiborini o‘ziga qaratgan va O‘FA bo‘lib olgan. 5 kundan keyin esa O‘FF chiqargan qarorni O‘FA imi-jimida bekor qilgan.