Garchi qishloqda o‘tgan bolaligi, ToshDU jurnalistika fakultetidagi tahsili, Sovet armiyasi safidagi xizmatlarida o‘xshashlik bo‘lsa-da o‘tgan asrning saksoninchi yillarida adabiyot maydoniga kirib kelgan o‘zbek shoirlarining taqdiri turlicha kechdi... Bugun Xurshid Davron – O‘zbekiston xalq shoiri, tarixchi, ko‘p mamlakatlarda chop etilgan yigirmadan ziyod kitob muallifi, dramaturg, Turkiya, Ozarbayjon, Latviya, Yaponiya va Rossiya shoirlari asarlarining tarjimoni va nihoyat yangi o‘zbek adabiyoti bilimdoni. «Fergana News» muxbiri Sanjar Yanishevga shoir kitobga muhabbat uni qanday qilib tarix qa’riga tortib ketgani, o‘z ildizlarini izlash qadimgi mutafakkir so‘fiylar haqida yozishga turtki bergani; eng mashhur rus romanining o‘zbekcha talqini, Markaziy Osiyo va Lotin Amerikasining yashirin rishtalari haqida gurung berdi.

– Xurshid aka, siz o‘z temperamentingizni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?

– Yunon-rim gumoral nazariyasiga ko‘ra men sangvinikman, ya’ni qaynoqqonman. Aniqroq aytganda meni yuragim boshqaradi. Sharqona tushunchaga ko‘ra kishining mizoji, ya’ni temperamenti u tug‘ilgan joynikiga o‘xshar ekan. Mening misolimda aytsak – keskin kontinental. Xudo mening Turkistonimni barcha yil fasllari bilan siylagan. Aynan shu bois, shu zamin farzandi bo‘lganim uchun ba’zan qish kabi sovuq va andishali yoki yozday otashin, kuz singari o‘ychan, yolg‘izlikni sevuvchi va nihoyat bahorday o‘zgaruvchan, goho haddan ziyod ta’sirchan va xayolparastdirman.

Xurshid Davron xolasining qo‘lida, 1953-yil.

Mening temperamentimni yana nima belgilaydi? Tomirimda oqayotgan ming yillik turk-nayman qoni. Bu erkinlikni yaxshi ko‘radigan, bo‘ysunishga toqatsiz qondir.

Mening uchun eng asosiysi «men kimman?» emas, «nima uchun yashayapman?» degan savoldir. Birinchisi bo‘yicha hammasi aniq, unga allaqachon javob topganman, ikkinchisiga esa har kuni javob izlayman. Negaki, qadimgi rim adibi Apuley «Metamorfoza» asarida yozganidek, «inson qayerda tug‘ilganiga emas, uning xulqi qandayligiga; qayerda emas, qanday prinsiplar bilan yashamoqchi ekaniga qarash kerak».

– Qanday fazilatlaringiz bilan faxrlanasiz, qanday qusurlardan qutulishni xohlaysiz?

– O‘zim mamnun bo‘lgan birinchi jihat – hammaga yaxshilik sog‘inishimdir. Bu xislat ota-onamdan, ko‘proq otamdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Yaxshi odammisiz, yomonmisiz, buni eng tez bolalar ilg‘aydi. Yoshligimizda jo‘ralarimning bolalari meni o‘z tengdoshlariday ko‘rishardi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, o‘sha yillar shoir do‘stlarim bolajonligimga yarasha bir laqab bilan ham “taqdirlashgan” edi. (kuladi).

Ikkinchi xislat – mutolaaga muhabbat. Jahon tarixi, yapon she’riyati, Lotin Amerikasi nasri... «Qaqnus» degan beshinchi kitobim chiqqanda bir tanqidchi «Qaqnusning qog‘oz qanotlari» nomli maqolasida meni hozirgi hayotni bilmaslikda ayblagan edi, uning yozishicha, mening deyarli barcha she’rlarim o‘tmish va kitobga bog‘liq emish. To‘g‘ri, keyinroq maqtovli taqrizlar ham e’lon qilindi...

Qutulishim kerak bo‘lgan qusurlarimga kelsak, ular juda ko‘p. Lekin o‘zbeklar aytganiday «tarki odat – amri mahol». Esingizdami, Mark Tven «Chekishni tashlash juda oson, men yuz marta tashlaganman!» deb mutoyiba qilgan edi. Men esa hozir, shu yoshimda bunga vaqt ketkizmoqchi emasman.

– Xuddi o‘sha Mark Tven «Insonning yomon odatlari bo‘lmaydi, ammo undan ham yomon ishlari bo‘ladi» deb yozgan edi.

– Donishmand oqsoqollar aytganidek «Beayb Parvardigor!».

– Qiziq, ko‘plab o‘zbek shoir va yozuvchilari lotinamerikaliklarni yaxshi ko‘rishlarini aytishgan. Markaziy Osiyo va Lotin Amerikasi o‘rtasida qandaydir sirli rishtalar borga o‘xshaydi. An’analari, mifologiyasi har xil, biroq dunyoni anglashi o‘xshash, shunday emasmi?

– Siz haqsiz. O‘rtamizda cheksiz okean borligiga qaramay ular yozgan asarlarni o‘qiy boshlasangiz qadrdon mavzular qalamga olinganini, hayot va o‘lim bir xil idrok qilinganini ko‘rasiz. Mayya sivilizatsiyasining yozma yodgorliklaridagi ayrim so‘zlarning tomiri qadimgi turk tiliga borib taqalishini hisobga olsak (yoshligimizda biz buni bilmaganmiz), diyorlarimiz o‘rtasida ma’naviy rishtalar ham borligiga amin bo‘lamiz. Masalan, o‘sha yodgorliklarda “Kun” quyosh, qo‘l.

O‘qituvchi xolasi Subuhoy aya bilan.

Sizga bir voqeani aytib beraman, menimcha uning savolingizga aloqasi bor.

Men ancha yillar «Yosh gvardiya» nashriyotida ishlaganman. Nashriyotning bosmaxonadagi vakili – chopar sifatida ish boshlab, 1985-yili bo‘lim mudiri bo‘lganman. Imkoniyat paydo bo‘lganidan foydalanib nashriyotning tematik rejasi tuzilayotganda birinchi galda unga o‘zim sevgan asarlar: Antuan de Sent-Ekzyuperining «Kichkina shahzoda» va «Tungi parvoz» qissalarini, Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita» romanini kiritdim. Ekzyuperi qissalarini tarjima qilish uchun Xayriddin Sultonov va Ahmad A’zamga berdim. Bulgakov romanini tarjima qilishni taniqli tarjimon Qodir Mirmuhammedovdan iltimos qildim. Fransuz klassigi bilan muammo bo‘lmadi, Bulgakov bilan esa muammo boshlandi...

O‘sha yillari respublika nashriyotlarining barcha tematik rejalari Moskvada SSSR Davlat matbuot qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanar edi. O‘zbek yoshlar nashriyoti Bulgakovning romanini rejaga kiritganidan xabar topgan matbuotqo‘m rahbarlari xavotirga tushib qoldi. Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Marat Shishigin Toshkentga uchib keldi. Meni va «Yosh gvardiya» direktorini «po‘stagimizni qoqish uchun» chaqirishdi. Shishigin o‘zbek o‘quvchilari Bulgakovni tushunmaydi, xristian mifologiyasiga asoslangani bois «Usta va Margarita» romanini anglash juda qiyin deya gap boshladi. Shundan so‘ng o‘zimizning mahalliy rahbarlar – O‘zSSR Davlat matbuot qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruben Safarovdan tortib nashriyotimiz direktorigacha menga o‘qrayib moskvalik amaldorning gaplarini to‘tiqushday takrorlay boshlashdi.

Biroq bu vaqtga kelib gorbachyovcha qayta qurish davri boshlangan, biz, yangi avlod vakillari, partiya nomenklaturasi bilan qanday tortishish kerakligini allaqachon o‘rganib olgan edik. Men «O‘ris o‘quvchisi “Usta va Margarita”ni tushunmasligi mumkin, lekin o‘zbek o‘quvchisining hayotiy va badiiy idroki mifologiyaga asoslangan» dedim. Roman allaqachon tarjima qilinganini, taniqli adib Temir Po‘latov unga so‘zboshi yozganini aytdim...

Mening barcha dalilu isbotlarim ularning qulog‘iga kirmadi albatta. Biroq ochiqchasiga taqiqlashga ular endi qo‘rqishardi, ularning o‘ylashicha romanni nashr etishdan mening o‘zim bosh tortishim kerak edi. Oxir-oqibatda yangi zamon, yangicha tafakkur, taqiqqa rozi bo‘lmagan va o‘z ideallarini himoya qilgan yangi insonning sharofati bilan tarjima nashr etiladigan bo‘ldi.

– Ota-onangiz kim bo‘lishgan?

– Otam Davron Hasanov turkiylarning nayman urug‘idan edi. Qishlog‘imizdagi ilk maktabni u qurgan, pedagogik ma’lumoti bo‘lmasa ham unga direktorlik qilgan – 1930-yillarning boshlarida bunday holatlar ko‘p uchrar edi. Otamning qo‘liga igna bilan «UKP» deb yozilgan edi, bu “Uzbekskiy kavaleriyskiy polk” («O‘zbek otliq polki») degani ekan. Otam nimagadir o‘zining harbiy hayoti haqida gapirishni yoqtirmasdi. Faqat uning mashhur o‘zbek sarkardasi Mirkomil Mirsharopov qo‘mondon bo‘lgan polkda xizmat qilganini bilaman. Sovet davrida Samarqandda unga yodgorlik o‘rnatishgan, ammo keyinchalik negadir olib tashlashgan (Mirsharopov boshchiligidagi O‘OP 1931 – 1932-yillari Samarqand atroflarida bosmachilarga qarshi kurashgan – «Farg‘ona» izohi). Men Germaniyadagi sovet qo‘shinlari safida harbiy xizmatni o‘tayotganimda otam vafot etgan. Shuning uchun uni so‘nggi yo‘lga kuzata olmaganimdan haligacha armon qilaman.

Ota-onasi, 1937-yil.

Onamning ismi: Fuzallo Vafoxo‘jayeva. Uning kattaotasi Hikmat maxdum Junaydullayev Samarqand uyezdi Angor volosti boshqaruvchisi bo‘lgan. Ya’ni u o‘ris poshshosi xizmatida bo‘lgan. Biroq mahalliy oxranka (maxfiy politsiya tashkiloti)ning volost boshqaruvchisi xalq qo‘zg‘oloni rahbari Namoz Pirimqulovga yashirincha yordam berayotgani haqidagi ma’lumotnomasi saqlanib qolgan.

Hikmat maxdumning o‘g‘li, ya’ni onamning otasi va mening kattaotam – Vafoxo‘ja maxdum Sankt-Peterburgda o‘qigan. Samarqand O‘zbekiston SSRning poytaxti bo‘lganda bobom 1926-yili tuzilgan «Qizil qalam» ijodiy birlashmasining kotibi bo‘lgan. Birlashmaga Shokir Sulayman rahbarlik qilgan, guruh ishida Otajon Hoshim, Botu, Ziyo Said, Sotti Husayn, Anqaboy, Oltoy kabi adabiyotchilar, Hamid Olimjon, Mirtemir, Oydin singari o‘sha paytdagi universitet talabalari ishtirok etishgan.

Bir kuni mening bobom bilan Samarqand universitetining talabasi, bo‘lg‘usi mashhur shoir Mirtemirga ijtimoiy topshiriq berishadi: O‘zbekiston MIQ prezidiumining birinchi raisi Yo‘ldosh Oxunboboyevga yangi, kirill alifbosini o‘rgatishni topshirishadi. Eski maktabda o‘qigan Oxunboboyev faqat arabcha yozuvda o‘qib-yozishni bilar ekan.

Qatag‘on boshlanganda Vafoxo‘ja maxdumni «Qizil qalam» guruhi a’zosi sifatida milliy harakatda ishtirok etganlikda ayblab qamoqqa olishadi. Turmada u og‘ir kasallikka chalingach uyiga javob berishadi. Ozodlikda u bir necha oygina yashaydi...

Germaniyada harbiy xizmatda, 1972-yil.

Oilada biz to‘rt aka-uka va ikki opa-singil edik. To‘ng‘ich Hamza akam 80 yoshdan oshdilar, 70 yoshga yetgan Shuhrat akam bir umr Samarqandda me’morlik faoliyati bilan shug‘ullangan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan me’mor unvoni bilan taqdirlangan. Butun umr fizika o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan Oysara opam ikki yil burun vafot etdi. Singlim Gulbahor hozirgacha kollejda dars beradi.

– Necha yoshingizdan o‘z shajarangiz bilan qiziqa boshlagansiz? Nima turtki bo‘lgan?

– Ota-bobolarim haqida men onamning hikoyalari orqali bilaman. Uning xotirasi kuchli edi. Bolaligimdayoq men yetti ota-bobomning nomini bilar edim, lekin o‘shanda onam tez-tez takrorlaydigan «Biz – Maxdumi A’zamning avlodimiz» degan so‘zlarning ma’nosini to‘liq anglamaganman. U paytlari onamning aytganlari bizga ertakday tuyulardi.

Maxdumi A’zam ulug‘ so‘fiy shayx bo‘lganini keyinroq, shunday narsalar haqida o‘qish va yozish mumkin bo‘lgan gorbachyovcha qayta qurish davrida bilganman.

O‘sha yillari men so‘fizm haqida nasriy triptix (uchlik) yozishni o‘yladim. Uning birinchi qismi so‘fizm va O‘rtaosiyodagi hakimiya, kubroviya, xojagon-naqshbandiya, yassaviya kabi tariqatlarning paydo bo‘lish tarixiga bag‘ishlandi. Qissani «Shahidlar shohi yoki Najmiddin Kubro tushlari» deb nomladim. Bu qissa Toshkentda ikki marta nashr etildi. So‘fizm falsafasining mohiyati, so‘fizmdagi yetti maqom haqidagi ikkinchi qismni endi yoza boshlagandim. Bu qissa «Shayx Fariduddin Attorning yetti xotirasi» deb ataladi. Uchinchi qism buyuk so‘fiylar hayotiga bag‘ishlanishi kerak edi. Xomaki nomi – «Jaloliddin Rumiyning oxirgi kuni». Qissa yozilmay qolib ketdi...

Aytish kerakki, Sovet ittifoqi tarqab ketgach adabiyotda inqiroz boshlandi. Kunlardan bir kuni meni nashriyotdagi ishimdan bo‘shatishdi: noshirlikka aloqador bir yuqori martabali amaldorning qing‘ir ishlarida qatnashishni xohlamadim.

Bo‘shashimdan oldin, 1989-yili, bir kuni ishxonamga Xo‘janddan bir kishi meni izlab keldi. Xo‘jand u paytlari Leninobod deb atalardi. U odam o‘zini Ilyosxon G‘oziy deb tanishtirdi. U stolga qalin papkani qo‘yib: «Men Maxdumi A’zam haqida kitob yozib sizga olib keldim, uning nashr etilishini xohlayman», – dedi. Maxdumi A’zam nomini eshitishim bilan onamning hikoyalarini esladim. Lekin u «Men tojik maktabida o‘qiganman, ammo bu tazkirani o‘zbek tilida yozdim. Shuning uchun qo‘lyozmamni biron-bir o‘zbek olimi yo yozuvchisi o‘qib chiqishini xohladim. Shu desangiz, bir kuni tushimda bir mo‘ysafidni ko‘rdim; u menga Toshkentga borib sizni izlab topishimni buyurdi» degach hayratim yanada oshdi.

– Aql bovar qilmaydigan voqea! So‘fiylarning karomatlariga o‘xshaydi... O‘sha qo‘lyozma kitob bo‘lib chiqdimi?

– Meni ishdan bo‘shatishgach Ilyosxonning qo‘lyozmasini xususiy nashriyotlardan biriga olib bordim. Biroq uning rahbari kutilmaganda kitobning «hammuallifi» bo‘lgisi kelib qoldi; oxir-oqibat Ilyosxon asarini olib ketib qoldi. Mendan ham ranjidi. Qo‘lyozmasining keyingi taqdiri haqida hech nima bilmayman (ushbu suhbat e’lon qilingach Ilyosxon G‘oziyning risolasi o‘sha men topshirgan nashriyotda 1994-yilda e’lon qilinganidan xabar topdim. Mana manba: Ilyosxon G‘oziy. Naqshbandiy tariqatining buyuk siymosi – Mahdumi A’zam. (G‘ayiblar xiylidan yongan chiroqlar. Muallif-tuzuvchi Z. Jo‘rayev). Toshkent,. O‘zbekiston.1994, 269 bet).

Ishdan bo‘shaganimdan so‘ng uyda o‘tirdim. Oilamni boqish uchun hech narsam yo‘q edi. Pul topish uchun kutubxonamdagi noyob kitoblarimni sotmoqchi bo‘ldim. Ammo bu ish ham qo‘limdan kelmadi, sotishga yordam bermoqchi bo‘lgan bir kitobfurushga ishonuvdim, biroq u kitoblarimni olgach dom-daraksiz yo‘qoldi.

Keyinroq men Samarqandda Maxdumi A’zamning avlodlaridan bo‘lgan yana bir kishi – olim Komilxon Kattayev bilan tanishdim. Komilxon nafaqat imom Dahbediy(Maxdumi A’zam)ning biografiyasi, balki barcha kitoblarining ham haqiqiy bilimdoni ekan.

– Siz Imomi A’zam bilan qondoshlik mas’uliyatini his qilasizmi?

– Albatta. Lekin o‘zimni buyuk so‘fiyning ma’naviy merosining bilimdoni deb hisoblamayman. Vorislik rishtasi allaqachon uzilgan. Nazariy bilimlar qolgan, sirli yoxud tilsimli kitoblar qolgan, ammo ularni hech kim anglash darajasida o‘qiy olmaydi. So‘fizmning hozirgi izdoshlarining hamma yig‘inlari – adabiy yig‘inga o‘xshash soxta ilmiy davralar xolos.

– «Maxdum» taxallusining ma’nosi – muallim, rahbar degani. Shayx Maxdumi A’zam – shoh va shoir Boburning, shayboniy sultonlar, xususan Ubaydiy taxallusi bilan yetuk va juda turkona ruhdagi she’rlar yozgan Ubaydulloxonning ma’naviy ustozi. Sizning ham shunday ustozingiz bo‘lganmi?

– Yuzma-yuz ko‘rishmagan (deylik shogirdidan ancha yillar oldin yashab o‘tgan) ustozni bizda «uvaysiy ustoz» deyishadi. Buyuk shoir Oybek men uchun shunday uvaysiy ustozdir. Men ba’zan o‘ylab qolaman: u ozod mamlakatda tug‘ilganida edi, erkin jamiyatda yashaganida edi, xohlaganiday yoza olganida edi – dunyoga mashhur shoir bo‘lar edi. Uning yoshligida yozgan she’rlarida men keyinchalik Garsia Lorka, Rilke ijodida namoyon bo‘lgan motiv va an’analarni ko‘raman... Oybek Giyom Apollinerni bilmagan, o‘qimagan ham, lekin uning dastlabki she’rlarida ushbu buyuk fransuz shoirining she’rlari bilan juda ko‘p o‘xshashliklarni topganman. O‘ttiz yillar avval bu haqda maqola yozib, ikkita misol keltirganman. Oybek shunday yozadi:

Oltin quyosh nuridan,

Yaproqlar sururidan

To‘qilgan xotiralar

Ketmas mangu men bilan...

Bu satrlar yodimga Garsia Lorkaning ushbu misralarini tushiradi:

Teraklar ham g‘oyib bo‘lar,

ko‘lda qolar oydin izlar.

Teraklar ham g‘oyib bo‘lar,

ammo shamol qolar bizga.

(Ispanchadan Shavkat Rahmon tarjimasi).

Oybekning uy-muzeyida.

Men bu yerda tuyg‘uning yaqinligini nazarda tutayapman. Garchi fikrlar go‘yo bir-biridan ancha uzoqda bo‘lib ko‘rinsa-da, ularda yashirin og‘riq – tuyg‘u hamohang.

Yoki Oybekning «Kech kuzda» she’ri:

Havo bulut... shamollar yana yig‘laydi sekin,

Bo‘sh dalalar ko‘ksida alam mudrab yotadi.

Eshagiga yuk ortib, bir bola oldin-ketin

Ufqlar-la o‘pishgan yo‘lda ketib boradi.

Ushbu satrlarni o‘qib men darhol XX asr boshida fransuz she’riyatining yangi oqimiga asos solgan ulug‘ shoir Apollinerning «Kuz» she’rini esladim:

Tuman oralab borar, balchiqqa botib borar,

Oyog‘i qiyshiq dehqon ho‘kizini yetaklab.

Qishloqlar xarobasi tumanlarga ko‘milgan.

Dehqon g‘amgin qo‘shiqni sekingina ming‘irlar.

Sodiq sevgi haqida g‘amgin qo‘shiqni kuylar,

Kuylar hijron, ma’yus qalb va xiyonat haqida...

Oybekning rostakam buyuk she’rlari juda kam. Chunki qatag‘onning sovuq nafasi yuzga urilib turgan sharoitda ko‘pchilik qatori undayam qo‘rquv (masalan, millatchilik yoki mayda burjuaziyaga xos fikrlashda ayblanish qo‘rquvi) paydo bo‘ladi, farzandlari haqi o‘z jonini saqlashga intilish instinkti ishga tushadi. Natijada nuqul «ijtimoiy foydali» matnlar paydo bo‘ladi. Biroq jahon she’riyatining durdonalari bo‘lgan she’rlari oz bo‘lsa-da, ayni mana shu bir hovuch she’r Oybekning asl iste’dodi nechog‘li teran bo‘lganini ko‘rsatib turadi.

– Tarixni yaxshi ko‘rishingizning sababi nima?

– Qisqacha aytsam – Samarqandga mehrim tufayli tarixni yaxshi ko‘raman. Bir she’rimda «Vatan ham odamdek oladi nafas, Vatan ham yoningda qadam tashlaydi» deb yozganman. Qayerda bo‘lsam ham, hamisha Samarqand men bilan. Har on uning nafasini his qilaman. Samarqandda butun Turkistonning, uning tamadduniy doirasida, ta’sirida yashagan barcha xalqlarning tarixi mujassam. Shaharda Toshkandi, Qo‘qoni, Andijoni nomli dahalar, tevaragida Buxoroqishloq, Turkmanqishloq, Urganji, Hazora, Naymanqishloq, Arabxona kabi qishloqlar nomlarini uchratish mumkin...

Islomda uchta asosiy ilmiy yo‘nalish bor: ilmi kalom – Qur’on ilmi, ilmi hadis – payg‘ambarning hikmatli gaplari haqidagi ilm, ilmi fiqh – islom qonun-qoidalari haqidagi ilm. Mazkur yo‘nalishlarning uch buyuk vakili, olimlar Moturidiy, Buxoriy va Marg‘iloniy muqaddas Samarqand tuprog‘iga dafn etilgan. Bobur o‘zining benazir «Boburnoma» kitobida shu haqda yozgan. Aytganday, tarixga muhabbatimning yana bir manbasi shu – «Boburnoma». Men Bobur haqida, ushbu buyuk shoirning hayoti va ijodi haqida «Samarqand xayoli» degan qissa, «Sog‘inch yoxud Boburshoh» degan pesa, ko‘plab maqola va esselar yozganman.

– Shoirligingizni qachon anglagansiz?

– O‘n to‘rt yoshimda bo‘lsa kerak. Aslida bu yoshda she’riyat nimaligini umuman bilmaganman. Lekin men sevib qolgan edim... Har kuni nimqorongi xonaga qamalib olib qog‘oz qoralardim. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov she’rlarini pichirlab aytib zavqlanardim. Fikru zikrim she’riyatda bo‘lib qolgan edi. Yoshligimda Alloh iste’dod bilan siylagan kishi shoir deb hisoblar edim. Bugun she’riyat men uchun ushbu iste’dod bilan fidoyi ko‘ngil uyg‘unligidir. Nikolay Zabolotskiyning bir she’ri yodingizdadir:

Aslo tinim bilmasin yurak,

O‘g‘irda suv tuymaslik uchun.

Yurak mehnat qilmog‘i kerak

Kecha-kunduz, kecha-yu kunduz!...

Xudo bergan iste’dod – uchqun, qattiq mehnat qilmasangiz u tezda o‘chib qoladi.

– O‘z she’riy uslubingizga qanday ta’rif berasiz?

– She’rda men uchun eng muhimi – tuyg‘u. Hamma narsa, siz aytgan «she’riy uslub» ham unga xizmat qilishi kerak. Qayta qurish yillari O‘zbekistonda yozilgan she’rlar (boshqa ittifoqdosh respublikalarda bo‘lgani singari) haddan ziyod g‘oyaviylashgan, siyosiylashgan edi. She’r emas, ona tilini himoya qilishga chaqirilgan, vatan tarixidagi ayrim voqealardan ko‘z yumishga, «paxta ishi» figurantlariga qarshi qaratilgan manifestlar, xitoblar yozildi... Bizning fikrlarimiz, kechinmalarimiz davr ruhiga monand edi.

Aynan o‘shanda men daf’atan siyosiylashgan muhit meni shoir sifatida mahv etayotganini tushunib yetdim. Bunga qarshi chora sifatida asosiy motivi insoniy tuyg‘ular bo‘lgan qadimgi yapon she’riyatini tarjima qila boshladim. «Dengiz yaproqlari» antologiyasini chiqardim.

– Bu biron-bir she’rdagi obrazmi?

– Bu mening qadimgi yapon she’riyati va madaniyati haqidagi tasavvurim. To‘rt tarafini dengiz o‘rab turgan Yaponiya tiramada jo‘shqin ranglar dengiziga aylanadi. Momidzi-gari mavsumi kirganda yaponlar zarangning qizil yaproqlaridan bahra olish uchun yo‘lga chiqishadi. Darvoqe, bizda ham shunday, «Xazon sayri» deb atalgan bayram bo‘lgan. Bobur o‘z esdaliklarida bu bayramni bir necha marta tilga olgan.

...Oxirgi she’rlarimda anduh ko‘p. Negaligini o‘zim bilaman. Bu haqida sevimli shoirim Nikolay Zabolotskiy shunday yozgan:

Donishmand Sulaymon aytgani kabi

Ko‘p bilmoq qayg‘udir, g‘amdir behisob.

Men-ku ko‘p bilmasman, ammo ne uchun

Dunyo deb, inson deb chekaman azob.

– Xurshid aka, Zabolotskiy va Oybekdan boshqa yana kimlarni o‘qishni yoqtirasiz?

– Yoshligimda kun bo‘yi Alisher Navoiy kutubxonasidan chiqmasdim; deyarli butun jahon she’riyatini o‘qib chiqqanman. Uyimdagi kutubxonam ham ancha boy. Klassik shoirlarni qayta-qayta o‘qishni yoqtiraman – ular odamga yangi mashhur shoirlardan ko‘ra ko‘proq kuch beradi. Masalan, Akutagava va Kavabata kabi adabiyot samuraylarini yaxshi ko‘raman, amerikalashgan yapon Murakamini esa unchalik yoqtirmayman. Gabriel Garsia Markes, Stefan Sveyg, Tomas Mann, Borxes, Tornton Uaylder asarlarini takror-takror o‘qiyman. Yosh Akutagava o‘z kundaligiga shoir nasrni, yozuvchi esa she’riyatni ko‘proq o‘qishi kerak deb to‘g‘ri yozgan. Albatta, turkiy she’riyatni ham o‘qiyman. Ozarbayjon, turk, o‘zbek she’riyatini qadrlayman. «Xurshid Davron kutubxonasi» saytini boshqarganim uchun o‘zimizning yosh shoirlarimizni ham ko‘p o‘qiyman, saytimizda birinchi bo‘lib yosh shoirlarimizning she’rlarini e’lon qilaman.

– O‘zbekiston adabiyotidagi bugungi vaziyatni qanday ta’riflaysiz – u yuksalish davrini boshdan kechirayaptimi, turg‘unlik davrinimi, boyiyaptimi yo boy berayaptimi?..

– Men bugungi kunda adabiyotimizda kuchli jonlanishni kuzatayapman. Jontemir, Mirzohid Muzaffar, Rafiq Saydullo singari iste’dodli yoshlar paydo bo‘lmoqda. Iste’dodli shoiralarimiz ham kam emas. Ancha oldin sezganman, ayol shoirlar she’riyatga yonib, porlab kirib kelishadi. Lekin keyinroq oila, turmush, tirikchilik tashvishlariga o‘ralashib qolishadi. Sanoqlilarigina adabiyot maydonida qoladi. Shunday bo‘lgan, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Aytish mumkinki, o‘zbek adabiyoti boshidagi eng katta balo – turmush tashvishlari (kuladi). Yosh shoir va yozuvchilarning hammasi markazga, ya’ni Toshkentga intiladi. Biroq boshqa barcha poytaxtlar singari Toshkent ham ularni e’tiborsizlik, loqaydlik bilan kutib oladi. Halovatsizlik, sarsongarchilik iste’dodlarni tom ma’noda o‘ldiradi. Endi, internet paydo bo‘lgach, poytaxtga kelish shart emasday. Lekin viloyatlarda adabiy muhit yo‘q. Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limlari ijodiy tashkilot sifatida emas, joylardagi hokimiyatlarning bir bo‘limi kabi ishlamoqda...

Nevaralari bilan.

Internet hammaning qurbi yetadigan matohga aylangach undagi adabiyot maydoni grafomanlarga to‘lib ketdi. Ammo, ehtimol, eng katta baxtsizligimiz oxirgi yigirma besh yil ichida adabiyotimizda haqiqiy adabiy tanqid yo‘qolib ketganidir. Qolgan tanqidchilarimiz esa tirik klassiklarimizni maqtash bilan shug‘ullanishmoqda, ayniqsa oshnalarini, rahbarlik lavozimidagi yozuvchilarni...

– Xurshid aka, tasavvur qiling, sizda ma’naviy ustozingizga (deylik, shoir Oybekka) bitta savol berish imkoniyati tug‘ildi. Siz undan nima haqida so‘ragan bo‘lardingiz?

– Men «Siz hech nimani o‘zgartirmasdan hayotingizni yana bir marta yashashni xohlarmidingiz?» deb so‘ragan bo‘lardim.

– Siz o‘zingiz bu savolga qanday javob berishingizni biladigandayman...

– The rest is silence («Keyin esa jimlik, sukunat». Shekspirning «Hamlet» dramasidagi Hamletning so‘nggi so‘zlari. – «Farg‘ona» izohi).

Rus tilidan Hasan Karvonli tarjimasi