Londonning Klepem tumanidagi o‘z bog‘ida quyoshda toblanib yotgan erkak yoniga samolyotdan odam jasadi qulab tushgan. Baxtli tasodif bilan omon qolgan erkakning qo‘shnisi politsiyaga qarsillagan ovozni eshitganidan so‘ng qo‘shni hovli tomonga qaragani va devorlarga sachragan qonga ko‘zi tushganini bildirgan.

Jasad dam olayotgan uy sohibidan atigi bir metr nariga kelib urilgan.

Foto: The Sun

Chaqiruvga binoan zudlik bilan yetib kelgan politsiya keyinroq jasadning Keniyadan parvoz qilib, Londondagi Hitrou aeroportiga qo‘nayotgan samolyotning shassi bo‘lmasidan tushganini aniqlagan.

Ayni vaqtda jasadning shaxsi aniqlanmagan bo‘lsa-da, marhum Kenya Airways aviakompaniyasiga tegishli samolyot orqali chiptasiz Londonga kelishga uringani taxmin qilinmoqda.

Hodisadan keyin samolyot ko‘zdan kechirilgan va chiptasiz yo‘lovchi shassi bo‘lmasida 9 soat yashirinib, Londonga qadar yetib kelgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, u yashiringan joydan suv va ovqat ham topilgan.

Klepem / PA MEDIA

«Avvaliga men uni bog‘da uxlayapti deb o‘yladim. Kiyimlari, hamma narsasi bor edi. Biroq yaxshilab razm solgandan so‘ng hovli devorlariga qon sachraganini ko‘rdim. Uning boshi g‘alati qayrilib qolgan edi. Shundan keyin uning osmondan qulab tushganini bildim», – hikoya qiladi qo‘shni erkak.

"Men Hitrou aeroporti vakillari bilan gaplashib ko‘rdim. Ularning aytishicha, bunday voqea taxminan har besh yilda bir bo‘lib turar ekan", – davom etadi u.

Foto: BBC

Chipta sotib olmay, shassi bo‘lmasida yashirincha uchish noodatiy holat emas.

Lekin manzilga omon-eson yetib olingan taqdirda ham sovuq havo va kislorod yetishmasligi inson tanasida og‘ir asoratlar qoldiradi.

2015-yilda Londondagi binolardan birining tomidan odam jasadi topilgan. Keyinroq uning JARdan kelgan samolyotdan qulab tushgani oydinlashgan. Bir vaqtning o‘zida aeroportda ham ana shunday murda topilgan.

2012-yil avgust oyida Keyptaundan Londonga kelgan samolyotning shassi bo‘lmasida erkak jasadiga duch kelingan.

O‘sha yilning sentyabr oyida esa Angoladan Londonga uchgan samolyotning shassi bo‘lmasidan 26 yoshli Joze Matada qulab tushgan va halok bo‘lgan. Angoladan Londonga parvoz 12 soat davom etgan.

Parvozning aksar qismi davomida bo‘lmadagi havo harorati 60 daraja sovuq bo‘ladi.