23 avgust kuni Juma namozidan so‘ng Toshkent shahridagi Malika savdo majmuasida ichki ishlar xodimlari soqolli erkaklarni tutib olib ketgan. Voqea guvohlarining aytishicha, ularni Shayxontohur tumanidagi 4 chi sonli ichki ishlar bo‘limiga olib borishgan va majburan soqollarini olishgan. IIV holat yuzasidan dushanba kuni izoh berishini bildirdi.

"Savdo qilish uchun Malikaga borgandim. Ichki ishlar xodimlari tutib olib ketishdi. 4 - GOM (ichki ishlar bo‘limi)ning tashqarisida taxminan 20 nafar soqolli odam turgandi. Ichkarida ikkinchi qavatda yana 30 ga yaqin odamni ko‘rdim. Hammaning ma’lumotlarini yozib, rasmga tushirib, soqolini olib qo‘yib yuborishayotgan edi", deydi Jamoliddin Muhammad.

Jamoliddin ichki ishlar xodimlaridan izoh olishga harakat qilgan, biroq unga qo‘pol muomalada bo‘lgan organ xodimlarini o‘zlarini tanishtirishni ham istamagan.

Uning aytishicha, Murod deb tanishtirgan "ekspert" soqolni oldirishga qarshi bo‘lganlar bilan suhbat qilgan.

U soqolli yigitlardan uni nima maqsadda qo‘ygani bilan qiziqgan.

"Qonunlarda "soqol o‘stirish mumkin emas", degan yeri bo‘lsa ko‘rsating, unga so‘zsiz itoat qilaman, dedim. Lekin ular bunday qonun yo hujjat ko‘rsatishmadi. Endi ham rozi bo‘lmaganim sababli," "organ hodimining qonuniy talabini bajarmaslik" deya so‘zini davom etayotgan kishi, "soqolni oldirib, keyin qayoqqa xohlasangiz o‘sha yoqqa shikoyat qilishingiz mumkin", dedi. Orada gaplar ko‘p bo‘ldi, alam qilgani, soqolimni oldirib ham asr namozi vaqti chiqib ketayotganini aytsam ham sababini aytmasdan ushlab turishdi", deydi Jamoliddin Muhammad.

Uning aytishicha, soqolini olayotgan sartarosh yigit bu ishni o‘z xohishi bilan qilmayotgani, shunga majbur bo‘layotganini aytgan.

"Uni tushundim. Soqolimni olayotganlarida mazah qilib "sochini ham olib tashla" dedi eshik oldida turgan bir kishi. Orada "ekspert" bilan suhbatlashdik, u kishi ham asr namozini men bilan masjidda o‘qidi. Kun botib bo‘lgan edi. Bo‘lib o‘tgan ishga Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi oydinlik kiritishini talab qilaman", deb yozdi Jamoliddin Muhammad Facebookda.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati holatni o‘rganib, dushanba kuni izoh berishini ma’lum qildi.

"Siz aytgan masalani ko‘rdim, o‘rgandik. Bir, ikki kunning ichida saytda munosabat bildiramiz. Hozir men sizga hammasini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deyolmayman. Topshiriq berdim, o‘rganib dushanba kuni saytda munosabat bildiramiz", deydi IIV matbuot kotibi Qutbiddin Burxonov.