Qo‘qonda ro‘zador o‘quvchilar yugurtirilganini maktab rahbariyati inkor etmoqda, o‘quvchilar va ularning ota-onalari hodisa haqiqatan ham sodir etilganini aytmoqda. Avvalroq Qo‘qon shahridagi 8-maktab direktori darsdan so‘ng ro‘za tutgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini issiq havoda maktab hovlisida yugurtirgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarni junbushga keltirgan edi.

Hodisa bo‘yicha Minbar jurnalistiga mutasaddilar boshqacha, o‘quvchilar va ularning ota-onalari boshqacha ko‘rsatma bermoqda.Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Inomjon Rasulovning aytishicha, 8-maktab direktori ro‘za tutgan o‘quvchilarni issiqda maktab stadionida yugurtirmagan. O‘quvchilarni sog‘lomlashtirish maqsadida odatdagi sport musobaqalari tashkil etilgan. “Darsdan so‘ng o‘quvchilar sportning xohlagan turi bilan shug‘ullanishi mumkin, shu sababli o‘sha kuni ham o‘quvchilar stadionda ixtiyoriy ravishda yugurgan”, – deydi Inomjon Rasulov.

Darslari tugab uyga qaytayotgan bolalar jurnalistga haqiqatan ham ro‘za tutgani uchun maktab direktori 3-sinf o‘quvchilarini stadionda yugurtirganini aytishdi.

– Biz 6-sinfda o‘qiymiz, – dedi bir guruh bolalar, – ro‘za tutayapmiz, ammo direktorimiz bizni yugurtirmadi. Lekin har kuni ro‘za tutmasligimiz kerakligini, hali kichkinaligimizni, katta bo‘lganimizdan so‘ng ro‘za tutishimiz mumkinligini aytishadi. O‘sha kuni 3-sinf o‘quvchilari stadionda yugurtirildi.

"Ular ro‘za tutgani uchun yugurtirilganini qayerdan bildinglar?" degan savolimizga o‘quvchilar: "Ba’zi bolalar salqinda turdi, keyin maktabda o‘quvchilar orasida “direktor ro‘za tutgan o‘quvchilarni yugurtirayapti ekan” degan gap tarqalib ketdi. Biz ham ro‘za tutganimizni yashirdik", – deyishdi.

Ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan 3-sinf o‘quvchilaridan birining onasi ham o‘sha kungi voqealarni gapirib berdi:

– Qizim maktabdan yig‘lab keldi. Juda qo‘rqib ketdim. Sababini so‘rasam, “Direktorimiz ro‘za tutganlarni stadionda yugurtirdi. U “Kim ro‘za tutdi?” deb so‘radi. Biz sinfdoshlarim bilan “Men”, “Men” deb qo‘l ko‘tardik. Keyin bizni stadionga olib chiqib yugurtirdi” deb aytdi. Albatta, direktorning bu ishidan jahlim chiqdi. Nega o‘quvchilarni qiynaydi? Ro‘za tutish ta’lim-tarbiya sifatiga yomon ta’sir qilmaydi-ku? Bolam ro‘za tutgan bo‘lsa ham uy vazifalarini vaqtida bajarib, darsda yaxshi javob berayapti-ku?! Bolani qiynash shartmi?! Mayli, ro‘mol o‘ramasin deyishdi, katta qizlarimiz ham maktab eshigigacha ro‘mol o‘rab borib, darvoza oldida ro‘molni yechib, keyin darsga kirishayapti.

8-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbocari Iqboljon Obidovning ma’lum qilishicha, maktabda 912 nafar o‘quvchi o‘qiyapti. 3–4-sinf o‘quvchilari ikkinchi smenada o‘qiydi.

– Bundan ikki-uch kun oldin maktab hamshirasi yuqori sinfda o‘qiydigan o‘quvchilardan biri mazasi qochib qolgani uchun direktordan uyiga ketishga ruxsat so‘radi. Shunda direktorimiz u qizga: “Hali kichkinasan, nima qilasan ro‘za tutib, katta bo‘lsang ro‘za tutishga va boshqa ibodatlarga ulgurasan” deb nasihat qilib turgandi. Shunda o‘quvchilardan birining onasi kelib qoldi. Ana shu ayol bu narsani ijtimoiy tarmoqlarda tarqatvorgan bo‘lishi mumkin, – dedi Iqboljon Obidov.

Maktab direktori Feruza Tojiboyeva o‘zi ham ro‘zador ekani, ro‘za tutayotgan yuqori sinf o‘quvchilariga hech qanday e’tirozi yo‘qligi, ammo boshlang‘ich sinflarda ro‘za tutish mumkin emasligini aytdi.

– O‘quvchilarimizning ko‘pi kamqon. Shuning uchun ularga ba’zi tavsiyalarni beraman, ammo ro‘za tutganlarni stadionda yugurtirganim yo‘q, – dedi Feruza Tojiboyeva.

Ayni paytda 8-maktabda yuz bergani aytilayotgan holatni Qo‘qon shahar prokuraturasi xodimlari o‘rganmoqda.

– Hozircha bir nima deyolmaymiz, – dedi Qo‘qon shahar prokuraturasining ismi ochiqlanishini istamagan xodimi, – surishtiruv yakunlangach, albatta bu haqda OAV orqali aholini xabardor qilamiz.

Unga ko‘ra, Qo‘qon shahar prokuraturasi voqeani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar asosida o‘rganayapti. Yuz bergan holat yuzasidan hozircha hech bir ota-ona prokuraturaga murojaat qilmagan.