Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10–11-sinf o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tugatildi. Bu O‘zbekiston Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.

“Farmon bilan Xalq ta’limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinf o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tugatish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi”, deyiladi XTV axborot xizmati xabarida.

Maktablarning 10–11-sinf o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tugatilishi hisobiga bo‘shaydigan mablag‘lar professional ta’lim tizimini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.