Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahridagi maktablardan birida muallim uyga vazifalarni bajarmagan o‘quvchiga qo‘pol muomalada bo‘lgan video tarqalib ketdi.

Maktabda yoki universitetda bunday nojo‘ya harakatlarni videoga olish qo‘liga erk berishni yaxshi ko‘radiganlarni ozgina bo‘lsa ham tiyib turadi. Aslida o‘quvchilar maktabda telefon ishlatishi mumkinmi?

Ta’lim muassasasida telefondan foydalanish o‘quv jarayoniga xalaqit beradi, ta’lim sifatini tushiradi, o‘qituvchi va o‘quvchini darsdan chalg‘itadi. Sinfdagi telefon global muammoga aylanib bo‘lgan. Masalan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning saylovoldi kampaniyasining va’dalaridan biri maktabda telefonlardan foydalanishni taqiqlash bo‘lgan. Natijada 2018-yilda Fransiya maktablarida telefondan foydalanish ham o‘qituvchilarga, ham o‘quvchilarga taqiqlangan. Rossiya ham yaqin kunlarda shunday choralarni ko‘rmoqchi.

O‘zbekiston 2012-yildayoq maktabda telefondan foydalanishni taqiqlagan. Lekin bizda qonunlar unchalik ishlamagani uchun minglab muallimlar hamon ota-onalarga dars vaqtida bolangizga qo‘ng‘iroq qilmang deb yalinib yurishadi. O‘quvchilar va talabalar hamon dars payti yoki o‘quv binosida bemalol telefondan foydalanishmoqda.

1Avvalo, telefon bolaning o‘ziga zarar

  • Amerikalik olimlar maktab o‘quvchilarining telefonga qanchalik mukkasidan ketishganini ilmiy jihatdan o‘rganishgan. Tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilar har 10 daqiqada qo‘liga telefonini oladi.
  • Mobil telefondan nurlanish o‘sayotgan organizm uchun xavfli hisoblanadi. Nurlanish odam organizmiga turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Telefonlarning elektromagnitli nurlanishlari xotirani susaytiradi, arterial qon bosimining oshishi va uyqusizlikka sabab bo‘ladi.
  • Nurlanish butun organizmga ta’sir qiladi, lekin markaziy asab tizimi, immunitet va bosh miya eng ko‘p aziyat chekadi. Tadqiqotchilarning xulosasiga ko‘ra, mobil apparatdan chiqadigan elektromagnitli nurlanish odam organizmidagi to‘qimalarda irsiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Shunday o‘zgarishlardan biri saraton kasalligidir. Telefondan uzoq muddat davomida foydalanish bosh miya saratoniga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
  • Shved professori Leyf Selfordning fikriga ko‘ra, hozirgi avlod o‘smirlari mobil telefondan foydalanishi sababli erta qariy boshlaydi.
  • Bolalarning quloqchinda soatlab musiqa tinglashi eshitish qobiliyatining susayishiga olib keladi. Olimlarning hisoblashicha, kuniga 3 soat quloqchinda musiqa tinglash 5 yildan keyin eshitish qobiliyatini 30 foizga tushirib yuboradi.

2Maktabda telefondan foydalanish qoidalari

O‘quv binosida telefondan foydalanish taqiqlanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2012-yildagi “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan.

  • Ta’lim muassasasiga kirib kelishda har bir ta’lim oluvchi, xodim (o‘qituvchilar ham!), keluvchi va boshqa shaxslar o‘z telefonini to‘liq o‘chirib qo‘yishi (yoki ovozsiz rejimga o‘tkazishi) shart.
  • O‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin telefonni o‘chirib qo‘yish yoki telefonni portfel, sumka va shu kabilarga solib qo‘yish shart.

Ta’lim oluvchilarga quyidagilar qat’iyan taqiqlanadi:

  • telefonini bo‘yniga osib olish, ko‘krak cho‘ntaklarida, shim, yubkalar cho‘ntaklarida va shu kabilarda saqlash;
  • telefonni sinfxonada zaryadlash;
  • telefoni yordamida atrofdagilarga zo‘ravonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targ‘ib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilish;
  • ta’lim muassasasining nufuziga, shu jumladan, zo‘ravonlik va vandalizm holatlarini suratga olish va keyinchalik ularni atrofdagilarga namoyish etish yo‘li bilan zarar yetkazish;
  • o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida telefonda gaplashish va SMS (MMS) yo boshqa xabarlarni jo‘natish;
  • telefonni stol ustiga qo‘yish;
  • musiqa, shu jumladan, quloqchinlar orqali tinglash;
  • telefonda o‘yin o‘ynash, rasm va video ko‘rish;
  • diktofon, kalkulyator, kalendar, bloknot, yondaftarcha kabilar sifatida foydalanish;
  • suratga va videotasvirga tushirish;
  • telefon (GPRS, Bluetooth, internet va shu kabilar) orqali boshqa xizmatlardan foydalanish.

Ta’lim muassasasining o‘qituvchilari va boshqa xodimlari ham o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida telefondan foydalanish huquqiga ega emas. Darsdan tashqari vaqtda ta’lim oluvchilarning telefondan foydalanishini imkoni boricha cheklashlari shart.

3Telefonni ishlatganlar uchun jazolar

  • ogohlantirish;
  • ularning kundalik daftariga yozib qo‘yish;
  • ota-onalarini (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni) xabardor qilish yoki tushuntirish uchun ta’lim muassasasiga chaqirish.

Nizom talablarini buzgan talabalarga nisbatan oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalariga muvofiq choralar ko‘riladi.

Nizom talablari buzilgan taqdirda ta’lim muassasasining har qanday pedagog xodimi ta’lim oluvchidan telefonni olib qo‘yish, nizomni buzganligi to‘g‘risida bildirishnoma rasmiylashtirish va uni telefon bilan birga ta’lim muassasasining (fakultetning) direktoriga (dekaniga) yoki direktor (dekan) o‘rinbosariga, keyinchalik uni ota-onalarga (kuratorga) berish, nizom talablari buzilgani haqida ogohlantirish huquqiga ega.

Nizom talablarining buzilishi ta’lim muassasasida (fakultetda) tuziladigan direktor (dekan) rahbarligidagi komissiya tomonidan, sinf rahbari (kurator), ta’lim oluvchining ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) ishtirokida, shuningdek ota-onalar (talabalar) majlisida muhokama qilinadi.

4Telefon ishlatishga qachon ruxsat beriladi?

O‘quvchilarga mashg‘ulotlar va tadbirlar oralig‘ida faqat asosli va kechiktirib bo‘lmaydigan zarur holatlarda ota-onasi, yaqin qarindoshlari, maktab rahbarlari yoki xodimlari bilan bog‘lanish maqsadida telefondan foydalanishga ruxsat etiladi.

Mashg‘ulotlar va turli tadbirlar oralig‘ida telefon orqali so‘zlashish uchun xonadan yo‘lakka yoki foyega chiqish, past ovozda va qisqa muloqot qilish zarur.

Favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda ta’lim muassasalarida telefondan foydalanish cheklanmaydi.