Xalq ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘qituvchilarga majburiy sotilgan chiptalar haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqqan.

Natijada:

  • Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi;
  • Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati;
  • umumta’lim maktablari direktorlari;
  • konsert dasturi tashkilotchilari shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab pedagog-xodimlarni majburiy ravishda konsertga jalb qilgani aniqlangan.

Jumladan, Qarshi shahri XTB tasarrufidagi 23-maktab direktori v.v.b. va 19-maktab direktori 35 000 so‘mlik har bir chipta sotuvidan 5000 so‘mdan o‘zlariga qolishi borasida konsert tashkilotchisi bilan o‘zaro kelishgan. So‘ngra 100 dona konsert chiptasini o‘qituvchilarga majburan sotishgan.

Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari aralashgach, maktab direktorlari shu kungacha o‘qituvchilarga sotilgan chiptalar pullarini qaytarib berishgan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan:

  • Qarshi shahar XTB mudiri o‘rinbosariga hayfsan berilgan.
  • 23-maktab direktori ishdan ketgan.
  • 19-umumta’lim maktabi direktori 8-maydan buyon kasal bo‘lib yotgani uchun unga nisbatan jazo ko‘rish keyinga qoldirilgan.
  • Ayni paytda Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiriga intizomiy jazo berish masalasi ko‘rilmoqda.

Agar majburiy obuna, chipta sotib olish va shu kabi g‘ayriqonuniy holatlarga duch kelsangiz, XTVning telegramdagi @ustozovozibot nomli botiga yoki prokuraturaga murojaat qiling.