“O‘qituvchi” nashriyoti ikkita tuzilmaga ajratilib, nashriyot nomi ostida ilmiy-uslubiy noshirlik markazi va matbaa uyi tashkil etiladi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) matbuot xizmati xabar berdi.

Noshirlik markazini tashkil etishdan maqsad uzluksiz ta’lim tizimida Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda yangi avlod darsliklarini ishlab chiqishdan iborat.

"Markazda ilm-fan mutaxassislari, yuqori pedagogik tajribaga ega soha vakillari hamda mas’uliyatli muharrirlar, musahhihlar guruhi jamlanadi. Ularga zamon talablariga javob beradigan, innovatsion yangi avlod darsliklarini ishlab chiqishlari uchun barcha zaruriy sharoit va qulayliklar yaratib beriladi", - degan agentlik bosh direktori v.b. Komil Allamjonov.

“O‘qituvchi” noshirlik markazining vazifalari:

  • darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarining sifati va bezatilishini yaxshilash;
  • bu borada zamonaviy jahon tajribalarini joriy etish;
  • darslik loyihalarini tayyorlashda davlat standartlari hamda sanitariya me’yorlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.

Shuningdek, markaz maktab darsliklarini tayyorlash tartibini ham to‘liq qayta ko‘rib chiqadi.

“O‘qituvchi” nashriyoti AOKA tarkibida bo‘lib, ta’lim muassasalariga darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni yetkazib berishda yagona noshir hisoblanadi.