Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy Tiklanish” partiyasi fraksiyasi a’zosi Akmal Umirzakovning yaqinlashib kelayotgan parlament saylovlari oldidan deputatlikka o‘z nomzodini ilgari surish istagini bildirgan blogerlarni haqoratomuz so‘zlar bilan tanqid qilib chiqqani ijtimoiy tarmoqda keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Bi-bi-si O‘zbek xizmati mazkur holat yuzasidan deputat Umirzakov nishonga olgan blogerlarni suhbatga tortdi.

Foto: FACEBOOK / AKMAL UMIRZAKOV

Akmal Umirzakov o‘zining Facebook sahifasida qoldirgan postida jumladan shunday deydi [имло шакли ўзгаришсиз келтирилмоқда – Би-би-си]:

“Deputatlikka nomzod qo‘ysam o‘taman, deb fikrlaydigan keti toza blogeru birovni haqini yeyishdan uyalmaydigan pechkachi va o‘ziga o‘zi “smartgov konsultant” deydiganlar ko‘payib ketti. Qiziq nomzodlarning turlari... Hamma xilidan bor ey... Hattoki, bir “aqlli” Buxorolik nimeymish, deputatlik dasturini yozgandim, deydi. Ahad Qayummi lahad luqummi bu blogger, farqi yo‘q bu masxarabozlarga... Deputat manifest yozadimi hech bir dunyoda. Yana umidim so‘nib boryapti, men g‘alaba qilolmaymanmish. O‘zingcha, 13000 podpischik (shundan yarmi soxta ekkaunt, yarmi allaqachon deleted, bo‘lgan) dunyoni har bir burchagidan yig‘ilib, senga muxlis bo‘lgani ketingni ko‘tardimi deyman. Saylanish uchun kamida bilasanmi qancha saylovchi bo‘lish kerak bir okrugda havasmand nomzod?! O‘tgan saylovda o‘rtacha 165000 edi. Fikr qil, bu raqam sening kanalingdagi obunachiladan kamida o‘n ikki martta ko‘p va kamida shularning yarmi seni yoqlashi kerak."

Akmal Umirzakov “pechkachi”, “smartgov konsultant” va “aqlli buxorolik” tasvirlari orqali mashhur blogerlar Dima Qayum, Nozim Safarov hamda Smartgov Consulting maslahat firmasi ijrochi direktori Aziza Umarovani nazarda tutganiga ishoniladi.

Rishtonlik deputatning fikricha, deputatlik “bu mansab, martaba, rutba emas”.

“Alloh nazar qilmasa, sen o‘zingni “smartgov” bo‘yicha mutaxassis deysanmi, yoki boshqa eshshshaaak bozorga ham dallol bo‘maysan. Parlament sirkka aylanishiga yo‘l qo‘ymaydi bu zaki xalq. Yo‘l qo‘ymasin ham ilohim”, ta’kidlaydi u o‘zining Facebook postida.

Bloger: “Yana bir marta haqorat qilsa, sudga beraman”

Foto: FACEBOOK / DIMA QAYUM

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati Akmal Umirzakovning ushbu so‘zlari yuzasidan munosabat olish maqsadida bloger Dima Qayum bilan bog‘landi.

“Munosabatim salbiy. Ikkalamiz ham bir viloyat, bir tumandanmiz. Saylovda bu kishiga ovoz berganman deputat bo‘lsin, deb. To‘g‘risi ja xafa ham bo‘lganim yo‘q”, deydi rishtonlik tadbirkor-bloger Dima Qayum.

“Aslida sudga berishim kerak. Qonuniy talabimni qo‘yishim kerak, lekin bir yerning odamimiz. Ertaga ko‘z ko‘zga tushadi. Biroq ertaga yana bir marta shunaqa chiqish qilsa, men ilojsiz sudga beraman uni”, davom etadi u.

“Anchadan buyon Dima Qayum deputat bo‘lmoqchi, degan gap yuradi. Nima deb o‘ylaysiz – Akmal Umirzakov siz uning raqobatchisiga aylanishingizni istamagani uchun shunday so‘zlarni yozdimi yoki blogerlarni shunchaki mensimagani uchunmi?” degan savolga suhbatdoshimiz shunday javob qaytardi:

“Bu nafrat, desak oshib ketadiyu, shunchaki g‘ayirlik. U yana o‘z nomzodini qo‘ymoqchi, men ham qo‘ymoqchiman. Meni raqib sifatida ko‘rdi, shekilli. O‘zLiDeP partiyasidan harakat qilyapman. Raqib bo‘laman-da unga”.

Akmal Umirzakovga nisbatan shaxsiy adovati yo‘qligini ta’kidlagan Dima Qayum Rasul Kusherboyev kabi kam sonli deputatlardan boshqa Qonunchilik palatasining ko‘plab a’zolarini xalq bilan samarali muloqotga kirisha olmayotganlikda tanqid qiladi.

“Ko‘p saylovchilar o‘z deputatini tanimaydi, ular nima qilayotganini bilmaydi”.

Shuningdek, u deputatlardan ko‘ra blogerlarning xalqqa ko‘proq foydasi tegayotgani va ular parlamentga kirsa, hech qanday sirk yuzaga kelmasligini bildiradi.

“Sirk deganiga mutlaqo qarshiman. Parlamentga blogerlar borsa, yangi qon borsa, hech qanday sirk bo‘lmaydi. Qaytanga o‘zgarishlar bo‘ladi. Biz deputat bo‘lmasdan turib, xayriyalar qildik. Deputat qilmaydigan ishlarni qildik».

Biroq hozir dilimni siyoh qilib yurmayapman – unga qarshi junbushga kelgan xalq g‘azabi to‘lqini, matbuot reaksiyasi kim kim ekani – hammasini ochiq ko‘rsatib turibdi.

Dima Qayumning so‘zlashicha, agar uning nomzodi saylovga qo‘yilsa va deputatga aylansa, hozirgi qilayotgan ishlaridan o‘n barobar ko‘proq mehnat qiladi.

“Agar partiya rahbarlari qo‘ysa, bordan emas, yo‘qdan bor qilaman. Xalqni rozi qilish, uyma-uy yurish kerak. Deputat degani kostyum-shim kiyib, kresloda o‘tiradigan emas, xalqning og‘irini yengil qiladigan shaxs bo‘lish kerak”, ta’kidlaydi Akmal Umirzakovni birinchi safar kechirganini aytgan bloger.

Foto: FACEBOOK / AZIZA UMAROVA

“Deputatning postini o‘zining kaltabin shaxs ekanini namoyish etuvchi oldindan rejalashtirilgan ahmoqona provokatsiya, deya hisoblayman. Unga nisbatan Parlamentning Axloq bo‘yicha komissiyasi (2015 yildan beri mavjud) tomonidan intizomiy choralar ko‘rilmagani haddan oshish va “alohida deputatlar harakatlariga nisbatan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish” qismiga doir institutsion asos mukammal emas, degan taassurot qoldirmoqda. Boshqa parlamentlarda axloq bo‘yicha komissiya mavjud va uning postida yozilganlar so‘zsiz parlament e’tiboriga tushgan bo‘lar edi. Biroq hozir dilimni siyoh qilib yurmayapman – unga qarshi junbushga kelgan xalq g‘azabi to‘lqini, matbuot reaksiyasi kim kim ekani – hammasini ochiq ko‘rsatib turibdi”, deydi Smartgov Consulting maslahat firmasi ijrochi direktori Aziza Umarova Bi-bi-si O‘zbek xizmatiga.

“Ommaviy g‘azabnoklik deputatni qoralashdan yanada jiddiyroq masalaning muhokamasiga aylanib ketdi: ushbu deputat qanchalik legitim asosda saylangan?” qo‘shimcha qiladi Umarova.

Bloger: “Hech kim Parlament eshiklarini taqillatayotgani yoki tezroq ochinglar, biz kirmoqchimiz, deyotgani yo‘q”.

Akmal Umirzakov nishoniga uchragan yana bir bloger Nozim Safarov deputatning blogerlarga nisbatan “nafrati, tajovuzi va ichi qoraligi”ni hanuz tushuna olmayotganini aytadi.

Foto: FACEBOOK / NOZIM SAFAROV

“Umuman olganda, men deputatlikka hech qachon harakat qilmaganman. Aziza Umarova esa deputatlik da’vosidan ancha oldin voz kechgan. Hech kim Parlament eshiklarini taqillatayotgani yoki tezroq ochinglar, biz kirmoqchimiz, deyotgani yo‘q. Bunday reaksiya sababini men tushuna olmadim”, – deydi u Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan suhbatda.

Bloger “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov shaxsan uchrashishga taklif qilganini ham ma’lum etdi.

“Alisher Qodirovning aytishicha, postni yozayotgan payt Akmal Umirzakov stress holatida bo‘lgan. Lekin men bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqinligini bilmayman. Akmal Umirzakovning ushbu ishi deputatlarning obro‘sini yana bir bor tushirdi, faqat va faqat o‘zlariga zarar qilishdi”, davom etadi Safarov.

Blogerning taxminicha, “Milliy tiklanish” partiyasining o‘z a’zosi so‘zlari munosabati bilan rasmiy bayonot bermagani vaziyatni yanada chigallashtirishi mumkin.

“Rasmiy bayonot bo‘lmasa, odamlarda “Milliy tiklanish” partiyasi Akmal Umirzakovning so‘zlarini qo‘llab-quvvatlaydi, degan qarash yuzaga kelishi mumkin. Negadir partiyaning bayonot bermayotgani o‘zining deputatini himoya qilayotganga o‘xshab qolmoqda”.

Nozim Safarov Parlamentda axloq bo‘yicha komissiya tuzilishi va komissiya Akmal Umirzakovning mazkur harakatiga baho berishi hamda uning keyingi saylovlarda ishtirok eta olishi yoki yo‘qligi borasida jamoatchilikka axborot berishi zarur, deya hisoblaydi.

“Necha kun o‘tdiki, bunday bayonot berilmadi. Bu turli mish-mishlarni yanada urchitadi. Umid qilamanki, ulardan bayonot bo‘ladi va deputatni qoralashadi. Agar qoralashmas, unda blogerlarga nega tashlanganligi tushunarli bo‘p qoladi”, so‘zlaydi Safarov.

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati Akmal Umirzakov posti atrofida ko‘tarilgan holatni kuzatib kelayotgan bloger Aqidaxonim bilan ham suhbatlashdi.

Foto: FACEBOOK / AQIDA HANUM

Aqidaxonim har bir narsaning o‘z chek-chegarasi bo‘lishi va deputatlarning o‘zini saylagan xalqni oyoq uchida ko‘rsatishi chidab bo‘lmas holat ekanini aytadi.

“Deputatni xalq saylagan. U xalqning qiziqishlarini hukumatga yetkazadigan odam. O‘zi ichidan chiqqan xalqni mana bunday qo‘pol tarzda, xuddi, oyoq uchida ko‘rsatishi juda yomon narsa”.

“Bu odam chet elda o‘qib kelgan, tillarni biladi, deyishadi. Lekin ko‘rinib turibdi, o‘qigan boshqa, uqqan boshqa ekan”, so‘zlaydi Akmal Umirzakov ismli deputat borligini shu vaqtga qadar bilmaganini bildirgan bloger.

Atrof-muhitga bee’tibor bo‘lmaganidan O‘zbekiston Ekologik partiyasidan o‘z nomzodini ilgari surish niyatida ekanini ma’lum qilgan Aqidaxonim blogerlarning siyosatga kirishi Akmal Umirzakov yozganidek qo‘rqinchli narsa emasligini ta’kidlaydi.

Bundan tashqari, u Akmal Umirzakovning kechirim so‘rab chiqmasligi ehtimoli katta ekanini ham aytadi.

Deputat Akmal Umirzakov, bundan avvalroq, Toshkent shahri propiskasining erkinlashtirilishiga qarshi bildirgan fikrlari ortidan tanilgan edi. O‘shanda, u propiskaning ochilishi poytaxtda jinoyatchilikning o‘sib ketishiga olib kelishini ta’kidlagandi.

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati Akmal Umirzakovning o‘zi bilan ham bog‘lanishga bir necha bor urindi. Biroq uning Oliy Majlisdagi ish telefoni, deb berilgan raqamga qilingan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.