Oxirgi 10 yilda Turkmanistondan aholining uchdan bir qismi chiqib ketgan. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov ​mamlakatdagi demografik vaziyatga doir tashvishli raqamlar bilan tanishgach, aholini qaytadan ro‘yxatga olishga buyruq berdi.

Ammo vaziyat bilan tanish bir necha manbaning «Ozodlik» radiosining turkman xizmatiga ma’lum qilishicha, yangi tadqiqot ham Turkmaniston demografik buhron domiga tushib qolganini niqoblay olmadi.

Ashxoboddagi bir necha manbaga ko‘ra eng so‘nggi ma’lumotlar «aholi sonining keskin kamayib ketgani va so‘nggi 10 yilda taxminan 2 million kishi mamlakatdan chiqib ketganini ko‘rsatdi».

2008 – 2018-yillarni qamrab oluvchi so‘rov natijasi rasman e’lon qilinmadi. Lekin hisob-kitoblar to‘g‘ri bo‘lsa, mamlakat iqtisodiy imkoniyatlar kamligi, tobora o‘sib borayotgan moliyaviy qiyinchiliklar va shaxsiy erkinlik yo‘qligidan zarar ko‘rmoqda.

Umumiy hisob-kitoblarga qaraganda, Turkmaniston aholisi 2018-yili 5,4 million kishi bo‘lgan. Biroq e’lon qilingan ma’lumotlarga ishonilsa, ushbu raqam uchdan birga qisqarib ketgan bo‘lib chiqayapti.

«Turkmaniston davlat statistika qo‘mitasi yiqqan maxfiy ma’lumotga ko‘ra 2008 – 2018-yillarda 1 879 413 kishi yo doimiy yashash, yo doimiy ishlash uchun chet mamlakatlarga chiqib ketgan», ‒ degan manba.

Manbaning izohicha, ushbu raqam chet ellarda ishlayotgan turkman migrantlarini o‘z ichiga olmaydi.

Statistika bilan bog‘liq bu ma’lumot 2012-yilda o‘tkazilgan, ammo natijasi e’lon qilinmagan umummilliy ro‘yxatga olishga asoslanadi. Uning natijasi prezident Berdimuhamedovga yoqmagan edi. Ammo oradan 6 yil o‘tib o‘tkazilgan hisob-kitob natijasi ham unga ma’qul kelmadi.

Shaffoflik, matbuot erkinligi va mustaqil OAV bo‘lmagandan keyin Turkmanistondagi vaziyatga oid aniq ma’lumot olishning imkoni yo‘q. Ammo keyingi yillarda hokimiyat idoralari mamlakatdan chiqib ketayotgan vatandoshlar oqimini kamaytirishga urinayotgan hollar ko‘zga tashlanmoqda.

Xabarlarga ko‘ra 2017-yili migratsiya idoralari mutasaddilari Turkmanistonning o‘nlab grajdanlarini xalqaro reyslardan tushirib olib qolgan. Ayrim yo‘lovchilarga aviachiptalarga sarflagan xarajatlari qoplab berilgan, biroq nima uchun ortga qaytarilgani xususida hech qanday tushuntirish berilmagan.

2018-yili yoshi 40 dan past bo‘lgan grajdanlarga chet elga chiqishga ruxsat berilmagani xususida ko‘plab shikoyatlar bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Ko‘plab turkmanlar, qarshiliklarga qaramasdan, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya singari mamlakatlarga ketishga harakat qilmoqda. Turkmaniston boy tabiiy resurslarga ega bo‘lishiga qaramay, ishsizlar darajasi yuqoriligi va oziq-ovqat narxi oshib borayotgani sababli qiyin ahvolga tushib qolgan.