Oddiy fuqarolar va yuridik shaxslar ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Adliya vazirligi "O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga shu haqda o‘zgartish va qo‘shimcha kiritishni taklif qilmoqda.

"...25-moddasiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilsin: birinchi qism quyidagi mazmundagi o‘n birinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin: “O‘zlarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar bilan buzilgan deb hisoblovchi jismoniy va yuridik shaxslar”;

27-moddasining birinchi qismi “adliya vaziri” degan so‘zlardan keyin “o‘zlarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar bilan buzilgan deb hisoblovchi jismoniy va yuridik shaxslar, ularning vakolatli vakillari” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin" deyiladi muhokamaga qo‘yilgan xujjatda.

Hozir quyidagilar Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega:

  • Oliy Majlisning palatalari;
  • O‘zbekiston prezidenti;
  • Vazirlar Mahkamasi;
  • Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman);
  • Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi;
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi;
  • Oliy Majlis Senati a’zolari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi;
  • Oliy sud;
  • Bosh prokuror.
Konstitutsiyaviy sudning kamida uch nafar sudyasi tashabbusi bilan ham Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqish uchun masala kiritilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston qonunlarining va Oliy Majlis palatalari qarorlarining, prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.