Qozog‘iston harbiy havo kuchlariga tegishli Mi-8 vertolyoti Qizilo‘rda viloyatida halokatga uchragan. Hodisa ro‘y bergan vaqtda vertolyot bortida 13 nafar odam bo‘lgan.

Vertolyot yerga qulab tushgach, butkul yonib ketgani aytilmoqda. Halokat sababi hozircha aniq emas. Qozog‘iston prezidenti Qosimjo‘mart To‘qayevning ma’lum qilishicha, ekipaj a’zolari halok bo‘lishgan.

Qozog‘iston mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, vertolyot murakkab ob-havo sharoitida qorong‘i paytda o‘tkazilayotgan harbiy mashg‘ulot chog‘ida halokatga uchragan. Mashg‘ulotda 4 ta harbiy vertolyot qatnashgani aytiladi. Halokat sababini o‘rganish maqsadida maxsus komissiya tashkil etilgan.