Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li juma kuni Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev Turk kengashining faxriy rahbari bo‘lganini e’lon qildi.

“Qozog‘istonning birinchi prezidenti va turk dunyosining dono rahnamosi Nursulton Nazarboyev prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning taklifi bilan barcha a’zo davlatlar rahbarlarining yakdil qaroriga ko‘ra Turk kengashining faxriy prezidenti bo‘ldi”, – dedi Mavlut Chovusho‘g‘li "Twitter"da.

Chovusho‘g‘li buni Qozog‘istonning Chimkent shahrida Nursulton Nazarboyev va Qosimjo‘mart To‘qayev bilan uchrashuvidan so‘ng e’lon qilgan.

Turk kengashi deb ataladigan turkiy tilli davlatlar hamkorligi tashkiloti turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2009-yili tashkil etilgan. Tashkilotga Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo. O‘zbekiston va Turkmaniston a’zo emas.

2018-yilning 30-aprelida Turkiya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston tashkilotga qo‘shilish istagini bildirgan.

Dushanba kuni Anqarada tashkilotning bosh kotibi Bog‘dod Amriyev bilan uchrashuvda Turkiya prezidenti O‘zbekiston bu tashkilotga a’zo bo‘lishiga umid qilishini bildirgan hamda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovni tashkilotning kuzda Ozarbayjonda o‘tajak navbatdagi yig‘ilishiga taklif qildi.

Nursulton Nazarboyev, shuningdek, Yevrosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkilotining faxriy raisligiga saylanishi haqida ham mishmishlar tarqalgan. Bu tashkilotni tuzish g‘oyasi undan chiqqanini hisobga olib, Nazarboyevga faxriy raislik berilishi ehtimoldan xoli emas.