Go‘sht nega qimmatlayapti? Aholi ehtiyojiga yarasha go‘sht yetishtirilmayotganidanmi yoki o‘zbeklar ko‘p go‘sht iste’mol qilayotgani tufaylimi?

O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitovning aytgan so‘zlari Internet sotsial tarmoqlarida shu kecha-kunduzda eng muhokamaga sabab bo‘lgan mavzuga aylandi.

“Odamlar hozirgi kunda go‘shtdan emas, tovuqdan ovqat qilishga qiynalayaptiku”, deb yozdi Bi-bi-si mushtariysi Marat Perfect.

“Uni tepadigilardanmas, oddiy xalkdan so‘rasa aytadi, bir oyda bir oila yesa 1 yoki 2 kilo go‘sht yeydi”, deb yozadi Feysbuk foydalanuvchisi Mirzoid Obidov.

“O‘zbekiston dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biridir. Buni butun dunyo biladi. Odamlarni qora qozonlari oylab-yillab go‘sht ko‘rmaydi, tuxum yegan kuni bayram” deb yozadi Jamshid Nosirzoda.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti kungi 70 gramm go‘sht iste’mol qilishni sog‘lom tanovul deya maslahat beradi.

Bu yiliga bir kishi 25 kilogrammdan ortiq go‘sht yeyishi normal deganini anglatadi.

Ammo aholisi 33 milliondan ziyod O‘zbekistonda kishi boshiga 25 kilocha go‘sht to‘g‘ri keladi, bu oylab qora qozoni qaynamaydigan oilalar jon boshiga taqsimlanganida ham.

Xo‘sh, dunyo bo‘ylab go‘sht iste’moli statistikasi qanday?

BMT Oziq-ovqat va dehqonchilik tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 50 yilda butun dunyoda go‘sht iste’mol qilish keskin ko‘paygan.

1960-yillarda Yer yuzida 50 million tonnadan ko‘p go‘sht yeyilgan bo‘lsa, 2017-yili Yer aholisi 330 million tonna go‘sht yegan.

Asosiy sababi Yer aholisining soni ortgani.

1960-yillarda sayyora aholisining soni 3 milliardga yaqin bo‘lgan.

Hozir Yer aholisi soni 7 milliard 700 millionni tashkil etadi.

Dunyo aholisining daromadi ko‘paygan va buning natijasida go‘sht iste’moli ham.

BMT Oziq-ovqat va dehqonchilik tashkilotining 2013-yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Avstraliya dunyodagi eng go‘shtxo‘r mamlakatlar bo‘lganlar.

Ikki mamlakatda ham kishi jon boshiga to‘g‘ri kelagan 1 yilllik go‘sht iste’moli 100 kilogrammdan ortiqni tashkil etgan.

100 kiloning yarmi tovuq go‘shtiga, yarmi mol go‘shtiga to‘g‘ri kelgan.

BMT Oziq-ovqat va dehqonchilik tashkilotining go‘sht iste’moli bo‘yicha tuzgan xaritasida O‘zbekiston qo‘shnilari Qozog‘iston va Turkmanistondan kam go‘sht yeyishi ko‘rsatilgan.

Xaritada O‘zbekiston jon boshiga yiliga 10 va 50 kilo go‘sht to‘g‘ri keladigan mamlakat ekani ko‘rinadi.

O‘zbekistonda oylab go‘sht yemaydigan, yog‘ va un ehsoniga muhtoj oilalar ham ko‘p
Foto: Facebook / Dima Qayum

O‘zbekistonlik mahalliy deputatlardan biri Xolmurod Soriyev O‘zbekistonda go‘sht qimmatlashishiga asosiy sabab chorvachilik rivojlanishiga to‘siqlar mavjudligi deb hisoblaydi:

“Narxning oshishiga bir necha sabablar bor.

1) Yilning o‘ta qurg‘oqchil kelishi va dalalarda dag‘al xashak bo‘lmasligi, somonning qimmatlashuvi;

2) tashkil etilgan chorva fermerlari uchun yaylov ajratib berilgan bo‘lsada, ozuqa yetishtirish uchun yer maydoni ajratib berilmagani;

3) birja degan joyda omuxta yem, shrot, kunjara va kepak kabi yemlar narxining ortib ketishi va yuqorida aytib o‘tilgandek "Birjadagi narx bilan (televizordagi) sotuvdagi (do‘kondagi real narx) narx tafovuti judayam kattaligi;

4) chorvachilikni, xususan bo‘rdoqichilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlarning kamligi yoki yo‘qligi va hokazalar”.