Iyunda Senat raisligiga saylangan Tanzila Norboyeva 22-avgustda Senatda o‘zining ilk yalpi majlisini o‘tkazdi. O‘zbek Senatini boshqarayotgan birinchi ayol sifatida tarixga kirishga ulgurgan Norboyeva bir qator "kichik inqiloblarni" sodir etishga ulgurdi.

Birinchidan, Tanzila Norboyeva eng yopiq bo‘lgan siyosiy institutlardan birini jamoatchilikka yaqinroq qilmoqchi. 21-avgust kuni Norboyeva Senatda bir guruh jurnalist va blogerlar bilan uchrashdi. O‘zini "kattalardek", senatorlardek his qilish imkoni berilgan blogerlarning aytishicha, uchrashuv "do‘stona va samimiy ruhda" o‘tgan.

Ikkinchidan, Senatning yalpi majlisi (bu ham tarixda ilk marotaba) jonli efirda uzatildi. Garchi efir texnik nosozliklar tufayli uzilib qolavergan bo‘lsa-da, bu faktning o‘zi olqishlanarli hol. Kelgusida Senatning qolgan yig‘ilishlari ham shunday o‘tar emish.

Uchinchidan, Tanzila Norboyeva qonunlarning ishlamasligi yoki samarasiz ijro etilishiga sabab bo‘layotgan "havolaki" normalarga kurash e’lon qildi. Uning aytishicha, Senat amalga oshirishning aniq mexanizmi mavjud bo‘lmagan, davlat va jamiyat rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsata olmayotgan umumiy xarakterdagi qonunlarni ma’qullash amaliyotidan to‘liq voz kechishi kerak.

To‘rtinchidan, Senat ayollar huquqini himoyalashga qaratilgan biryo‘la ikki muhim qonunni tasdiqladi.

  • “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun o‘z nomi aytib turganidek asosan gender tenglik haqida. Endilikda qonun hujjatlari gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi, diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi. Rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirayotganda ham ayollarga yetarlicha urg‘u berilishi kerak.
    Qizig‘i shundaki, eng ma’nili va muhim normalaridan biri – agarda qonunchilikka xilof bo‘lsa, ayollarga urf-odat, an’ana va madaniyatga asoslangan yondashuv (masalan, qiz olib qochar) taqiqlangani haqidagi norma so‘nggi tahrirdan tushib qolibdi.
  • “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra endi tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun jabrlanuvchilarga himoya orderi beriladi. Ya’ni, zo‘ravonga (odatda, turmush o‘rtog‘i) jabrlanuvchi (ayoli) bilan bevosita yoki bilvosita aloqada bo‘lishi vaqtincha taqiqlanadi.

Senat shuningdek "tinch atom" to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bu qonun qurilayotgan AES va uning faoliyatiga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Qonunda, masalan, O‘zbekiston hududiga faqat ilgari O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan radioaktiv chiqindilarni olib kirish mumkin deb aytilgan. Demak, Rossiya O‘zbekiston sahrolaridan o‘zining chiqindiqlarini saqlash uchun foydalanishi mumkin degan xavotirlar (shunday mishmishlar ko‘payib ketgan edi!) asossizdir.

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev senatorlarga O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning ahvoli haqida hisobot berdi. U antikorrupsion qonunchilikni qo‘llash amaliyotida uzilishlar borligini tan oldi. Korrupsiyaga qarshi kurash axborot vositalarining erkin va mustaqil faoliyatini taqozo etishini, xalqda korrupsiyaga tolerantsizlikni shakllantirish kerakligi kabi bir qancha raso fikrlar bildirgan o‘rinbosar mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashning ahvoli faqatgina Transparency International tashkilotining fikri bilan chegaralanib qolmasligini ham aytgan.

2018-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston nufuzli Transparency International tashkilotining korrupsiya bo‘yicha reytingida 158-o‘rinni egallagan.

Ikki kun davom etadigan majlis kun tartibiga 20dan ortiq masala kiritilgan.