Prezident maktablariga saralash imtihonlarida javoblarni faqat qalam bilan belgilash talab qilingan edi. Bu talab ota-onalar orasida turli gumonlarga sabab bo‘ldi. Prezident maktablariga qabulni shaffof va adolatli tashkil etishga mas’ul Cambridge Assessment ekmpertlari ushbu gap-so‘zlar bo‘yicha rasman videomurojaat bilan chiqishdi.

Dunyoning aksariyat davlatlaridagi test imtihonlarida javob variantlarini qalam bilan belgilash qat’iy qoida sifatida kiritilgan. Masalan, IELTS, TOEFL kabi sinovlarda ham shu usul qo‘llanadi. Bunga sabablar va asoslar bor. Birinchidan, qalamdan boshqa o‘quv qurollarida test javoblarini belgilash xavotirli bo‘ladi, chunki abituriyent xato qilib qo‘ysa, uni tuzatishga imkoni bo‘lmaydi. Qalamda esa buning uchun imkoniyat taqdim etiladi.

Ikkinchidan, qalamdan boshqa qurollarda belgilangan javoblarni maxsus kompyuter tekshirmaydi va xato hisoblaydi. Test javoblarini tekshirishga ixtisoslashgan dastur faqat qalamda belgilangan javoblarnigina qabul qiladi.

Shuning uchun dunyo standarti bo‘yicha faqat yog‘och qalamda javoblarni belgilash talabi qo‘yilgan. Mexanik qalam (marker) yoki ruchkalardagi javoblar avtomat tarzda xato hisoblanadi.

"AQShda, G‘arbda qalam bilan yozish odatiy hol. Hatto maktablarda ham ruchkadan ko‘ra qalamni ko‘proq ishlatishadi. Shu masalada balki qalamda olishgandir. TOEFL, IELTS hozir kompyuter orqali topshiriladi, qog‘ozda qilingan payt qanaqa ruchka ishlatilganini bilmayman", – deydi "Buyuk kelajak" eksperti Behzod Mamadiyev.

Minbar vaziyatga bungacha ham Cambridge Assessment ekspertlari bilan bog‘langan, ijtimoiy tarmoqlardagi savollar yuzasidan ulardan javob olgan edi:

“Maktab yoshidagi bolalar testlarni yechayotganda xato qilishi mumkin. Yosh bolalar odatda bitta javobni belgilab keyin uning xato ekanini bilib qolgach, javobini o‘zgartirmoqchi bo‘ladi, ammo ruchka ishlatilganda javoblar varag‘idagi javobni to‘g‘rilashning iloji yo‘q. Testlarni tekshiradigan uskuna ruchkada ikkita javob belgilangan javobni inobatga olmaydi. Shu sababli bolalarga oson bo‘lishi uchun ham javoblarni qalamda belgilashni taklif qilganmiz. Bu butun dunyoda qo‘llanadigan tajriba”, – deydi Cambridge Assessment eksperti Grem Beyjes.

“Javob varaqlari imtihon tugashi bilan konvertlarga solinib, xolis kuzatuvchilarning ko‘z o‘ngida muhrlandi, – deydi Cambridge Assessment eksperti Jessika Kop. – Javob varaqlari shu kunning o‘zida Buyuk Britaniyaga olib ketildi. Javoblar Cambridge Assessment tomonidan tekshiriladi va bu jarayonga mahalliy mutaxassislar aralashtirilmaydi. Shunday ekan, javob varaqlarini soxtalashtirish, javoblarni o‘zgartirib qo‘yish haqidagi xavotirlar asossiz”.