Noqulay jurnalistik surishtiruvlari bilan mashhur «Meduza» internet-nashrining jurnalisti Ivan Golunovga politsiya (va ularning orqasida turgan FSB generali) narkotik moddalarni tashlab qo‘yib, qamatib yubormoqchi bo‘ldi. Ivan Golunovning o‘zini yo‘qotib qo‘ymagani va to‘g‘ri harakat qilgani, jamoatchilikning bosimi tufayli politsiyachilarning rejasi chipakka chiqdi. Endi ularning o‘ziga qarshi jinoyat ishi ochilmoqda. Lekin hamma ham taniqli jurnalist emas, jamoatchilik har bitta oddiy odamga doimo ham turib bermaydi.

Golunov voqeasi jamiyatni junbushga keltirdi va milliy ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzularidan biriga aylandi, lekin Ivanning boshiga tushgan kun deyarli barcha postsovet hududidagi har bir mamlakat fuqarosining, xususan, o‘zbekistonliklarning ham boshiga tushishi mumkin.

Avvalroq ichki ishlar xodimlari hujjatlarni tekshirish uchun ko‘chada to‘xtatganda bu vaziyatdan tezroq va iloji boricha talofatlarsiz chiqib ketish yo‘llari haqida yozganmiz.

Uyda tintuv o‘tkazish jarayonida sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan qisqacha maslahatlarni ham keltirganmiz.

Bu gal esa «Komanda 29» huquq himoyachilarining eslatmasini O‘zbekiston sharoitiga moslab e’tiboringizga havola etamiz.

Sizga taqiqlangan nimadir tashlab qo‘yishsa yoki tashlab qo‘ymoqchi bo‘lishsa nima qilish kerakligi haqida mufassal yo‘riqnoma.

1Kimlarga narkotik yoki "Hizbut-tahrir" varaqasini tashlab qo‘yish xavfi bor?

Odatda ommaviy axborot vositalarining e’tibori mashhur kishilar bilan yuz bergan voqealarga qaratilsa-da, aslida ko‘pincha oddiy odamlar o‘zboshimcha «organ xodimlari»ning qurboni bo‘lishadi.

Ularning jamoatchilik qo‘llovisiz kuchishlatar tizimlarning zo‘ravonligidan o‘zlarini himoya qilishi ancha qiyin kechadi.

Nafaqat narkotiklar, balki O‘zbekiston hududida taqiqlangan har xil dori-darmonlar, shuningdek, o‘zlari narkotik modda hisoblanmaydigan, lekin narkotik ishlab chiqarishda foydalaniladigan moddalar – prekursorlar ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qurollar, o‘q-dorilar yoki taqiqlangan adabiyotlar, varaqalarni tashlab qo‘yish ham amaliyotda uchrab turadi. Lekin qurolga kelsak, kamdan-kam hollarda ulardan foydalaniladi, chunki masalan to‘pponchaning qayerdan olinganini aniqlash noma’lum kukunning qayerdan olinganini aniqlashdan ancha oson.

2Qanday tayyor bo‘lish kerak?

O‘zboshimcha organ xodimi bilan to‘qnashuvga tayyor bo‘lishning eng yaxshi usuli – oldindan ishonchli advokat topib qo‘yish, shuningdek, mobil telefoningizga huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarning telefon nomerlari va «Telegram»dagi chatlarini kiritib qo‘yishdir.

Advokat va huquq himoyachilarining kontaktlarini qarindoshlaringiz yoki yaqin tanishlaringizga ham berib qo‘ying.

Agar sizning o‘zingiz huquq himoyachisi yoki jurnalist bo‘lsangiz, agar hokimiyat organlariga ozgina tegib ketadigan biron-bir ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullansangiz oldindan advokat topib qo‘yganingiz ma’qul deb hisoblaydi advokatlar.

Sizga bo‘ladigan tahdidlar sizni himoyachi izlashga majbur qiladi. Ularni qayd etib qo‘yganingiz, ya’ni skrinshot olganingiz, telefon so‘zlashuvlarini yozib olganingiz ma’qul. Advokatlar tahdidlarga e’tiborsiz qaramaslikka va ular haqida bevosita boshlig‘ingizga, hamkasblaringiz va do‘stlaringizga albatta xabar berishga, shuningdek, politsiyaga ariza yozishga chaqiradi. Tahdidlar amalga oshirilgan holatlarda tahdid qilingani haqidagi dalillar ishning rivojida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

3Ushlanayotganda nima qilish kerak?

Amaliyotning ko‘rsatishicha, ushlash va taqiqlangan moddalarni topish jarayoni YPX xodimlari avtomobilni to‘xtatishidan tortib politsiyachilar bilan ko‘chada bevosita to‘qnashuvgacha har xil tarzda kechishi mumkin. Shunga qaramay ushbu holatlarning hammasida quyidagi asosiy qoidalarga rioya qilinishi shart.

Birinchidan, barmoq izlaringiz yoki boshqa izlar qolmasligi uchun sizniki bo‘lmagan narsalarga teginish qat’iyan taqiqlanadi, hatto ular sizning narsalaringiz orasida turgan bo‘lsa ham. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan bevosita aloqada bo‘lishdan ham saqlaning.

ULARNING QO‘LINI QISMANG, YeLKANGIZGA QOQIB QO‘YISHIGA, NARSALARINGIZGA, HATTO PASPORTINGIZGA HAM TEGINIShIGA YO‘L QO‘YMANG.

Mazkur harakatlardan istalgan biri taqiqlangan moddalar izini qoldirish imkonini beradi, bundan esa keyinchalik sizga qarshi dalil sifatida foydalanilishi mumkin.

Ikkinchidan, sizni hibsga olishganda bu haqda iloji boricha ko‘p odamga, birinchi navbatda advokatingizga xabar berganingiz ma’qul. Imkoni bo‘lsa huquq himoyachilariga, qarindoshlarga, tanishlarga telefon qilish kerak, bunga imkon berishmasa iloji boricha o‘tkinchilarning e’tiborini tortishga harakat qiling, chunki keyinchalik ular kuchishlatar organlarning xodimlari sizni zo‘ravonlik bilan qo‘lga olishgani haqida guvohlik berishlari mumkin bo‘ladi.

Uchinchidan, tintuv vaqtida qonunning barcha normalariga rioya qilinishini, shu jumladan guvohlar jalb etilishini talab qiling. Organ xodimlari bilan muloqotingizni audioyozuv yoki videotasvirga tushirish nihoyatda qo‘l kelishi mumkin.

Bundan tashqari ichki ishlar organlari xodimlari sizga ko‘chada murojaat qilsa nafaqat shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatib o‘zlarini tanishtirishlari, balki to‘xtatish sababini ham aytishlari shartligini unutmang. Deylik, qaysidir jinoyatni sodir etgan shaxs qidirilayotgani haqidagi yozma ma’lumot (oriyentirovka) yoki sudning qarori sizni to‘xtatishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

4Ushlangandan keyin nima qilish kerak?

Ushlash vaqtida ham, politsiya avtomobilida yoki uchastkasida ham yuz bergan barcha voqealarni eslab qolish va qayd etib qo‘yish, huquqqa xilof barcha harakatlar va zo‘ravonliklarni dalolatnomalarda iloji boricha aks ettirish kerak. Dalolatnoma yozganda (ham qo‘lda, ham bosma) bo‘sh joy qoldirmaslik lozim, aks holda keyinchalik unga qo‘shimcha qo‘shib qo‘yilishi mumkin. Buning uchun bo‘sh satrlarni chizib chiqqaningiz yoki notariuslar singari «Z» belgisini chizganingiz ma’qul.

Advokat yetib kelgunicha tergov harakatlari o‘tkazishdan butkul bosh tortish ham yomon strategiya emas. Bunda konstitutsiyaga asoslanishingiz va hech qanday hujjatni imzolamasligingiz, shuningdek iloji bo‘lsa hech qanday ekspertizada qatnashmasligingiz mumkin. Bu nafaqat vaqtdan yutish, balki advokatingizga o‘z vakolatlaridan foydalanib va konkret vaziyatdan kelib chiqib sizni himoya qilish yo‘llarini topish imkonini beradi.

Albatta, ular barmoq izingizni yo kiyimingizdan namunani sizdan kuch bilan olishlari, qo‘lingizga kishan urgach sizni xohlagan ko‘ylariga solishlari mumkin. Keyinchalik tergov harakatlarini o‘tkazishda yo‘l qo‘yilgan barcha qoidabuzarliklardan ularning natijalari bo‘yicha bahslashishda foydalanish mumkinligi boshqa gap. Ba’zan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari qancha ko‘p xato qilsa sizga shuncha yaxshi bo‘ladi. Biroq konkret sharoitlardan kelib chiqib har bir ishda tarozining posangisini teng ushlash – advokatning ishi. Mana nima uchun advokatga ishonishingiz va u hamma ishni to‘g‘ri qilishiga amin bo‘lishingiz shunchalik muhim ekan.

Ishning jamoatchilikka oshkor bo‘lishi, jamoatchilikning e’tibori ishning iloji boricha shaffof va adolatli tergov qilinishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun siz bilan sodir bo‘layotgan voqealarga iloji boricha kengroq jamoatchilik etiborini tortishga harakat qiling.