Saudiya Arabistoni, Rossiya va boshqa 35 davlat BMTga Xitoyning Shinjondagi uyg‘urlarga muomalasini qo‘llab-quvvatlab murojaatnoma imzolagan. Bu haqda murojaat xatini ko‘rgan Reuters agentligining muxbirlari xabar bermoqda.

Bu davlatlar ichida O‘zbekiston ham bor-yo‘qligi hozircha noma’lum.

Avvalroq, shu hafta BMT Inson huquqlari kengashidagi 22 davlat Xitoyning Shinjondagi uyg‘urlarga muomalasi tanqid qilingan murojaatnomani imzolagan. Ularning aksariyati G‘arb davlatlari edi, ichida islom olamidan bitta ham vakil bo‘lmagan.

Xitoyni qo‘llab-quvvatlagan endigi xatda 40 mamlakatning BMTdagi elchisi Xitoyning inson huquqlari borasidagi "salmoqli yutuqlarga" erishganini olqishlagan. Ularning aytishicha, Xitoy siyosati natijasida Shinjonga barqarorlik qaytdi va oxirgi uch yilda bitta ham terakt sodir etilmagan.

Saudiya Arabistoni va Rossiyadan tashqari, xatga Afrikaning ko‘pgina davlatlari, Shimoliy Koreya, Venesuela, Kuba, Belarus, Filippin, Suriya, Pokiston, Ummon, Kuvayt, Qatar, BAA va Bahrayn elchilari imzo chekkan.

Birlashgan millatlar ekspertlari va inson haqlari guruhlariga ko‘ra, bir milliondan ortiq uyg‘ur va boshqa musulmonlar mahbuslarga mo‘ljallangan jamloqlarda ushlab turilibdi.

Xitoy uyg‘urlarni terrorizmga qarshi kurash markazlarida qayta tarbiyalayotganini aytib keladi.