Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov “Facebook”dagi sahifasida o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, Qurbon hayiti bayrami arafasida ehtiyojmand oilalarning farzandlari munosib ta’lim olishi uchun ko‘maklashishga chaqirdi.

“Odatda, o‘ziga to‘q oilalar ehson qilish uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qidirib yurishadi. Ana shunday yurtdoshlarimiz imkoni bo‘lsa qo‘ni-qo‘shnilar yoki yoru birodarlarining farzandlari yaxshi ta’lim olishi uchun qo‘shimcha adabiyotlar va o‘quv anjomlari sotib olishga ham yordam bersalar, ular juda xursand bo‘ladilar deb umid qilamiz. Unutmangki, ta’limga sarflangan sarmoya istiqbolga tikilgan eng muhim investitsiyadir”, — deb yozadi Sherzod Shermatov.

Xalq ta’limi vaziri yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan voqeaga ham to‘xtalib o‘tgan. Unda kitob ijarasiga pul topa olmagani uchun Namanganda yashovchi kam ta’minlangan oilaning farzandlariga kitob berilmagani haqida so‘z borgan.

“Yaqinda internetda “Kitob ijarasiga pul topa olmagan o‘quvchiga kitob berilmagan!” nomli sarlavha bilan turli xabarlar tarqatilib, bir oila misolida katta shov-shuv ko‘tarilgandi. Hududiy boshqarmamiz va mahalliy hokimiyat tomonidan ushbu oilani topib yordam ko‘rsatildi, tekinga olishi kerak bo‘lgan kitoblari ham berildi.

Albatta, hozirgi vaqtda shov-shuv ketidan quvish internetda “trend”ga aylanib borayapti. Lekin nazarimizda mana shunaqa holatlarda faqat kimnidir ayblab, yosh qizchaning ko‘z yoshi orqali xayp ko‘tarish muammoga yechim bo‘la olmaydi. Undan ko‘ra yurtdoshlarimizni shu kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining kelajakda muvaffaqiyatga erishishiga imkon boricha yordam qo‘lini cho‘zishga chorlasak yanada ma’qul ish bo‘lardi. Bu quruq shov-shuv ko‘tarib, amalda hech ish qilmaslikdan yaxshiroq. Ijtimoiy tarmoqlarda ana shunday oilalarga ko‘rsatiladigan ko‘mak berish imkoniyatlarini #Yaxshilikka_chorla #Quvonch_ulash xeshteglari bilan yoritib borish ham mumkin. Bu orqali odamlarning ko‘ngliga yaxshilik urug‘larini sochgan bo‘lamiz”, – deydi Sherzod Shermatov.

Foto: Uzedu.uz

Xalq ta’limi vazirining ma’lum qilishicha, namanganlik ehtiyojmand oilaga yordam berish maqsadida bolalarning onasi nomiga plastik karta ochtirilgan. Ushbu oilaga va maktab yoshidagi ikki o‘quvchiga yordam berish istagidagi yurtdoshlarimiz Payme, Click kabi to‘lov tizimlari orqali ushbu plastik kartaga pul o‘tkazishlari mumkin.

Namanganlik muhtoj oilaning farzandlariga xayriya qilmoqchi bo‘lganlar ushbu plastik kartaga pul o‘tkazishlari mumkin.

Sherzod Shermatov o‘zbekistonliklar avtomobillariga “chiroyli” raqam sotib olishga 2018-yili 𝟏𝟐𝟏,𝟕 mlrd, 2019-yilning birinchi yarim yilligida 72,3 mlrd so‘m (bu 2018 yilning shu davriga qaraganda 𝟐,𝟏 barobar kŭp, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 𝟑𝟒,𝟐 mlrd bo‘lgan) sarflashganiga to‘xtalarkan, shubhasiz, bu raqamlar aholining ayrim qatlamlarining turmush darajasi yaxshilanayotgani va ro‘zg‘oridan orttirib, bu kabi hashamat uchun pul sarflashga imkoniyati ko‘payganidan dalolat ekanini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, “chiroyli” raqamlarga sarflangan 121,7 mlrd so‘m ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun 2018-yilda darsliklarni tekin berishga davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘dan deyarli 𝟐𝟎 barobar, o‘tgan yili darsliklar ijarasidan tushgan puldan deyarli 1,4 barobar ko‘p ekaniga e’tibor qaratadi.

“Darsliklarga kelsak. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga d͟a͟r͟s͟l͟i͟k͟ ͟t͟ye͟k͟i͟n͟g͟a͟ ͟b͟ye͟r͟i͟l͟a͟d͟i͟, faqat mahalladan ma’lumotnoma taqdim etiladi. 2018-yilda 𝟑𝟔𝟐 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining kitob ijarasi xarajatlarini qoplash uchun davlat byudjetidan 𝟔,𝟐 mlrd so‘m ajratilgan (o‘rtacha bir bolaga bir yilga barcha fanlardan kitoblarni ijarasini qoplash uchun byudjetdan 17 ming so‘m atrofida ajratilgan”.

Xalq ta’limi vaziri hayit arafasida muhtoj oilalarning farzandlari yaxshi bilim olishi uchun yordam berishga chorlaydi. U bunday bolalar xalqning ko‘magi bilan hayotda o‘z o‘rnini topganlaridan so‘ng boshqalarga ham yaxshilik ilinishiga ishonch bildiradi.

“Hayit bayrami arafasida har birimizda #Yaxshilik_qilish #Quvonch_ulashish imkoniyati bor. O‘zgalarning mehri, ko‘magi tufayli yaxshi bilim olgan bu kabi oilalar farzandlari shu bilimi orqali hayotda o‘z o‘rnini topganlarida, yaxshi daromadga ega bo‘lganlarida, o‘zlariga ushbu qiyin davrlarida ko‘rsatilgan yordamni eslab, boshqalarga ham yordam qo‘lini cho‘zadigan saxiy inson bo‘lib yetishadilar deb umid qilamiz”.