“Amerika ovozi” jurnalisti Navbahor Imomova O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bilan suhbatlashdi.

Diniy idora ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadi

Muftiy ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan voqeliklarga diniy idora har doim munosabat bildirib kelishi haqida aytgan:

“Faollik bugungi eng dolzarb vazifa. Musulmonlar idorasi, jim turibdi, faol emas degan narsadan biz yiroqmiz. Biz tarmoqlar ochib qo‘yganmiz, hamma turidan bizda bor. Turli savollar kelib tushadi, o‘sha vaqtning o‘zida biz albatta javob berib boramiz. Bu bizning kundalik ishimiz. Bugun biz agar ijtimoiy tarmoqlardan uzilib qolsak hayotdan orqada qolamiz. Yoshlarning dardi bu bizning dardimiz. Ularga albatta chuqur ma’noda e’tibor beriladi. Kimga qanday tuyuladi, bilmadim, lekin biz har bir voqelikka bosiqlik bilan, vazminlik bilan mulohaza qilib yondashamiz. Diniy idora bu hammaning idorasi, bu – hammaga barobar. Shunday bo‘lgandan keyin ularning ichida har toifa odamlar bor: tezobi ham, vazmini ham, munozaraga o‘chi ham bor. Diniy idora ularga vazminlik bilan, mushohada qilib javob beradi”, deydi muftiy.

Jurnalistning “azon.uz” telekanali to‘g‘risidagi savoliga aniq javob bermagan muftiy diniy hayot haqidagi axborot manbalari ko‘p ekanini aytadi: “Diniy hayot, islom, musulmonlar turmushi, ularning muammolarini yoritadigan axborot manbalari bor. Ularga ruxsat berilgan. Bunday axborot manbalari ko‘p. Raqobat bo‘lgani yaxshi, albatta. Raqobatsiz hayot bu orqada qolishdir. Xulosa nima bo‘ladi, xulosani vaqt o‘zi ko‘rsatadi. Hamma narsaga sekinlik bilan yondashsak, barchasi o‘z joyiga tushadi”.

“Vaqf” jamg‘armasi

Musulmonlar idorasi raisi “Vaqf” jamg‘armasi haqida ham gapirdi: “Prezident tashabbusi bilan “Vaqf” xayriya jamg‘armasi tuzildi. Masjidlardagi noiblar, imomlar, mutavallilar, boshqa xodimlarning maoshlari, qolaversa, kommunal to‘lovlari, soliqlari shu jamg‘armaning hisobidan qoplanadi. Chunki, avval ular maoshsiz ishlashar edi. Masalan, qishloqdagi masjid imomi eng kam oylik ish haqining 3 baravarini oladi. Shu bilan birga boshqa ish ham qilishi mumkin bo‘ladi. Jamg‘armaning mablag‘ini ko‘paytira olmayapmiz. Biz hozir vaqfga mulk qilish bilan ovoramiz. Qachonki, mulkdan ishlanib kelgan foyda ko‘paysa jamg‘armaning mablag‘i ham ko‘payadi. Bunga uzoq muddat kerak. Musulmonlar idorasi tasarrufida Qibray tumanida 27 gektar yer bor edi, shuning yarmini jamg‘armaga o‘tkazib berdik. Tikuvchilik, makaron va non sexlari qurildi, endi shundan kelgan daromaddan kam ta’minlangan oilalarga yordam beriladi. Ramazon oyida ham “Vaqf” tomonidan katta ishlar qilindi. Bularni sanashga ojizman. Hatto boshqa din vakillari bo‘lmish bemorlarga ham yordam berilmoqda”.

Muftiyning axborotidan keyin ba’zi bir faktlar oydinlashdi:

  • Taroveh namozlari 2056dan ziyod masjidlarda o‘qiladi, 1200dan ortiq masjidlarda Qur’on xatmlari qilinyapti. Hamma qorilar o‘zimizning talabalar. Xorijiy mamlakatlarga ham takliflarga binoan qorilar yuborilyapti. Masalan, Nyu Jersi shtatiga bir qori yuborilgan.
  • O‘zbekistonda 12 ta diniy o‘quv yurti bor. Shulardan 3 ta oliy, 9tasi o‘rta maxsus, 2tasi xotin-qizlar uchun diniy bilim beradigan diniy o‘quv yurtidir.
  • Yoshi keksa bo‘lib qolgan odamlardan tushgan takliflar o‘rganilib, madrasalar qoshida 3 oylik pullik diniy kurslar tashkil qilingan. Diniy kursni tugatganlar arab tilini o‘rganadi, Qur’onni tajvidi bilan o‘rganadi, diniy savodga ega bo‘ladi. 2 yildan beri 7 mingdan ortiq aholi diniy kurslarni tamomladi.
  • O‘zbekistonda diniy tashkilotlar to‘g‘risida qonun qabul qilinishi kutilmoqda.
  • O‘zbekiston yaqingacha “alohida xavotirga molik davlatlar” ro‘yxatida edi. Ayni paytda ushbu ro‘yxatdan chiqqan.
  • 20mingdan ortiq kishi “qora ro‘yxat”dan chiqarildi. Muftiyning iddaosicha, bu “diniy idoraning tashabbusi va Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan amalga oshirildi”.
  • Diniy sabab bilan qamalganlarning ishini o‘rganish jarayoni to‘xtamagan.
  • O‘zbekistonda diniy tashkilotlar to‘g‘risida qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Din davlatdan ajratilgan, hijob va soqol masalasi davlat tomonidan taqiqlanmagan. Ba’zi muassasalarning ichki tartib-qoidasi bo‘lishi mumkin. Lekin biz bu masalaga diniy idora aralasha olmaydi, bunday vakolati yo‘q.

“Ibodatdan ilm afzal...”

Muftiy Usmonxon Alimovning aytishicha, O‘zbekiston masjidlari hamma uchun ochiq: “Hukumat ibodatni chiroyli o‘tkazish uchun ichki ishlar xodimlarini ham qo‘yganki, ular yaxshi gap bilan, muomala bilan tartibsizlikni oldini olishga qarab turishibdi. Ichki ishlar xodimlari turibdi nazorat qilyapti deb o‘ylashadi, buning anig‘ini bilish uchun jarayonda qatnashib ko‘rish lozim. Men qaysi bir masjidga borsam bolalarni ko‘raman. Bolalar masjidga kiritilmaydi degan qoida yo‘q. Bo‘layotgan salbiy gaplarning hammasi tashqaridagi gaplar. Yosh bolalar ilm bilan shug‘ullanishlari kerak, ilm afzalmi, ibodat afzalmi, albatta, ilm afzal. Shu jihatidan masalaga qarasak, bu degani kelma degani emas. Darsni qo‘yib masjidga kelganidan darsini o‘qigani ma’qul. Lekin ibodatga kelsa, bunga ham hech kim monelik qilmaydi. Aslida bu diniy ilm, bu dunyoviy ilm degan narsa yo‘q. Ilm bu ilm”.

Sotuvga qo‘yilgan masjid

Muftiy Andijonda sotuvga qo‘yilgan masjid aslida madrasa qilib qurilganini aytdi: "Andijondagi sotuvga qo‘yilgan masjid bilan muftiylar shug‘ullanmadi emas, Andijondagi masjidni bir arabistonlik kishi qurdiradi, masjid emas, madrasa deb qurdiradi. Bu bitganidan keyin diniy idora Andijonda bitta madrasa bor, shuni masjid qilib foydalanaylik deb o‘z taklifini aytadi. Mas’ul kishi ham, mablag‘ yuborgan kishi ham bunga ko‘nmaydi. Bu voqea eski muftiyning davrida ro‘y bergan. Eski voqea bugun yana yangilanyapti. Keyinchalik bu joy hokimiyat tasarrufiga o‘tib ketgan. Bu joyni ochib berish hozir diniy idoraning vakolatiga kirmaydi. Biz hozir tadbirkorlar orqali u yerni “Vaqf” jamg‘armasiga o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Bu borada diniy idoraning pozitsiyasi bor. Biz qarab turganimiz yo‘q, harakat qilyapmiz. Lekin biz “unday qilyapmiz, bunday qilyapmiz” deb qilayotgan ishimizni ko‘z-ko‘z qilishdan yiroqmiz”.

Jurnalistning “O‘zbekistonda e’tiqod erkinligini kim himoya qiladi?” degan savoliga muftiy aniq javob bermagan.

“Musulmonlar diniy idorasining vazifasi butun musulmonlarni boshqarish, ularning e’tiqodi, fiqhiy masalalari, shuningdek, tolerantlikni ta’minlash. Diniy idora nodavlat tashkilotdir. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita diniy idorani davlat bilan bog‘lab turadi”, deydi muftiy Usmonxon Alimov.

Muftiyning ta’biricha, “Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda ulkan-ulkan o‘zgarishlar bo‘lyapti”.