"Muammoli" o‘spirinlar bilan ishlash tizimini isloh qilish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi va Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tashkil etiladi. Bu haqdagi qarorni prezident 29-may kuni imzolagan.

O‘zi nima gap: 2018-yilning ikkinchi yarmida tarbiyasi og‘ir o‘spirinlar o‘qiydigan maxsus kollejlar, xususan homilador yosh qizlar aniqlangan Qo‘qondagi maxsus yengil sanoat kollejidagi ayanchli ahvol haqida mahalliy va xorijiy OAVda xabarlar paydo bo‘la boshladi. Bu xabarlar deputatlar, prokuratura va boshqa mutasaddi organlarni vaziyatni o‘rganishga undadi.

O‘rganishlar natijasida “Milliy tiklanish” partiyasining sobiq raisi Sarvar Otamurodov bu tizimdagi vaziyatni tanqid qilib chiqqan edi.

“Ahvol kriminal bo‘lib yotibdi, davlat byudjetidan ajratilgan pullar talon-toroj. O‘zi shundoq ham xulqi yomon bolalar orasida muhit juda achinarli, homilador yosh qizlar bor, u sharoitlarda odam yashay olmaydi. Maktabni bitiraman deb turgan yoshlar harf tanimaydi, o‘z ismini ham yoza olmaydi. Bu juda achinarli, vaziyatni o‘rganib boshimiz qotib qoldi. Biz bu maxsus maktablardagi muammolarni hukumat, bosh vazir darajasigacha olib chiqdik, prokuratura organlari ham shug‘ullandi", – degan Sarvar Otamurodov.

Shu maqsadda tarbiyasi og‘ir bolalar bilan ishlash tizimi o‘zgartiriladigan bo‘ldi. Bu muassasalar quyidagi maxsus maktab-kollejlar negizida bo‘ladi:

  • Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji;
  • Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji;
  • Samarqand shahridagi 64-o‘g‘il bolalar maktab-internati;
  • Chinoz tumanidagi 5-qiz bolalar maktab-internati.

Qiz bolalar maktabi Toshkent viloyati Chinoz tumani Gulzorobod mahallasida, o‘g‘il bolalar maktabi Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani Baxt shahri Tadbirkor mahallasida bo‘ladi.

O‘g‘il bolalar maktabi Milliy gvardiyaga, qiz bolalar maktabi Ichki ishlar vazirligiga biriktiriladi.

Maktablarga kimlar joylashtiriladi:

  • 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshdan oshmagan bolalar;
  • ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan bolalar;
  • aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallari voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan bolalar;
  • maktabga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qo‘llangan holda jinoiy jazodan ozod qilingan bolalar;
  • yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganiga qaramay, muntazam ravishda huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan bolalar sud qarori asosida.

2019/2020-o‘quv yilidan boshlab:

  • yuqorida ko‘rsatilgan bolalar faqat respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi;
  • Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji va Samarqand shahridagi 64-o‘g‘il bolalar maktab-internatiga bolalarni qabul qilish to‘xtatiladi va qolganlar o‘qishni tugatadilar.

Maktablardagi guruhlar va sinflar 15-20 nafar o‘quvchi bilan to‘ldiriladi. Istisno tariqasida moliya organlari bilan kelishilgan holda o‘quvchilar sonidan qat’i nazar sinflar ochishga ruxsat etiladi.

Tasarrufida umumta’lim yoki ixtisoslashtirilgan maktablar bo‘lgan vazirlik va idoralar:

  • 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar (hududiy komissiyalar) tavsiyasiga asosan yuborilayotgan o‘smirlarni maktablarga istisno tariqasida bepul, sinovlarsiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qiladi;
  • hududiy komissiyalar tavsiyasiga asosan qabul qilingan har bir o‘quvchi uchun alohida murabbiy biriktiradi va uning ta’lim-tarbiyasini doimiy nazorat qiladi, maktablarni bitirgandan keyin ish bilan ta’minlashda ko‘maklashadi.

2019-yil 1-sentyabrdan boshlab qizlar va o‘g‘il bolalar maktablarining rahbar va pedagog xodimlari, shu jumladan, tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun bazaviy tarif stavkasining 75 foizi miqdorida har oylik ustama haq to‘lanadi.

Deputatlar har yili bir marta maktablardagi o‘quv-tarbiya jarayonlarini muhokama qilishi, maktab rahbarlarining hisobotlarini eshitishi mumkin. Ular ta’lim-tarbiya jarayoni, bolalarning xulq-atvorini o‘zgartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, maktablardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni tanqidiy muhokama qilishadi.

Maktablar beshta tashabbusni keng joriy etish maqsadida 2 oy ichida:

  • musiqa, rassomchilik, tasviriy san’at, kulolchilik va boshqa to‘garaklarni tashkil etish, shuningdek, amaldagi me’yorga muvofiq musiqa asboblari;
  • sport zallarini 34 xil jihoz va anjomlar;
  • o‘qishga tavsiya etilgan 136 nomdagi badiiy kitoblar;
  • tarbiyalanuvchi qizlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida zarur miqdorda tikuv mashinasi va boshqa anjomlar bilan ta’minlanadi;
  • maktablarda bittatadan sinfxonalar zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlanadi, ularda o‘quvchilarni fikrlashga yo‘naltiradigan kompyuter o‘yinlari bazasi yaratiladi.