O‘zbekistonda yuritilayotgan davlat siyosatini aholiga maxsus ma’ruzachilar orqali yetkazish an’anasi tiklandi. Toshkentda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshida tashkil etilgan «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyatining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

«Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlari mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamiga yetkazish ushbu tashkilot faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir», – deb aytilgan may oyida ta’sis etilgan jamiyatning taqdimotida.

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyatining maqsad va vazifalari sovet davrida faoliyat yuritgan «Bilim» butunittifoq targ‘ibotchilar jamiyatining maqsad va vazifalarini eslatib yuboradi.

«Bilim» butunittifoq targ‘ibotchilar jamiyati – Sovet ittifoqida 1947-yildan 1991-yilgacha targ‘ibot va tashviqot sohasida faoliyat yuritgan tashkilot. Ma’ruzalar o‘qish va ilmiy-ommabop adabiyot chop etish orqali SSSR aholisi orasida ma’rifiy faoliyat bilan shug‘ullangan. KPSS nazoratida bo‘lgan.

«Mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar» targ‘ibotini vazirliklardan tavsiya qilingan nomzodlar, davlat va jamoatchilik vakillari, olimlar, mutaxassislar, ijodkor ziyolilardan iborat maxsus targ‘ibotchilar guruhlari (lektorlar) olib boradi.

Targ‘ibotchilar moliyaviy va ma’naviy rag‘batlantiriladi, masalan ular «Ma’naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi.

Targ‘ibotchilar faoliyatining taxminiy yo‘nalishini maydagi qarorda ko‘rish mumkin:

  • Jazoni ijro etish muassasalarida «Taqdirni qo‘l bilan yaratur inson» mavzusida «ma’naviyat soatlari»ni o‘tkazadi.
  • Internet maydonida ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kurashishni ta’minlaydi.
  • «Mamlakatimizdagi keng qamrovli islohotlar mazmuni»ni aholining turli qatlamlariga tushuntiradi va aholining mafkuraviy immunitetini mustahkamlaydi.