Moskvada sentyabrga belgilangan shahar dumasiga saylov oldidan kuzatilayotgan qonunbuzarliklarga qarshi norozilik aksiyasiga chiqqan 1373 kishi qo‘lga olindi.

Ommaviy aksiyalarda fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatadigan "Agora" guruhi bu rekord ko‘rsatkich ekanini aytmoqda. Shuningdek, kuzatuvchilarning aytishicha, yaqin tarixdagi hech qaysi norozilik aksiyasida hukumat bu qadar shiddatli zo‘ravonlik ishlatmagan.

Moskva dumasiga mustaqil nomzodlar va ularning tarafdorlari 14-iyuldan beri shaharda ommaviy norozilik aksiyalarini o‘tkazib kelmoqda. Ular shahar dumasiga saylov erkin o‘tkazilishini, muxolif nomzodlarga ham unda ishtirok etish imkoniyati berilishini talab qilmoqda.

  • Tergov qo‘mitasi ushbu aksiyalar deb Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga xalaqit berish bo‘yicha jinoiy ish ochgan.
  • Hafta boshida Aleksey Navalniy rossiyaliklarni norozilik namoyishlarida qatnashishga chorlagani uchun qo‘lga olinib, 30 kunga qamaldi. Aleksey Navalniy ma’muriy jazosini o‘tayotgan hibsxonadan shoshilinch tarzda kasalxonaga o‘tkazildi, u zaharlangan bo‘lishi mumkin.
  • Muxolif siyosatchilarnikida 24-iyuldan beri tintuvlar o‘tkazilmoqda. Dumaga saylovda deputatlikka nomzod bo‘lish istagidagi bir necha shaxsning uyi tintuv qilindi, ularning o‘zlari esa so‘roq qilindi. Hozircha Ilya Yashin, Dmitriy Gudkov, Lyubov Sobol, Yuliya Galyamina va Ivan Jdanov kabi mustaqil nomzodlar hibsga olingan.