Turkmanistonda to‘ylar va boshqa oilaviy tadbirlarni tasvirga oluvchi xususiy operatorlar olingan barcha materiallarni ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun mahalla noziri va Milliy xavfsizlik vazirligi xodimlariga taqdim etishi shart.
«Xronika Turkmenistana» muxbirlarining xabar berishicha, nozirning videoni ko‘rib chiqishiga uch kun ketadi, shundan so‘nggina operator videoni montaj qilishi va buyurtmachiga berishi mumkin. Buyurtmachi video maxsus xizmatlarga ko‘rsatib olinganini bilmasligi kerak.
Aytish joizki, mart oyigacha video faqat mahalla noziriga ko‘rsatilar edi. Keyin uni MXV xodimlariga ham jo‘nata boshlashdi. Ularning ko‘rib chiqishiga ham ikki kun vaqt ketadi. Bu vaqt mobaynida operator to‘y egalarini buyurtmasi bajarilayotganiga, montaj jarayoni muayyan vaqtni olishiga ishontirishi lozim.
To‘ylarga chiqadigan videochilarning so‘zlariga ko‘ra MXV xodimlari ulardan kayfi chog‘ mehmonlar nimalarnidir muhokama qilayotgan holatlarni tasvirga olishni so‘rashadi. Bu kadrlar yakuniy montajga kiritilmaydi, lekin maxsus xizmat vakillarida qoldiriladi.
O‘ziga to‘q odamlar odatda ikki-uchtadan operator yollashadi. Agar maxsus xizmat xodimlariga videodagi nimadir (mehmonlarning o‘zini tutishi, qizlarning kiyimi yoki prezident portretining qiyshiq ilingani) yoqmasa material uzoq vaqt operatorga qaytarilmaydi. Noroziligi kadrga tushib qolgan odamlar keyinchalik biron-bir muammoga duchor bo‘ladimi-yo‘qmi – ma’lum emas. Operatorlar maxsus xizmat xodimlari shu tariqa boy va amaldorlarga kompromat yig‘ishadi deb taxmin qilishadi.