Bugungi kunda pul o‘g‘irlash uchun kimningdir uyiga kirish shartmas, smartfoni qo‘lga olinsa kifoya, hamma ma’lumotlar o‘sha yerda. Ba’zan smartfonni o‘g‘irlash shartmas, uning egasining o‘zi kerakli ma’lumotni aytib qo‘yadi. Masalan, kimdir sizga telefon qilishi, o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, barcha zaruriy ma’lumotlarni bilib olishi mumkin.

1Telefoningizga parol (Touch ID, Face ID) o‘rnating

Har qanday parolni buzish mumkin. Ammo bankka bog‘lanib, ma’lumotlaringizni o‘zgartirishingiz, kartani bloklashga ulgurishingiz uchun vaqt kerak. Parollarni yechish uchun esa qaroqchiga vaqt kerak. Erinmasdan qiyinroq, murakkabroq parol qo‘yavering. Parol smartfoningizdagi ilovalarga kirishni qiyinlashtirishi mumkin, ammo sim-kartangizni boshqa telefonga qo‘yib, undan pul yechishlari mumkinligini ham unutmang.

2Mobil qurilmangizga avtoblok o‘rnating

Smartfoningiz doim ham blokda bo‘lmasligi yoki uzoq vaqt o‘tgach, blokka tushishi mumkin. Unga avtoblok o‘rnating. O‘g‘rilarga yarim daqiqa ham imkoniyat berib bo‘lmaydi. Avtoblokka tushish muddatini qisqa qiling. Iloji bo‘lsa, qurilmangiz bir daqiqada avtomatik qulflanishi kerak.

3Sim-kartangizga PIN-kod o‘rnating

O‘g‘rilar smartfoningiz qulfini buzib kirishga qiynalsa, sim-kartadan foydalanishadi. Buning uchun uni boshqa mobil qurilmaga qo‘yib, sim-kartangiz orqali bankingiz bilan bog‘lanishlari, ilova o‘rnatib, pulingizni o‘zlariga qulay hisobga o‘tkazvorishlari mumkin.

4Yangi telefon nomer olganda eski nomer bilan aloqalarni uzing

Ayrimlar yangi nomer olganda eki nomerini umuman ishlatmaydi yoki sim-kartasini shunchaki tashlavoradi. Agar eski nomeringizdan bank kartangiz o‘chirilmagan bo‘lsa, tashlavorilgan sim-karta unga yo‘l ochadi. Yoki uzoq vaqt ishlatilmagan nomeringizni operator boshqa odamga berishi mumkin. Natijada bank kartangiz haqidagi ma’lumotlar o‘sha nomerni olgan odamga boradi. Demak, nomer almashtirganda, eskisi bilan barcha aloqalarni uzing.

5Mobil qurilmangizda bank kartasi ma’lumotlarini saqlamang

Mobil qurilmalarda bank kartalari, pasportning fotosuratlarini saqlamang. Kimgadir messenjerlar orqali bu haqda yozgan bo‘lsangiz, keyin o‘chirib tashlang. Kartangiz nomerini, pasportingiz nusxasini qo‘lga kiritgan odam, agar hisobingizda kattagina pul bor deb hisoblasa, ulardan oson foydalanishi mumkin. O‘g‘rining bankda tanishi bo‘lsa, bu ma’lumotlar o‘g‘irlikni yanada osonlashtiradi.

6Telefonni yo‘qotganda avvalo sim-kartani bloklating

O‘g‘ri avvalo sim-karta orqali bank hisobingizga kirishga urinadi. Telefon operatoriga qo‘ng‘iroq qilib, sim-kartani bloklating.

7Bankka qo‘ng‘iroq qilib, hisobingizni vaqtincha yoping

O‘g‘irlangan ma’lumotlaringiz asosida bank kartangizdan pul o‘g‘irlamasliklari uchun kartani vaqtincha bloklatish, undan pul yechilishining oldini olish kerak. Bankka shaxsan borib, hujjatlaringizning asil nusxasini ko‘rsatmaguningizcha yopib qo‘yishni so‘rang.