Prezidentlar o‘limi to‘g‘risidagi mish-mishlar odatda uzoq yashamaydi. Biroq dunyodagi eng yopiq davlatlardan bo‘lmish Turkmanistonda mish-mishlar yagona axborot manbaiga aylanishi mumkin.

Dam olish kunlari Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning o‘limi to‘g‘risidagi xabarlar yashin tezligida dunyoga tarqaldi.

O‘ldimi, tirikmi yo mish-mishlar?

Moskvadagi mahalliy radio vebsayti va Turkmaniston muxolifatining «YouTube»dagi kanali prezidentning o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan vafot etganini xabar qildi. Bu xabarning manbasi nima edi? Mish-mishlar.

Markaziy Osiyo bo‘yicha u qadar nomi chiqmagan Aslan Rubayev ismli ekspert «Govorit Moskva» radiosiga «Ashxobodda yashovchi biznesmenlar bu haqida ma’lum qilgani»ni aytdi.

Dunyoning normal davlatlarida mish-mishlar uzoq yashamaydi, ammo Turkmaniston bundan mustasno.

Rossiya matbuoti ushbu shubhali xabarni zudlik bilan yorita boshladi. Hatto NTV kabi ommabop telekanallar ham uni muhokama qildi. So‘ng muhokamalar ijtimoiy tarmoqqa ko‘chdi. Biroq odamlarda bu mavzu bo‘yicha ishonchli ma’lumot deyarli yo‘q edi.

Misli ko‘rilmagan nazorat

Turkmaniston axborot oqimi ustidan o‘ta qattiq nazorat o‘rnatgani bilan ma’lum.

«Chegara bilmas muxbirlar» o‘zining 2019-yildagi matbuot erkinligi bo‘yicha hisobotida mamlakatni hatto Shimoliy Koreyadan ham keyingi o‘ringa qo‘ygan.

  • Turkmanistonda barcha ommabop ijtimoiy tarmoqlar taqiq ostida, mahalliy matbuot esa davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi. Xorijiy matbuot uchun ishlaydigan bir hovuch jurnalistlar esa doimiy qo‘rquvda yashashga majbur.
  • Bunday holatda har qanday mish-mish, hatto prezident o‘limi to‘g‘risidagisi ham kishida shubha uyg‘otmaydi va o‘rmonga tushgan olovdek tez tarqay boshlaydi.
  • Prezident Berdimuhammedov o‘zining g‘alati va kulgili qiliqlari bilan tanilgan. U bir qarasa Remboga o‘xshash harbiy ko‘rinishida o‘q uzadi, dijeylik qiladi va qimmatbaho sport mashinalarida poyga o‘ynaydi.

Asl kasbi tish doktori bo‘lgan prezident otlar haqida rep aytgan va choy, dorivor giyohlar hamda boshqa narsalarga bag‘ishlab kitoblar yozgan.

Kuzatuvchilar prezident Berdimuhammedov 5-iyuldan beri ommaga ko‘rinish bermaganini payqagan. U hatto 6 iyul kuni mamlakatga tashrif buyurgan Yevropa ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Federika Mogerini bilan ham uchrashmagan.

Uning g‘oyib bo‘lib qolgani va rasmiy Ashxobodning prezident o‘limi to‘g‘risidagi xabarlarni izohlamagani mish-mishlar oloviga moy quygan.

Davlat matbuoti hali shu paytga qadar mazkur xabarni na rad etgan, na tasdiqlagan. Buning o‘rniga ta’tilga chiqqan janob Berdimuhammedovning o‘zi qo‘shiq kuylayotgan videolarni tomosha qilgan holda yangi kitobi ustida ishlayotgani tasvirlangan eski xabarlar takror-takror berilgan.

Buning hayratlanarli jihati yo‘q. Sababi axborotning butkul jilovlangani fonida Turkmaniston telekanallari jonli efirlar uzatmaydi, rasmiylar esa matbuot bilan aloqa qilmaydi.

Davlat televideniyesi siyosiy mahbuslarning qamoqdagi ahvoli yoki mamlakatdagi keng ko‘lamli oziq-ovqat taqchilligi va do‘konlardagi oxiri ko‘rinmas navbatlarni ko‘rsatmaydi.

Matbuotda e’lon qilinajak har qanday arzimas axborot ham rasmiylar tasdig‘idan o‘tishi shart, shu sababdan ayniqsa prezidentga taalluqli biror ma’lumot eng yuqori hokimiyat ruxsatisiz tashqariga chiqarilmaydi.

Qizig‘i shundaki, Turkmanistonda eng ko‘p senzuraga uchragan ma’lumotlarni e’lon qilish bilan shug‘ullanuvchi «Turkmaniston yilnomalari» muxolifat sayti mish-mishlarni rad etishga urindi.

Vebsayt prezidentning g‘oyib bo‘lganiga sabab uning onasi og‘ir betob bo‘lib qolgani va Germaniyaga olib ketilgani, janob Berdimuhammedovning o‘zi esa sog‘lom ekanini taxmin qildi.

Turkmanistonda mish-mishlar doim ham yolg‘on bo‘lib chiqavermaydi. Zulmkor tuzum xalqning har qanday kayfiyatini temir musht bilan nazorat qilganidan odamlar bunday mavzular to‘g‘risida bir-biriga og‘iz ocha olmaydi.

«Odamlar mish-mish haqida eshitdilar, ammo uni muhokama etishga qo‘rqmoqda», – deb yozadi ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan to‘siqni aylanib o‘ta olgan bir ashxobodlik.

Mish-mish ovoza bo‘lgan yakshanba tuniga qadar Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistondagi Turkmaniston elchixonalari xabarni qat’iyan rad etib chiqdi. Aynan ular hukumatga taalluqli eng muhim yangilikka biroz oydinlik kiritdi.

Keyinroq xabarni ilk bor tarqatgan Aslan Rubayevning o‘zi ma’lumotning tasdiqlanmaganini yozib, ommani chalg‘itgani uchun uzr so‘radi.

Biroq bu ham mish-mishlarga butkul chek qo‘ya olmadi.

Markaziy Osiyoda prezidentlarning o‘limi to‘g‘risidagi tasdiqlanmagan xabarlar tarqalishi noodatiy hol emas. Ko‘p hollarda ular prezidentlar chindan vafot etmagunga qadar yolg‘on bo‘lib chiqadi.

2016-yilda O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov o‘lgani borasidagi xabarlar rasmiy tasdiqlovdan bir haftacha burun tarqalib ulgurgan edi. Hukumat hokimiyatning tinch almashinuvi yo‘lida vaqtdan yutish uchun avvaliga bu mish-mishlarni rad etgan edi.

Shuning uchun ham bu mintaqada rahbarlarning o‘limi borasidagi mish-mishlarni odamlar jiddiy qabul qiladi. Rahbar tirik holda ommaga ko‘rinish bermagunga qadar ular tarqalishda davom etaveradi.