Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevdan prezident nomidan mashina sovg‘a qilish amaliyotini to‘xtatish so‘raldi. Egizak tug‘ib, farzandlariga prezidentning ismi sharifini qo‘yganlarga «Cobalt» avtomobili sovg‘a qilish kulgu bo‘layotgani va bu amaliyot aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani aytildi.

O‘zbekistondagi ommaviy internet nashrlaridan kun.uz sayti prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqdi.

"Zotdor qizga uylanaman, piyoda yurish jonga tegdi yoxud prezident nomini ermak qilmang" nomli maqolada Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach urfga aylangan egizak farzandli bo‘lib, prezidentning ismi sharifini qo‘ygan oilaga mashina sovg‘a qilish amaliyoti tanqid qilindi.

Muallif Abror Zohidovning yozishicha, bir vaqtda uch farzandli bo‘lib, ismlarini Shavkat, Mirziyo va Miromon qo‘ygan shaxs tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib shu vaqtgacha «Cobalt»dan darak yo‘qligidan noligan.

  • «– Biz ham uch o‘g‘il ko‘rgandik, Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism ham qo‘ygandik. Lekin shu paytgacha "Kobalt"dan darak yo‘q. Shu masalani hal qilib bersangizlar. O‘zbekistonda qonunga amal qilinadimi-yo‘qmi?
  • – Qanaqa qonunni nazarda tutayapsiz?
  • – Uchta tug‘ilganlarga mashina berilayapti-ku. Hammaga teng ko‘z bilan qaralishi kerak-da!».
  • Muallif bir tomondan bu odam haqligini aytadi.
  • «Bir qarashda u haq – uch egizak (uch o‘g‘il desak to‘g‘riroq bo‘lar) tug‘ilsa va ularga yuqoridagi ismlar qatorlashtirib qo‘yilsa, "Kobalt" sovg‘a qilish bo‘yicha yozilmagan (!) qoidaga amal qilinmoqda», – deydi u.

Jurnalist uch farzand ko‘rishdagi imtiyozlar qaysi qonun bilan tartibga solinishi, uch yoki to‘rt farzand ko‘rganlarning yagona reyestri olib borilishi, ularning soni bugungacha nechta bo‘lgani, qanchasiga qanaqa sovg‘alar berilgani kabi savollarni o‘rtaga tashlagan.

«Eng muhimi, sovg‘alar, xususan avtomobil pulini kim to‘laydi? Davlat bo‘lsa, soliq to‘lovchilarning mablag‘i bunday maqsadda sarflanishi to‘g‘risida hisobot berilishi kerak emasmi, homiylar hisobidan bo‘lsa, ular kimlar va bu harakatlari ixtiyoriymi?», – deyiladi maqolada.

Jurnalist internet, ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu uzluksiz muhokama bilan birga shunchalar hajv qilindiki, xijolat bo‘ladigan darajaga yetdik deydi.

«Ularning bittasini, faqat bittasini misol keltiraylik: "Birdaniga uchta tug‘adigan zotdor qiz kerak. Piyoda yurish jonga tegdi..."».

Prezident Mirziyoyevga murojaat qilgan Abror Zohidov qisqa va yagona qaror bilan bu amaliyotni butunlay hamda qaytib tiklanmaydigan qilib to‘xtatishga chaqirgan.

«Ishoning, ota-onalarning sizning ismi sharifingizdan foydalanib nimadir undirishga urinishi yoki hududiy rahbarlarning ularga turli-tuman sovg‘alar, xususan "Kobalt" taqdim etib, sizga yaxshi ko‘rinish uchun laganbardorlik qilishi aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Balki siz bexabardirsiz, ammo, ming afsuski, bu holat ermakka aylanib ketdi», – deydi u.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach uning nomini egizaklarga qo‘ygan oilalarga «Cobalt» mashinasini berish urfga kirdi.

  • So‘nggi vaqtlarda nafaqat prezidentning ismi sharifini qo‘yganlarga, balki uning rafiqasi va qizining ismini qo‘ygan oilaga ham «Cobalt» sovg‘a qilinmoqda.
  • Shu yilning 1-may kuni Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan Shavkatjon, Ziroatxon va Saidaxonning otasiga O‘zbekiston prezidenti nomidan «Cobalt» mashinasi sovg‘a qilindi.
  • Prezident sovg‘asi deb taqdim qilinadigan va mahalliy matbuotda chop qilinadigan bu xabarlarda mashina kimning puliga olingani haqida aytilmaydi.
  • Vaziyatdan xabardor shaxslarning aytishicha, bu sovg‘alar odatda hokimiyatlar tomonidan tashkillashtiriladi.
  • Ayrim tadbirkorlar mashinaning pulini to‘lash bankdan katta miqdorda kredit olgan tadbirkorlarning zimmasiga yuklanishini aytadi.

Biroq «Bi-bi-si»da ushbu faktlarni tasdiqlatishning imkoni yo‘q.

Egizaklarga prezident yoki uning oilasi ismi sharifini qo‘ymagan ota-onalar davlat tomonidan belgilangan qonuniy nafaqalarini ham ololmayotgani, ayrim hollarda farzandlarini katta qilishga qiynalayotgani haqida xabarlar chiqib turadi.

2018-yilning iyun oyida Andijonning Buloqboshi tumanida tug‘ilgan Izzatbek, Islombek va Imronbeklarning ota-onasi 2 yoshgacha bo‘lgan bola tarbiyasi uchun nafaqa puli ololmayotganini aytgandi.

Egizak tug‘ib, prezidentning ismi sharifini qo‘yayotganlarga mashina berilishidan Mirziyoyevning xabari bor yo yo‘qligi ma’lum emas.

Biroq Shavkat Mirziyoyev u bilan uchrashayotgan va qaysidir jihati bilan e’tiboriga tushgan fuqarolarga uy yoki mashina sovg‘a qilgan holatlar uchrab turadi.

2-iyun kuni Bo‘ka tumaniga borgan Shavkat Mirziyoyev uning tashabbuslari haqida she’r to‘qib, o‘qib bergan 3-sinf o‘quvchisining otasiga mashina sovg‘a qildi.