Shavkat Mirziyoyev prokuror va soliqchilarga yangi soliq tizimining tartib-qoidalari tadbirkorlar ongida to‘liq shakllanmaguncha, ularni jazolashga, jarimaga tortishni man etdi. 22-fevralda soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi bo‘yicha Prezident Administratsiyasida videoselektor o‘tdi.

– Soliq va prokuratura idorasi xodimlari qulog‘iga quyib olsin: bu yil yangi soliq tizimining tartib-qoidalari va hisob-kitoblari tadbirkorlar ongida to‘liq shakllanmaguncha, ularni jazolashga, jarimaga tortishga umuman yo‘l qo‘yilmasin. Aksincha, ular tadbirkorlarga maslahatchi va ko‘makchi bo‘lib, soliqlarni aniq hisoblash va to‘lashda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi kerak, – degan Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda.

Tadbirda soliq idoralari xodimlarining malakasi, kasb mas’uliyati talab darajasida emasligi, oqibatda jiddiy kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etilgan. Masalan, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarining tumanlarida umumbelgilangan soliq to‘lash tizimiga o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlariga maslahat berish uchun soliq inspektorlari nomiga biriktirilgani aytilgan.

– Qanchalik murakkab bo‘lmasin, boshlagan islohotlarimizni oxirigacha yetkazishimiz zarur. Lekin targ‘ibot-tushuntirish ishlarini bahona qilib, o‘rganishlarni tekshiruvga aylantirishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Halol tadbirkor doimo davlat himoyasida, mening himoyamda, – degan prezident.

O‘zbekistonda 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab yangi soliq konsepsiyasi kuchga kirgan:

  • fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasi — 12 % miqdorida joriy etilgan, undan 0,1 foizini shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltirilgan;
  • Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallarini bekor qilingan;
  • Yagona ijtimoiy to‘lov miqdori davlat korxonalari va ustav kapitalining 50 %dan ortig‘i davlatga tegishli bo‘lgan tashkilotlar uchun 25 %, qolgan yuridik shaxslar uchun pasaytirilgan 12-15 % stavka miqdorida belgilangan;
  • yalpi tushumdan olinadigan soliqlar bekor qilingan;
  • yalpi tushumdan yoki aylanma kapitaldan olinadigan soliqlar, xususan, davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning aylanmasidan undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilingan;
  • yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi 12-14 %gacha, tijorat banklari uchun 20-22 % gacha pasaytirilgan;
  • mobil aloqa kompaniyalari uchun, qo‘shimcha foyda solig‘i bekor qilgan holda 14 — 20 % soliq solinadi;
  • dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlardan olinadigan foyda solig‘i 5-10 % miqdorida belgilangan (pasaytirilgan);
  • yalpi tushumi 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida shunga yetgan korxonalar umumbelgilangan soliq to‘lash tizimiga o‘tkazilgan;
  • barcha tadbirkorlik sub’yektlari uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq joriy etilgan;
  • yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun aylanmadan soliqni 4 % miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to‘lash tartibini hamda ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash imkoniyatini belgilangan;
  • yagona yer solig‘i to‘lovchilari uchun amaldagi soliq solish tartibini saqlab qolinadi;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 % stavkasi saqlab qolingan va uni to‘liq hisobga olish tizimini joriy qilingan;
  • asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan ob’yektlar va nomoddiy aktivlar narxiga kiritiladigan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish summalariga kiritish huquqini berilgan;