Prezident farmoni bilan eng kam ish haqi (EKIH) miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM) bilan almashtirildi.

Farmonga muvofiq ushbu miqdor 577 170 so‘m qilib belgilangan.

O‘zbekistonda eng kam ish haqi so‘nggi bor 2018-yil 1-noyabrda 202 730 so‘m qilib belgilangandi.

"Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida" 21-may kuni Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida e’lon qilingan prezident farmonida 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga quyidagi miqdorlar belgilangani aytilgan:

mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – 577 170 so‘m;

bazaviy hisoblash – 202 730 so‘m;

pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 202 730 so‘m.

Yangi tushunchalar

Farmonga rasmiy sharh e’lon qilingani yo‘q.

Bundan avval o‘tgan yil oktyabrida prezident Mirziyoyev "mehnatiga kam haq to‘lanadigan xodimlar"ning ish haqi miqdorining jadal ravishda oshirilishini ko‘zda tutgan holda mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasini qayta ko‘rib chiqish haqidagi farmonni imzolagandi.

Buxgalter.uz saytida o‘tgan yilgi farmonga berilgan sharhda "endi respublikamizda MHTEKM 577 172,31 so‘mni (202 730 x 2,847) tashkil etadi. Ya’ni xodim to‘liq oy ishlagan va mehnat shartnomasida nazarda tutilgan barcha majburiyatlarni bajargan bo‘lsa, ish beruvchi unga ushbu miqdordan kam ish haqi belgilashga haqli emas" deb yozilgan.

O‘zbekiston qonunchiligiga 1992-yili aholini ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini belgilash maqsadida "eng kam ish haqi miqdori" degan tushuncha kiritilgan va unga rasmiy maqom berilgan.

Iqtisodchilarga ko‘ra o‘sha davrda O‘zbekiston mustaqilligini ta’minlash va aholi qashshoqlanishining oldini olish uchun bu misli ko‘rilmagan chora edi.

Vaqt o‘tishi bilan turli hollarda foydalanish uchun dastlabki o‘lchov birliklarini ishlab chiqish zarurati tug‘ildi.

Nafaqat ish haqi, balki pensiyalar va nafaqalarni belgilashda dastlabki o‘lchov birligi, oyliklarni razryadlar bo‘yicha hisoblashda dastlabki o‘lchov birligi, turli iqtisodiy va ma’muriy jarimalarni belgilashda dastlabki o‘lchov birligi kabi tushunchalarga ehtiyoj paydo bo‘ldi.

Hozirga qadar bu masalalarni hal etishda «eng kam ish haqi miqdori» degan dastlabki o‘lchov birligidan foydalanib kelinardi.

Lekin iqtisodchilarning aytishicha, bu holat ko‘pincha jiddiy muammolarga olib kelgan.

Eng kam ish haqi miqdoriga deyarli barcha davlat xizmatlari uchun, turli ma’muriy javobgarlik uchun to‘lovlar miqdori bog‘lab qo‘yilgan.

Xo‘sh, bu to‘lovlarning eng kam ish haqi miqdoriga nima aloqasi bor? Nega bunday bog‘lanish bo‘lishi kerak?

Boshqa, ikkinchi holatda, davlat tomonidan byudjet xodimlariga to‘lanadigan ish haqi miqdori, turli pensiyalar va nafaqalar miqdori ham eng kam ish haqi miqdoriga bog‘lab qo‘yilgandi. Ya’ni davlat eng kam ish haqi miqdorini oshirishni rejalasa, o‘z o‘zidan byudjetning boshqa parametrlari ham o‘zgarib ketib, turli nomutanosibliklar, disproporsiyalarga olib kelgan.

Bu esa o‘z navbatida ijtimoiy noroziliklarga yetaklagan.

"Nozik masala"

O‘zbekiston hukumatiga yaqin iqtisodchilardan birining Bi-bi-siga aytishicha, davlat byudjetini to‘g‘ri rejalashtirish va ijrosini ta’minlash maqsadida shunday bir hisob birligi kerak ediki, u eng kam ish haqi miqdori bilan bog‘liq bo‘lmasin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi barcha omillar 2000-yillarning boshidan keng muhokama qilingan.

Lekin masalaning nozikligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjetdan olinadigan oyliklar, to‘lanadigan nafaqa va pensiyalarga bog‘liq bo‘lgani uchun bu masala doim ortga surib kelinardi.

Va nihoyat 21-may kungi farmon bilan yangi tushunchalar amalga tatbiq qilinmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, hukumatning bu boradagi siyosati kelayotgan yillarda yanada qat’iylashib borishi kutiladi.

Jumladan, hozir muomalaga kiritilgan uch tushunchaning (mehnatga haq to‘lash, bazaviy hisoblash va pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori) yanada oydinlashib, ulardan faqat birinchi ikkitasi qolishini kutish mumkin.