O‘zbek tili yagona davlat tilidir va shundayligicha qolishi kerak. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan “Русский язык нам не чужой” maqolasiga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi.

"O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi", – deyiladi ziyolilar partiyasi hisoblanmish MT tarqatgan bayonotda.

O‘tgan yillarda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun jamiyat hayotini tubdan o‘zgartirdi. Eng asosiysi, millat o‘z tilidan uyalmaydigan bo‘ldi. Biroq haligacha til va uni ishlatishda qator muammolar bor deb hisoblaydi partiya.

Lekin internetda o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, uning dunyo global tarmog‘ida munosib o‘rin egallashi uchun sa’y-harakat qilinayotgan bir paytda rus tiliga rasmiy maqom berish taklifi bilan chiqish mavhumlikdan, odamlarni chalg‘itishdan o‘zga narsa emas deydi MT partiyasi.

O‘zbek ziyolisi buning teskarisi uchun kurashishi, ya’ni o‘zbek tilining davlat tili sifatida barcha sohada qo‘llanishiga erishish, o‘zbek tilida ish yuritish tizimini yaratish ustida o‘ylashi va izlanishi shart va zarur emasmi deb savol qo‘yadi MT partiyasi.

Bizning o‘zbek ziyolilari bugungi kunda davlat tili haqidagi qonunning ijrosi haqida chuqurroq o‘ylasalar edi, balki to‘g‘ri yo‘l tutilgan bo‘lar edi. Chunki uning ijrosi borasida hali talay muammo va kamchiliklar mavjud.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining o‘rganishlari shuni ko‘rsatmoqdaki, jamoat joylarida va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning bajarilishida o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalariga amal qilinishi yuzasidan kamchiliklar mavjud.

  • 2018-yilda partiya tomonidan 5 ta viloyat, 8 ta tumanda “Davlat tili to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosi o‘rganilgan.
  • Davlat korxonalari, xususiy tashkilotlarga tegishli tashqi yozuv va reklamalarda o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalariga rioya qilinmay, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
  • Rahbarlarga qonuniy chora ko‘rish va ularni ma’muriy javobgarlikka tortish, reklama matnini o‘zbek tilida aks ettirish, zarur bo‘lganda o‘zbek tilidagi matn ostiga chet tilidagi matnini yozish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shahar hokimliklari tarkibida “Tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyasi” (Yagona darcha) bo‘limiga reklama va yozuvlarni to‘g‘rilash va nazorat qilish uchun mas’ul xodim ajratish kabi zaruriyatlar mavjudligi aniqlandi.

Partiyaning fikricha, birinchi navbatdagi vazifa davlat tili bo‘lgan o‘zbek tilidagi ana shunday holatlarni bartaraf etish va o‘zbek tili mavqeini oshirishdir.

Shu nuqtai nazardan, partiya bir guruh o‘zbek ziyolilari tomonidan bildirilgan taklifni noo‘rin deb hisoblaydi.

"Milliy tiklanish"ning fikricha, rus tili bundan keyin ham o‘zbek jamiyati hayotida o‘z o‘rni va roliga ega bo‘ladi.

"Ammo davlat tili mavqeini oshirish va “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning amalda to‘liq qo‘llanishiga erishish dolzarbroq vazifa bo‘lib qolmoqda", – deb xulosa qiladi partiya.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 2008-yilda "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi va "Fidokorlar" milliy demokratik partiyasi negizida tashkil topgan.

200 mingga yaqin a’zoga ega partiya huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, fan-texnika taraqqiyotini va O‘zbekistonning globallashib borayotgan jahonda munosib o‘rin egallashini ta’minlashni o‘zining asosiy maqsad-vazifasi deb biladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 36 deputat bilan ikkinchi o‘rinda turgan partiya milliy ziyolilar partiyasi hisoblanadi.