Milliy gvardiya surishtiruv olib boruvchi hamda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar qatoriga qo‘shilmoqda. Bu haqida 13-mayda Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalari qo‘mitasining majlisida aytilgan.

"...o‘tgan qisqa davr ichida Milliy gvardiya mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, aholini turli xatarlardan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan muhofaza qilishga qodir muhim organga aylandi. Bu boradagi vazifalarni samarali amalga oshirish, jamoat tartibini saqlash uchun mas’ul bo‘lish Milliy gvardiyaga ham qo‘shimcha huquqiy ta’sir chorasini beruvchi vakolat mexanizmlari joriy etilishini taqozo etadi", – deyiladi qo‘mitaning axborotida.

Milliy gvardiyani surishtiruv olib borish vakolatiga ega bo‘lgan, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar qatoriga qo‘shish haqidagi qonun loyihasini Oliy Majlisga Bosh prokuratura kiritgan.

Milliy gvardiya qanday jinoyatlar bo‘yicha surishtiruv olib boradi:

  • pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish (Jinoyat kodeksining 2501-moddasi birinchi qismida (bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog‘liq jinoyatlardan tashqari) nazarda tutilgan jinoyatlar);
  • o‘ta muhim va toifalangan obyektlarning qo‘riqlanishini ta’minlashga doir majburiyatlarni korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ularni bajarishga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslari bajarmasligi (JKning 2591-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar).

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Milliy gvardiyaning mansabdor shaxslari

  • 1851-moddada (pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi),
  • 2101-moddada (o‘ta muhim va toifalangan obyektlarga kirish-chiqish rejimini buzish yoki ushbu obyektlarning qo‘riqlanishini ta’minlashga doir majburiyatlarni bajarmaslik)

nazarda tutilgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzib, bayonnomani ilova qilinadigan materiallar bilan birgalikda ko‘rib chiqish uchun sudga yuborishini belgilashga oid yangi normalar mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar muhokamasiga ikkinchi o‘qishda kiritiladi.