Michigan universiteti professori Temur Xo‘jao‘g‘li Minbar bilan suhbatda o‘zbek jamiyati, xususan, adabiyoti, madaniyati va ilm-fan sohasiga tashxis qo‘ydi, lotin alifbosini isloh etishni urg‘uladi. Suhbatda jadidlar xususida qimmatli ma’lumotlar bilan birga o‘zbek olimlari boxabar bo‘lmagan ko‘pgina faktlar haqida so‘z boradi.

– Siz o‘tgan yili Toshkentda bo‘lgan xalqaro adabiyot anjumanida qatnashgan edingiz. O‘zbekiston haqida qanday fikrlaringiz bor? Bugungi O‘zbekistonda ilm-fan, adabiyot qanday ahvolda?

– O‘zbekistonga dastlab qadam tashlagan kishidan uning O‘zbekiston haqidagi taassurotlari, fikrlarini so‘rasangiz, albatta bu yerning quyoshli ob-havosi, lazzatli taomlaridan, kishilarining mehmondo‘stligidan so‘z boshlaydi. O‘zbekistonga birinchi marta 2018-yilda kelgan emasman. Shuning uchun bu savolga men bir sayyohdek javob berolmayman.

Birinchidan, bu mening O‘zbekistonga birinchi kelishim emas, men bundan oldin ham ikki marta kelganman. O‘zbekiston sovet davrida judayam qiyin bir davrni yashadi, undan keyingi mustaqillik davrining Karimov payti ham murakkab davr bo‘ldi, endi so‘nggi ikki yildan buyon yangi prezident Shavkat Mirziyoyev davrida meni ham juda xursand qilgan demokratiya va farovonlik sari yaxshi qadamlar tashlanayapti. Bunday ezgu qadamlarni e’zozlayman, uni himoya qilib chiqaman, albatta.

O‘zbekistonning adabiyot va ilm-fan sohalariga kelsak, o‘sha og‘ir sovet davrida Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Botu, Oybek, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Odil Yoqubov, Mamadali Mahmud singari judayam sabrli yozuvchi-shoirlar qiyin ahvollarda asarlab bitib, o‘zbek xalqining ruhini, ma’naviyatini, milliy ong-sezimini yuqori tutishga harakat qildilar, unda Fitrat, Cho‘lpon kabi ziyolilar Stalin davrida otib o‘ldirildi, asarlari qatag‘on qilindi.

Men o‘sha asarlar haqida 1977 –1994-yillarda "Ozodlik" radiosida o‘qigan maqolalarimda O‘zbekistondagi ziyolilarga ma’lumot berib turgan edim. Shu bois Gorbachyovning oshkoralik va qayta qurish islohotlari yuzasidan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi meni 1990-yilda o‘zim ishlab turgan "Ozodlik" radiosidan “Boburnoma” asari yozilishining 350 yilligiga bag‘ishlangan anjumanda qatnashishim uchun O‘zbekistonga da’vat qilishdi. Men o‘sha 1990-yil 20-oktyabr bilan 10-noyabr orasida O‘zbekistonda bo‘lib, Toshkent, Samarqand, Andijonda o‘tkazilgan konferensiya va marosimlarda ishtirok qildim.

O‘sha paytda o‘zbekistonlik ko‘p ijodkorlar bilan tanishdim. Shukrullo, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Rauf Parfi, Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Mamadali Mahmudov, Omon Matjon va boshqa ko‘plab yozuvchi-shoirlar, keyin akademiklar davrasida bo‘ldim. Toshkentdagi Navoiy teatrida o‘tkazilgan marosimda aytganim “Men vatanda emasman, vatan mening qalbimda” degan gapim O‘zbekistonda keng tarqalib ketgan edi. O‘sha yillar mening o‘zbek tilida yozgan she’rlarim ham O‘zbekistondagi adabiy jurnal-gazetalarda nashr etilgan. O‘zbekistonning ilmiy tadqiqot ishlari ham sovet davrida og‘ir ahvolda o‘tdi, unda hamma olimlar faqat marks-lenincha kommunistik va sovet g‘oyasiga mos yozishga majbur edilar. Tarix fani ham shunga bo‘yin sundi, Amir Temur va Turkistonning o‘tmish madaniyati qoralandi. Hozirgi yangi davrda esa O‘zbekistonning adabiyoti, san’ati, ilmiy sohalari, ayniqsa tarix fanida ham olimlarga keng miqyosda erkinlik beriladi deb umid qilayapman.

– Maqolalaringizda o‘zbeklarning buyuk adiblari Cho‘lpon, Fitrat, Elbek ijodiga G‘arbda qiziqish katta ekani haqida aytgansiz. Shu gapingizni batafsil ochiqlasangiz.

– G‘arbiy Yevropa mamlakatlari, AQSH, Turkiya, Yaponiya va Hindistonda Markaziy Osiyo tarixi, madaniyati, til-adabiyotiga nisbatan qiziqish ancha kuchli. Bu faqatgina hozirgi davrda emas, sovet hukmronligi paytida ham qiziqish katta bo‘lgan. Ayniqsa, Turkistondagi jadidchilik harakati vakillariga katta ahamiyat berilar edi.

She’riy sohada ham Cho‘lpon, Fitrat, Elbek va Oybekning ijodiga hurmat katta edi, chunki ular siyosiy davrga qarab propaganda she’rlar yozmaganlar, ular kishining erkinligi, tuyg‘ulari haqida go‘zal she’rlar yozib qoldirganlar. Millatni hurlikka chorlashni ular ichki bir burch deb bilishar edi. Ularning she’rlari lirikaning eng yaxshi namunalari deb baholanadi.

Cho‘lpon, Oybekning she’riyati borasida 1970-yillarda AQSH universitetlarida dissertatsiyalar yozilgan, kitoblar chop etilgan, maqolalar yozilgan. O‘sha paytlarda bu haqda O‘zbekistonda so‘z aytish imkoni yo‘q edi. Men ham o‘sha yillarda nashr etilgan maqolalarimda Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Oybekning lirikasini tahlil qilib chiqqanman. Cho‘lponning 20 ta she’rini ham turk tiliga, ham ingliz tiliga tarjima qildim.

– "Germaniyada o‘zbek adabiyoti" degan kitob ustida ishlayotgan ekansiz, Germaniyaga Turkistondan borgan talabalar qo‘lyozmalari sizda mavjud ekan.

– Ha, to‘g‘ri, lekin Germaniyadagi faqat o‘zbek emas, boshqa turkiy tillar: qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida nashr etilgan adabiyot, ya’ni “Germaniyadagi Turkiston adabiyoti” nomli bir kitob ustida ishlayapman. 1920 – 1922-yillarda hali O‘zbekiston qurilmasdan oldin mavjud bo‘lgan Buxoro jumhuriyati (bu sovet respublikasi emas edi, o‘zi erkin davlat edi) Moskva, Istanbul va Germaniyaga oliy ta’lim-tarbiya olishlari uchun o‘zbek talabalarini yuborganlar.

Германияда ўқиган ўзбек талабалари
Germaniyada o‘qigan o‘zbek talabalari.

1940 – 1943-yillari, Ikkinchi jahon urushi paytida sovet armiyasidagi ko‘p sonli o‘zbek, qozoq, turkman, qoraqalpoq, tojik va qirg‘izlar nemis qo‘shinlariga asir tushib Germaniyadagi lagerlarga yuborilgan.

Keyin 1921-yilda Fitrat tomonidan Germaniyaga yuborilgan o‘zbek talabasi Vali Qayumxon degan kishi o‘sha asirlar lagerlaridagi turkistonliklarni ozod qilib natsistlar armiyasiga bog‘liq bir Turkistan legioniga askar qilib qo‘shib olgan. Keyin o‘sha Turkiston legioni sovet armiyasiga qarshi urushgan. O‘sha Turkiston legionidagi askarlar orasida shoir va yozuvchilar ham bo‘lgan. Turkiston legioni oldidagi adabiyot to‘garagi oylik “Adabiyot” nomli jurnal bilan “Yangi Turkiston” nomli gazeta nashr qilgan. Mana o‘sha gazeta-jurnalda nashr etilgan she’rlar, hikoyalar, qissalar, adabiy maqolalar, romanlar, dramalardan ba’zilari kitob bo‘lib ham nashr etilgan. Shu adabiyotning barchasi mening qo‘limda bor. Men o‘sha adabiy materiallarmni yig‘ib “Germaniyada Turkiston adabiyoti: 1941-1945” nomli bir antologiya tayyorlayapman.

– Ergash Uchqun, “O‘lsam janozamni Turkistonda qayta o‘qing” degan shoir Xushnud haqida aytgansiz. Yana biz bilmagan qaysi o‘zbek shoirlar haqida ma’lumot bor sizda?

– Albatta, o‘sha paytda yashab ijod qilgan ko‘p sonli shoir va yozuvchilar bor – o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman tillarida ijod qilgan. Ular haqida kitobimda batafsil ma’lumot beriladi. Hozircha ular haqida ma’lumot bermayman.

– Konferensiyada “Men uchun 20-asrning eng buyuk yozuvchi va shoiri Cho‘lpondir. Uning ozodlikka undovchi propogandik she’rlarini ingliz tiliga tarjima qilganman” degan edingiz. Cho‘lpon qay jihatlari bilan buyuk?

– Shoir Cho‘lponning yozganlari quruq she’r emas, ular jahon adabiyotining eng go‘zal lirikalari hisoblanadi. Uning she’rlarida kishining ichki his-tuyg‘ulari o‘qiladi. Bunday ulug‘ shoirlar judayam kam.

Cho‘lponning qatldan oldin olingan surati.

Shuni ochiq-oydin aytsam bo‘ladi: albatta, Cho‘lpondan keyin ham o‘zbek adabiyotida ko‘p sonli yaxshi shoirlar bo‘lgan, lekin ularning hech birining she’rlari Cho‘lponning lirikasi saviyasida emas.

Bizning qadimiy adabiyotda, Chig‘atoy deb atalgan davrda, ko‘p yaxshi shoirlar bor, lekin ularning shoirlik darajasi Navoiydek emas. Mening fikrimcha, bizning eski adabiyotimizdagi cho‘qqi Navoiy bo‘lsa, yangi zamonaviy adabiyotimizdagi cho‘qqi Cho‘lpondir. Cho‘lpon judayam yosh, 45 yoshida otib o‘ldirildi, u yana 20 yil yashaganda edi, yanada balandroq she’rlar yozgan bo‘lardi.

– O‘zbek xalqi o‘z ildizlaridan uzilib qolmaganmi? AQSH, Turkiya va o‘zbek ziyolilarini taqqoslab berolasizmi? Bugun O‘zbekistonda Cho‘lpon, Fitrat kabi buyuk ziyolilarga munosib izdoshlar ko‘rinmayotgandek. Ular ilgari surgan g‘oyalar o‘tgan asr boshidan asr oxirigacha yetib bormadi nazarimda.

– Bu savolingiz judayam to‘g‘ri va mazmunli. Agar bizning minglab ziyolimiz 1937 – 1940-yillar orasidagi Stalin qatag‘onlarida, keyin Ikkinchi jahon urushida, yana sovet lagerlarida halok bo‘lib ketmaganda, O‘zbekistonning madaniyat, til, adabiyot sohasidagi taraqqiyoti judayam zo‘r va yuksak bo‘lardi.

Buni biz Turkiya va Yevropaning boshqa ilg‘or mamlakatlari, AQSHdagi vaziyat bilan solishtirganimizda yaqqol ko‘rinadi.

Ayniqsa, sovet davrida til va adabiyot sohalaridagi bosim va senzura judayam dahshatli edi.

Turkiyaning 1920-yildan bugungacha bo‘lgan adabiyoti she’riyat, hikoya , roman janrlarida judayam yuqori o‘rinda turadi, turkiyalik romanchi O‘rxon Pomuq 2006-yilda jahonning eng yirik mukofoti Nobelni oldi. Turkiyadagi shoirlarning she’rlari bir-biridan mustaqil, turli yo‘nalishlarda, ularda teranlik va so‘zni boshqacha aytish judayam kuchli.

Afsus, sovet davridagi bosim-siqimlar tufayli o‘zbek shoirlarida bir-biriga o‘xshash yozish kuchaygan, o‘ziga xos boshqa bir uslubda she’r yozadigan shoir soni judayam oz. Bu shoirlarning aybi emas, 60 yil davomida adabiyotni bosim-siqimda tutgan sovet hokimiyatining bir aybi bu. Biroq hozirgi mustaqillik davrida turli shoirlar orasida o‘ziga xos boshqacha yo‘l – uslub qidirganlar soni ortayotganidan xursandman. Bunda men yosh avlodga suyanaman, ular orasidan yangi cho‘lponlar chiqadi degan umiddaman.

– Jadidlar chet ellarga yoshlarni o‘qitib kelish tarafdori bo‘lgan edi. Bugun shu orzular ushalgan. O‘zbek yoshlari chet ellarda o‘qishayapti, lekin hammasi ham vatanga qaytmayapti.

– Albatta, chet elga yuborilganlar orasida ba’zilari chet ellarda qoladi, biroq ko‘pchiligi o‘z vataniga qaytib kelib ishlaydi.

O‘sha 1921 – 1923-yillar orasida yuborilganlardan deyarli ko‘pchiligi Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida qolib ketgan. Bunga asosiy sabab esa sovet hokimiyati edi. Stalin o‘sha qaytib kelganlardan ba’zilarini qamab qo‘ydi yoki Sibirdagi lagerlarga yubordi, ular chet elda burjuacha fikrlarni o‘rgangan degan tuhmat bilan.

Agar yurtdagi siyosiy-iqtisodiy sharoitlar yaxshi bo‘lsa chet ellarga yuborilganlar qaytib keladi, kim o‘z ota-onasidan uzoqda yashashni istaydi?

Turkiyadan ham 1930-yillardan bugungacha Yevropa mamlakatlari va AQSHga o‘n minglab turk talabasi yuborildi, ularning bir qismi u yerlarda qolishdi, biroq ko‘pchiligi qaytib kelib, o‘z yurtida xizmat qildi.

Каримов ва Умидчилар
Karimov va AQSHda o‘qigan "umidchilar". Keyinchalik "Umid" fondi yopilib ketdi.

Yuborgan talabalarimiz chet ellarda qolib ketadi degan gumon bilan talabalarni chet ellarga yubormasak, unda yurtimizning taraqqiyotiga yangi kadrlarni tayyorlay olmaymiz. Bundan qo‘rqmaslik kerak.

Mana 1920-yilda Turkistondagi jadidlar qo‘rqmasdan Istanbulga, Moskvaga, Yevropaga talaba yuborishdi. Bu bir tajriba edi – yuz yillardan keyin ham o‘lmaydigan tajriba. Mana misol, bugun Xitoy ham birgina AQSHga yiliga yuz minglab talaba yoshlarini yuborayapti.

– Turkiy xalqlar bugun bir-birining na yozuvini o‘qiy biladi, na tilini anglay biladi. Hozirgi o‘zbek alifbosini mukammallashtirish bo‘yicha sizda qanday takliflar bor?

– Mana eng dolzab masalalardan biri, balki birinchisi bu: 1926 – 1938-yillar orasida Sovet ittifoqidagi barcha turkiy xalqlar bitta lotin alifbosida yozganlar, 12 yil davomida. O‘sha lotin yozuvi barcha turkiy tillar uchun yagona mushtarak alifbo edi. Lekin Turkiya ham 1928-yilda lotin alifbosiga o‘tganda, sovet hukumati cho‘chib qoldi, sovetdagi turkiy xalqlar bilan Turkiyadagi turklar o‘sha lotin yozuvida bir-birovining yozganlarini o‘qib, Turkiyadagi burjua fikrlariga berilib, kommunizmdan qochib ketadi deb qo‘rqishdi va sovetdagi turkiy xalqlarning lotin alifbosini 1938 – 1940-yillarda kirill alifbosiga o‘zgartirdi.

Bu gal sovet hukumati shu ishni qildi: 18 turkiy til uchun 18 ta bir-biriga o‘xshamas 18 ta kirill alifbosini ishlab chiqib berdi.

Mana endi qaytadan lotin alifbosiga o‘tayotgan turkiy xalqlar nima qilayapti? O‘sha sovet siyosatini davom qildirmoqdalar: o‘zbeklar o‘ziga xos alohida lotin alifbosi tuzdi, qozoqlar ham hozir o‘zbek lotin alifbosiga o‘xshamagan boshqacha bir alifbo tuzib chiqmoqdalar. Faqat Ozarbayjon 34 harfli mushtarak lotin alifbosini qabul qildi. Nima uchun o‘sha 34 harfli alifboni o‘zbeklar va qozoqlar olishni istamayapti? Men buni tushunmayman.

Axir o‘sha 1926 – 1938-yillarda mushtarak lotin alifbosini barcha turkiy xalqlar ishlatgan, nima uchun bugun “mening lotin alifbom boshqalarnikiga o‘xshamasin!” degan fikr bildirilmoqda?

Menimcha, turkiy xalqlar shu “men-manchilik”ni tashlab yagona bitta lotin alifbosini qabul qilsa, unda qardosh xalqlar bir-birining yozganlarini osonlik bilan o‘qib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu alifbodan tashqari o‘zbek tilida 1934-yilda tildan olib tashlangan ö, ü, ı kabi uchta unli tovush muammosi bor. 1934-yilgacha o‘zbek lotin alifbosida ingichka aytilgan “ö” (ölim), “ü” (üzum) bilan yo‘g‘on aytilgan “ı” (qız) harflari bor edi, lekin bu uchta unli tovushga yarasha uchta harf o‘zbek alifbosidan olib tashlandi, bugun “o‘zbek” deb yozilmoqda, aslida bu so‘zning to‘g‘risi “özbek” shaklida yozilishi kerak. Masalan, “bo‘lmoq” (bor bo‘lish) bilan “bölmak” (ikkiga ayirish) boshqacha tovushlar. Garchi judayam qiyin bo‘lsa-da, bu muammo o‘zbek tilshunoslari tomonidan yechilib, o‘sha tildan olib tashlangan uchta unli tovushning harflari yangidan o‘zbek alifbosiga kiritilishi zarur.

– Bugun chet elda qaysi o‘zbek shoiri yoki yozuvchisini ko‘proq bilishadi? Hamid Ismoilni taniysizmi? Chet el saytlari ko‘proq shu yozuvchi chet elda ko‘p o‘qilishini aytishadi.

– Bu savolingizga hozircha javob qaytarmayman, kechirasiz!

– O‘zbek madaniyati, til va adabiyoti oldida turgan asosiy muammolar haqida gapirsangiz.

– Mening fikrimcha O‘zbekiston va o‘zbeklar uchun eng dolzarb masala, birinchidan, hozirgi buzuq lotin alifbosi isloh qilinib, 34 harfli mushtarak turkiy lotin alifbosini ishlatish lozim. Ikkinchidan, o‘zbek tilining buzilgan fonetikasi tuzatilishi zarur, Cho‘lpon hozirgi buzilgan o‘zbek fonetikasida emas, o‘sha ichida uchta: ö, ü, ı unli tovushlari bo‘lgan o‘zbek yozuvida yozgan.

Men nima demoqchiman, Cho‘lpon yozgan o‘zbek tiliga qaytish zarur.

Olim haqida ma’lumot:

Temur Xo‘jao‘g‘li bolsheviklardan qochib Turkiyaga borib qolgan o‘zbeklarning avlodidir. U Istanbul shahrida tug‘ilgan, AQSHda tahsil olgan. Michigan universiteti professori, O‘zbekiston tarixini 60 yildan beri o‘rganadi.