Gaz taqsimlash tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish va iste’molchilarga tabiiy gazni sotish bilan xususiy operatorlar shug‘ullanishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev 9-iyulda imzolagan qarorda bu sohaga davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini kiritishni Energetika vazirligiga topshirgan.

Energetika vazirligi 1-sentyabrga qadar gaz ta’minoti ob’yektlarini xususiy operatorlarga berish tartibini ishlab chiqishi kerak. Bu tartibda:

  • investorlarni tanlash, shartnomani tuzish va bekor qilish,
  • vositachilik to‘lovlari miqdorini belgilash va to‘lash,
  • Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining boshqaruvga beriladigan hududda tabiiy gaz uchun to‘lovlarni yig‘ish bo‘yicha vazifalarini xususiy operatorlarga berish tartibi va investorlarga qo‘yiladigan boshqa talablar ko‘zda tutilishi kerak.

Minbar so‘roviga MIB matbuot xizmati bu qarorni to‘g‘ri talqin qilish lozimligini va byuro vakolatlarida hozircha hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini bildirdi.

"Bor-yo‘g‘i xorij davlatlaridagi kabi xususiy operatorlarga berish uchun nizom loyihasi ishlab chiqiladi. Ma’qul kelsa va, asosiysi, buni o‘z zimmasiga oladigan investormi, tadbirkormi topilsa, balki bu vakolat ketishi mumkindir. Biroq MIB vakolatlarida hozircha hech qanday o‘zgarish yo‘q".

Bu chora neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirishning bir qismidir. Prezidentning ayni qarori bilan tabiiy monopoliya bo‘lmish “O‘zbekneftgaz” AJ gazni qazib olib qayta ishlovchi, gazni yetkazib beruvchi va aholiga sotuvchi uchta mustaqil tuzilmaga bo‘lindi.