Nishonlik Malika Mayyaning she’ri internet olamida mashhur bo‘ldi. Xalqdan chiqqan shoir birgina ijtimoiy she’r orqali odamlar ko‘nglidagi gapni barchaga birdek yetkazish mumkinligini isbotladi.

Millat shoirlari hamma zamonlarda o‘z jamiyatiga tashxis qo‘yadi, xalqning kayfiyatini she’rlarida aks ettiradi.

"Tor ko‘ngulli beklar, man-man demang, kenglik qiling,
To‘qson ikki bovli o‘zbak yurtidur, tenglik qiling", – deb yozgan edi Turdi Farog‘iy Subhonqulixon davrini tanqid qila turib.

20-asrda jadidlar ijodida millat taqdiriga javobgarlik va xalq dardi aks etdi. "Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir", – degan edi Cho‘lpon.

Qayta qurish davrida o‘zbek she’riyati ijtimoiy kayfiyatga berilgan edi, odamlar nazdida shoir xalqning yuragidagi dardini ayta olardi.

Bugungi she’riyat esa odamlar nazdida maddohlikka urg‘u beradi: odamlar dardini aytishga emas, ularni shukronalik ruhi bilan to‘yintirishga urinadi.

Ijodidan namunalar taqdim etilayotgan, vatanni ulug‘lash va shukronalik kayfiyatiga yo‘g‘rilgan she’rlar yozib yurgan ba’zi shoirlar umrining oxirida xalq dardini ham ayta olgan bo‘lsa, yana ba’zilari xalq dardini aytishda doimo sobit bo‘lgan.

1Abdulla Oripov

VATANIM

Har bir uyda ayg‘oqchi, har qadamda iskovich,

Odamni ko‘rsa qochar bedovlaring hurkovich.

Oshingga zahar soldi g‘animlaring bir hovuch,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

Non bermaydi va lekin non yeganni o‘ldirar,

O‘sib turgan niholni ayoz kabi so‘ldirar.

Bozor bormay qo‘yningni puch yong‘oqqa to‘ldirar,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

Har ko‘chada ming mirshab, har go‘shada avaxta,

Haq deganning og‘zi berk, qon yutar laxta-laxta.

O‘zi-ku paxta ekkan, yostig‘i bo‘ldi taxta,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

Ilmu irfon jaholat g‘origa kirib ketdi,

O‘lik tirikdan o‘tdi, tirik o‘likdan o‘tdi.

Adolat istab borsang yolg‘on tirshayib kutdi,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

Qaylargadir yo‘qoldi mehr bilan muhabbat,

Qo‘lida xanjar ushlab adovat qoldi faqat.

Yomon gap arzon-garov, yaxshi gap bo‘ldi qahat,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

To‘g‘rigo‘ylar bir chetda, e’zozdadir ig‘vogar,

Qaytdik o‘rta asrga, odam pullar savdogar.

Ming yillik xazinangni talab yotar o‘g‘ri, g‘ar,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

O‘lib ham bo‘lmay qoldi, yuvg‘ich urar kafandan,

Kimlardandir yuqqan kir ketmas sira badandan.

Quruq xashaklar qoldi gullab turgan chamandan,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

Quvgan ham xalqim deydi, xalqim deydi qochgan ham,

Lekin xalqning ahvolin o‘ylamas biror odam.

Jallod ham xalq nomidan o‘qir farmonni u dam,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

Turfa xil zamonlarni ko‘rgan bitta insonman,

Goh faxr etsam, goho baridan pushaymonman.

Netayki men na Xorun, na yoki Sulaymonman,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

Barchasiga sababdir asli nafsning balosi,

Mehnatkash xalqning esa yechilmas muddaosi,

Inshoolloh, bandaga boqqay bir kun xudosi,

Yovuzlarning qo‘lida gulday vatanim qoldi,

Boshida panohi yo‘q tulday vatanim qoldi.

2Erkin Vohidov

EGIL, O‘ZNI PANA QIL

Egil, o‘zni pana qil,

Borligingni bildirma.

Yo‘talganga o‘n besh yil,

Aksirganga yigirma.

Kar bo‘l, ko‘r bo‘l, tishla til,

Boshga balo keltirma.

Gapirganga o‘n besh yil,

Eshitganga yigirma.

Qalamingni dushman bil,

Qog‘oz uzra jildirma,

Roman yozsang – o‘n besh yil,

Doston yozsang – yigirma...

3Muhammad Yusuf

CHO‘CHQALAR

Cho‘chqa bosib ketdi mening bog‘imni,

Biri-biridan oq, semiz cho‘chqalar.

Non so‘rab yalaydi hammayog‘imni,

Hech to‘ydim demaydi bu go‘rso‘xtalar.

Yerlarga yumalab chinqirar xurram,

Payhon qilib chaman gulzorlarimni.

Buzadi, ter to‘kib men neki qursam,

Kezadi muqaddas mozorlarimni.

Qanday olishayin cho‘chqalar bilan,

Ularning ajdarlar bilan eti bir.

Ularning tusi bir bochkalar bilan,

Ularning kallasi bilan keti bir!..

Cho‘chqa bosib ketdi mening bog‘imni,

Biri-biridan oq, semiz cho‘chqalar.

Ko‘ppaklarday talab hammayog‘imni,

Hech to‘ydim demaydi bu go‘rso‘xtalar.

Bechora maxluq deb rahmim kelgandi,

Yomonlik yo‘q edi aslo dilimda.

Bog‘imni-ku vayron qilgandi, ammo

Xo‘rillab gapir der mening tilimda.

Evoh, cho‘chqalardan bezorman bu kun,

Alam gulxanida yonmoqda ichim.

Olloh, Olloh, o‘zing bir chora qilgin,

Mening cho‘chqalarga yetmaydi kuchim.

4A’zam O‘ktam

SAROY

Qo‘riqlasa arzir bu joyni itlar,

Itdan-da jonsarak soqchilar kerak.

Mudom anqib turar g‘alati hidlar,

Sal uzoq qarashga dov bermas yurak.

Hattoki qarg‘a ham qurmaydi vatan,

Uni obod etar turfa soliqlar.

Farishta qochganday nahs bosgan yerdan,

Yaqin yo‘lamaydi mo‘min, solihlar.

Pora olib kelsa – kirar to‘ra ham,

Yuqtirib chiqar so‘ng bundagi kirdan.

Gar fuqaro kirsa, qaytari mubham,

Chiqsa, jazo olib chiqar bu yerdan.

Sepilar adovat, kin urug‘lari,

Xiyonat urchiydi bu yerda faqat.

Ko‘z bo‘yab kun ko‘rar el ulug‘lari,

Haromning ustida turar saltanat.

Yupun xalq jimgina yashaydi, hayhot,

Yoki ich-etini, yo bir-birin yer.

Asl dushmanidan kutar-da najot,

O‘zi kirolmagan joyni qutlug‘ der.

Butun umr millat ruhini tarbiyalashga xizmat qilgan shoirning ushbu san’atkorona she’rini ham taqdim etamiz.

5Rauf Parfi

Ey jafokash inson, ojizsan buncha,

Yo‘q, sen mavjudotning qismisan axir,

Insonsan, Allohning ismisan axir,

Sensan, toki mahshar qa’ri yutguncha.

Zamin o‘yinchoqdir zulm dastinda,

Qo‘rchoqboz hukminda muslimu tarso,

Sag‘irlar singari sanqirmiz sarson,

Mehrsiz, muruvvatsiz og‘riq dashtinda.

Zulm och ofatdir, zulm g‘ar, g‘arib,

Non so‘raydir, jon so‘raydir, so‘rar qon.

Hamon intizordir tafakkur, tarix,

Tantana qilurmi xo‘rlangan inson?!

Sabr ila sayyora so‘ndi sarg‘arib

Yorab! Qachon kelur ul ayyom. Qachon?!