Kun.uz o‘zining jurnalistlari Toshkentda mansabdor shaxs tomonidan tajovuzga uchragani haqida video e’lon qildi.

Video lavhada Kun.uz muxbiri voqea qanday ro‘y berganini hikoya qilib bergan.

Kun.uzga ko‘ra, tadbirkor 1,5 mlrd so‘m sarflab, muhtoj oilalar uchun uy qurgan, ammo Toshkentning Olmazor tuman hokimligi 800 million so‘mni 10 oydan buyon to‘lamay yuribdi.

Nega degan savolni bergan tadbirkor va Kun.uz veb-sayti tahririyati xodimlari Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning tajovuziga uchragani tasvirlangan videoda.

Mansabdor shaxsga murojaat qilingan vaqt va bundan keyin ro‘y bergan hodisaning videosi Kun.uz veb-sayti va saytning Youtubedagi kanalida e’lon qilindi.

Videoda hokim o‘rinbosarining jurnalistlarga zo‘ravonligi aks etgan.

Kun.uz xabar qilishicha, mansabdor shaxs tahririyatga tegishli shtativni sindirgan.

"Qayd etish kerakki, bu Abdurasul Vahobovning Kun.uz ijodiy guruhiga birinchi marta tajovuz qilishi emas. Shu yilning yanvarida ham aynan ushbu amaldor ko‘pchilik oldida ogohlantirib o‘tirmay, sayt videokameralariga yopishib, operatorlarga tashlangan edi. O‘shanda bu holatga ko‘z yumilgan edi. Biroq, bu mas’ul shaxsning bu safargi harakati hech qanday axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi", deb yozadi Kun.uz

Tahririyat mas’ul idoralardan Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarining zo‘ravonligiga huquqiy baho berishni so‘ragan.