Chingizxonni “sermahsul ajdod” deyish mumkin. Nega deganda yer yuzida yashayotgan 16 millionga yaqin odam o‘zini Chingizxon naslidan deb biladi. Ingliz va fransuz olimlari Osiyodagi 137 ta hududda yashaydigan erkaklarning DNK namunalarini o‘rganish natijasida shu to‘xtamga kelishgan.

"Kaktakto" nashri Markaziy Osiyodagi qaysi xalqlar Chingizxonning avlodi bo‘lishi mumkinligini o‘rgandi.

2005-yilda olimlar Mo‘g‘ulistonda genetik tekshiruv o‘tkazishadi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra Chingizxon avlodi deb bilinadigan erkaklarning 8 foizining genomida qadimgi ajdodiga tegishli Y-xromosoma borligi aniqlangan.

Qirg‘izlar

2003-yilda falsafa fanlari doktori Tatyana Zerdjal boshchiligidagi olimlar guruhi Qirg‘izistondagi erkaklarning DNK materiallarini tahlil qilishdi. Tadqiqotga ko‘ra bir nechta gaploguruh aniqlangan, ya’ni DNK tarkibida gaploguruh R1a va gaploguruh S2b joylashgani ma’lum bo‘lgan. Gaploguruh umumiy ajdodga ega bo‘lgan, lekin vaqt o‘tishi bilan mutatsiyaga uchragan gaplotiplar guruhidir.

Olimlar S2b gaploguruhiga alohida to‘xtaladi. Tadqiqotlarda ushbu gaploguruh Chingizxon avlodlari, ya’ni chingiziylarning DNKsida borligi aniqlangan.

Bu gaploguruh nihoyatda qadimiy bo‘lib, unda yuqori konsentratsiya kuzatiladi. Xuddi shu gaploguruh Avstraliya aborigenlarining DNKsida ham uchraydi.

S2b gaploguruhi taqsimoti.

Tahlillar natijasida yuqori konsentratsiya kuzatiladigan ushbu gaploguruhlar DNKsida saqlanib qolgan odamlar faqat Mo‘g‘uliston va Avstraliyada yashaydi degan to‘xtamga kelindi.

Tadqiqot xulosasiga ko‘ra qirg‘izlardagi genlarning 12,2 foizini S2b gaploguruhi, 7,3 foizini S2s gaploguruhi tashkil etgan. Bu natija qirg‘izlar o‘zlarini Chingizxonning avlodi deb atashlari mumkinligini ko‘rsatadi.

Qozoqlar

Qozoqlarning DNK materiallarini genetik tahlil qilish natijasida ular o‘zlarini bemalol Chingizxon avlodi deb bilishlari mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Genetik tahlilga ko‘ra qozoqlardagi to‘ra urug‘iga mansub 36 foiz odamning DNKsida S2b gaploguruhi borligi aniqlangan. Genetik tahlil qozoqlarning juz klassifikatsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan.

Tarixdan ma’lumki, qozoqlar juzlarga bo‘linib boshqarilgan. Juzlarga boshchilik qilgan chingiziy hukmdorlar qonun bilan o‘zlari uchun juda ko‘p imtiyozlarni joriy etib olishgan edi.

Qalmoqlar

Bu xalq Chingizxon avlodi sifatida g‘ururlanishi mumkin. Chunki ular Chingizxonning uchinchi o‘g‘li O‘qtoydan tarqalgan. Etnografik va genetik ma’lumotlarga ko‘ra qalmoqlarning DNKsida chingiziylar genini tashuvchi s2b1b1 geni mavjud.

Bugungi kunda Qalmog‘istonda yashovchi 183 ming kishidan taxminan 200 nafari ushbu genning bevosita tashuvchisi hisoblanadi.

Chingizxon genining taqsimoti.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qirg‘izlar, qozoqlarning to‘ra urug‘i va qalmoqlar o‘zlarini Chingizxon avlodi deb atayversa bo‘ladi.