O‘tgan bir yil ichida qo‘shni respublikalar, jumladan, O‘zbekistonda dollar narxining oshishi manzarasida Qirg‘iziston ichki bozorida bu valyuta qiymati deyarli birdek muvozanatda ushlab turilgani kuzatiladi.

Ammo qanday qilib?

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston Davlat milliy banki joriy yilning 31-may kuni valyuta bozorida 27 million dollar sotgan.

"Bu joriy yildagi uchinchi intervensiya. 16-yanvar kuni 18,8 million dollar, 8aprelda esa 22,8 million dollar sotuvi amalga oshirilgan. Mazkur intervensiya o‘tgan yilning dekabr oyi boshidan beri eng kattasi. O‘sha paytda u 35 million dollarni tashkil etgan", deyiladi bank bayonotida.

Milliy bank an’anaviy (muntazam) ravishda dollarning oshishini oldini olish maqsadida chet el valyutasini sotuvga chiqaradi. Hozirgi kundagi, aniqrog‘i 29-avgust kungi 1 AQSh dollarining qirg‘iz so‘miga nisbatan qiymati 69 so‘m 81 tiyinga teng. 31-may kungi dollar narxiga taqqoslaganda, 0,04 tiyinga qimmatlagan. Bu so‘ngi uch oyda saqlanib qolayotgan ko‘rsatkichdir.

Respublikada faoliyat olib boruvchi 25 tijoriy banklarning kundalik valyuta narxlarini valuta.kg saytida kuzatish mumkin.

"Biz har kuni milliy bank taqdim etgan valyutalar narxi asosida ish olib boramiz. Undan haddan ortiq yoki kam narx qo‘ya olmaymiz. Bo‘lgani tiyin farq qiladi. Sababi, boshqa banklardagi narxlar va raqobatni ham inobatga olishimiz kerak. Ba’zida valyutalar narxi tez-tez almashib turishi natijasida ziyonga ham uchraymiz, yoki aksincha... Mijozlar ehtiyojini qondirish maqsadida ishlar ekanmiz, turli xil xavflarga ham duch kelamiz", deydi O‘shdagi banklarning birida ishlovchi Hikmatillo biz bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tijoriy banklar milliy bank talablariga rioya qilmagan taqdirda, qonunchilikda ko‘zda tutilgan jazo choralari qo‘llaniladi.

"So‘nggi 3 yilda respublikadagi valyutani erkin almashtirish shoxobchalaridagi narxlar ham milliy bank tarafidan nazorat ostiga olingan. Ulardagi narxlar uncha katta bo‘lmagan farq bilan bir xilda ushlab turilmoqda. Sababi aksar hollarda valyuta narxlarining sun’iy ravishda oshishiga aynan shu qora bozor ta’sir etishi aytiladi".

Qirg‘izistonda 2015-yilning noyabr oyi boshidan 2016-yilning mart oyi oxirigacha 1 dollar narxi 70 qirg‘iz so‘midan oshgani kuzatiladi.

Eng yuqori dollar qiymati esa yanvar oyida 75 som 90 tiyinni tashkil etgan. Bu esa respublikadagi narx-navoning keskin qimmatlashishiga sabab bo‘lgan.

Importning ta’siri

Mutaxassislar fikricha, Rossiya va Qozog‘istondagi iqtisodiy vaziyat mintaqadagi davlatlarga o‘z ta’sirini yetkazadi.

Foto: COURTESY

Iqtisod bo‘yicha tahlilchi Ilhom Saypidinovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu davlatlarda dollar narxining ko‘tarilib yoki tushishi ularda mavjud neftning dunyo bozoridagi qiymatidan talab etadi.

"Agar neft arzonlasa, dollar qimmatlaydi yoki askincha. So‘nggi yillarda bu ikki davlat neft esporti va dollar valyutasidan mustaqil bo‘lishni xohlamoqdar, biroq bo‘la olishmayapti. Sababi dollar dunyo iqtisodiy inqiroz paytidagi himoyalangan, ya’ni zaxiradagi valyuta bo‘lib qolmoqda", deydi iqtisodchi.

Uning fikricha, dollar narxining oshishiga so‘nggi paytlarda Amerika bilan Xitoy orasidagi iqtisodiy urush ham sabab bo‘lmoqda.

Natijada, bundan nafaqat Xitoy, balki Yevropa va Rossiya ham ma’lum darajada aziyat chekmoqda.

"Shu sababdan, yirik kapital egalari qimmatbaho qog‘ozlarga sarmoya yotqizish o‘rniga, naqd pul, dollarni sotib olishmoqda. Natijada dollarga bo‘lgan talab kuchaymoqda va o‘z navbatida dollarning qimmatlashuviga olib kelmoqda", deya tahlil qiladi Ilhom Saypitdinov.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qirg‘izistonda valyuta savdosini erkin amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.

Biroq davlat milliy banki valyuta bozoridagi narxlarni nazorat qilib, muvozanatni saqlab turadi.

Agar dollar ko‘payib ketsa, uni sotib oladi, ozayib ketsa, sotuvga chiqaradi. Shu tariqa milliy valyutani dollarga nisbatan narxini ushlab turadi.

"O‘zbekistonda dollar narxining oshishi davlatning valyutalarni liberilizatsiyalash bo‘yicha qonunchiligiga bog‘liq deb o‘ylayman. Avvallari odamlar bankka borib dollarini almashtirishi mumkin, biroq uni sotib ololmasdi. Yangi qonunga ko‘ra, hozir xohlagan odam bankdan dollar sotib olishi mumkin. Shu sababdan biroz vahima bo‘lmoqda. Bularning barchasi vaqtinchalik deb o‘ylayman", deya umid bildiradi suhbatdoshimiz.

Dollar qimmatlamaydimi?

Suhbatdoshimiz Qirg‘izistonda yaqin kelajakda dollar narxining oshmasligini taxmin qiladi. Sababi, respublikadagi savdoning 70 foizini import, 30 foizini esa eksport tashkil etadi.

"Agar dollar qimmatlasa, import qilinayotgan mahsulotlarga ham ta’sir qiladi va bu o‘z navbatida ichki iste’mol inqirozini (inflyasiya) keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun milliy bank dollar narxini bir me’yorda ushlab turishga harakat qiladi", deya fikr bildiradi iqtisodchi Ilxom Saypitdinov.

Foto: COURTESY

U, agar, Rossiya va Qozog‘istonda dollar narxi ko‘tarilgan taqdirda ham, ularning valyutasi qirg‘iz so‘miga nisbatan arzonlaydi, deb hisoblaydi. Bunga so‘nggi yillarda Rossiya rublining qirg‘iz so‘miga deyarli teng bo‘lganini misol keltirish mumkin. Avvallari bir rubl deyarli 1,5 qirg‘iz so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda esa 1,05 qirg‘iz so‘miga barobar.

Bundan bir necha yil avval Rossiyada boshlangan iqtisodiy inqirozdan so‘ng, ushbu davlatda ishlayotgan ayrim muhojirlar o‘z yurtlariga qaytgani kuzatiladi. Avvallari ishlab, topgan pullarining asosiy qismini o‘z yurtiga yuborib, qolganini xarajatlariga taqsimlagan bo‘lsa, endi esa topgan pullari xarajatlaridan oshmayotganini aytadi.

Muhojirlar puli

Markaziy Osiyo davlatlarida ish o‘rinlari va ish haqqining ozligi sabab, ishga yaroqli aholining aksariyati Rossiyaga ketadilar.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarim yilida davlatga 15 milliondan ortiq chet el fuqarolari kelgan bo‘lsa, ulardan 2,4 millioni ishlashni maqsad qilgan.

Bu davlat chegarasini 918 ming O‘zbekiston, 524 ming Tojikiston, 265 ming Qirg‘iziston, 164,6 ming Ukraina va 105,3 ming Qozog‘iston fuqarolari kesib o‘tgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning birinchi uch oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 1 mlyard 296 million dollar jo‘natilgan. O‘tgan yili esa jami 4 milliard dollar yuborilgan.

Tojikistonliklar birinchi uy oylikda 673 million dollar, o‘tgan yili esa 2,5 mlrd dollar o‘z vatanidagi yaqinlariga yuborgan.

Qirg‘iziston fuqarolari birinchi chorakda 649 million dollar yuborgan bo‘lsa, o‘tgan yili yillik ko‘rsatkich ja’mi 2,4 mlrd dollarni tashkil etgan.