Davlat maktablariga nemis va fransuz tillari qaytariladi va o‘quv dasturlari ixtisoslashtiriladi. Bu haqda hukumat qarori loyihasi tayyorlangan.

Bu tillarga ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifasi umumiy o‘rta ta’limning davlat standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda nemis va fransuz tillarini chuqur o‘qitishdir.

«Oxirgi 2 yil davomida O‘zbekistonning tashqi siyosati yangi bosqichga ko‘tarilib, Fransiya va Germaniya davlatlari bilan har tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xususan, mamlakatimiz rahbarining Fransiya va Germaniyaga, shuningdek, Germaniya prezidentining yurtimizga tashrifi davomida imzolangan o‘zaro hamkorlik aloqalari bo‘yicha shartnomalar buning yaqqol isbotidir», – deyiladi XTV axborotida.

Bu ikki tilda ta’lim qanday kuchaytiriladi?

  • Maktabga tajribali mahalliy va xorijiy o‘qituvchilar jalb qilinadi.
  • Ta’lim muassasasi o‘quvchilarni respublika va xalqaro fan olimpiadalari, tanlovlar, boshqa tadbirlarga tayyorlaydi.
  • 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab so‘nggi 10 yil davomida nemis va fransuz tili o‘qitilishi to‘xtatilgan yoki boshqa xorijiy tillarga almashtirilgan ixtisoslashtirilgan maktablarda nemis va fransuz tillarini o‘qitish qayta yo‘lga qo‘yiladi.
  • Har bir hududda bittadan nemis va fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktablar tayanch maktab sifatida belgilanadi.
  • Nemis va fransuz tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar uchun o‘quv rejasi ishlab chiqiladi.
  • 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab nemis va fransuz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
  • Nemis va fransuz tillari bo‘yicha o‘qituvchilarni qayta tayyorlash istisno tariqasida bepul amalga oshiriladi.
  • 2019/2020-o‘quv yilidan boshqa xorijiy tillar o‘qitilayotgan ixtisoslashgan maktablarda nemis va fransuz tillari ikkinchi til sifatida joriy etiladi.

Ixtisoslashgan maktabning 11-sinf bitiruvchilariga Germaniyaning TestdAF (Test deutsch als fremdsprache) va Fransiyaning TestDElF (Diplome d’etudes en langue Francaise) diplomlari beriladi.

Hozir ahvol qanday?

  • Hozir nemis tili chuqurlashtirib o‘qitiladigan maktablar soni 4 tadan 9 ta yetgan. Nemis tili o‘rgatiladigan maktablar soni 54 taga ortib, jami 1677 taga, shuningdek, bu tilni o‘rganayotgan o‘quvchilar soni 14,5 mingga ortib, 355 mingga yetgan.
  • Fransuz tili o‘rgatiladigan maktablar esa 44 taga ortib, jami 1187 taga, fransuz tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar soni esa 7,8 mingga ortib, 234,7 mingga yetgan.

Lekin so‘nggi 10 yilda bu tillarni o‘qitadigan maktablar soni ham, o‘quvchilar soni ham kamayib borgan.