Maktablarda Xon akademiyasi platformasidan keng foydalaniladi. Xalq ta’limi vazirligi Xon akademiyasi elektron platformasini o‘zbek tiliga moslashtirish va kelgusida uni yanada ommalashtirishni rejalashtirayapti. Vazirlik bu haqdagi kelishuvni Xon akademiyasining O‘zbekistondagi operatori “Bilim onlayn” nodavlat notijorat tashkiloti bilan 21-mayda imzolagan.

Xon akademiyasidan o‘zbek ta’lim tizimida foydalanish nima uchun muhim: O‘zbekistonda xalq ta’limining sifati past, darsliklar ma’nan eskirgan. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bu borada muayyan ishlar qilinayotgan bo‘lsa ham muammolarni hal qilish hali ancha vaqtni oladi. Xon akademiyasining 30 dan ortiq fan bo‘yicha tayyorlanadigan o‘zbekcha darslari bu kamchiliklarni qisman o‘nglashga yordam beradi. Shuningdek,

  • masofaviy ta’lim mutlaqo bepul bo‘lib, har bir o‘quvchiga o‘zi xohlagan vaqtda, sharoitidan kelib chiqib, mustaqil qo‘shimcha ta’lim olish imkonini beradi.
  • Bu tarjimalar o‘zbek tilini yanada boyitadi. Ta’lim, ilm-fan olamidagi oxirgi yangiliklar o‘zbek tilida yetkazib beriladi.
  • Xon akademiyasining O‘zbekistonda ommalashtirilishi nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilarni ham onlayn darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, dunyoning yangi pedagogik texnologiyalari bilan keng tanishtirish, zamonaviy ta’lim resurslarini ishlab chiqish hamda internet orqali tarqatish imkonini beradi.
  • Bu o‘qituvchilarga yangi metodikalarni qo‘llashni o‘rgatishga va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bilim berish jarayonini kuchaytirishga xizmat qiladi.
  • Bepul va sifatli onlayn bilim olish imkoniyatining yaratilishi esa ta’lim sifatini oshiradi.
  • Har qanday o‘quvchi maktab darsliklaridagi bilimini platformadagi “tekin repetitor” – videodarslar ko‘magida mustahkamlab borishi mumkin.

Xon akademiyasi elektron platformasining o‘ziga xosligi

  • Platforma orqali olinadigan masofaviy ta’lim mutlaqo bepul bo‘lib, har bir o‘quvchiga o‘zi xohlagan vaqtda, sharoitidan kelib chiqib, mustaqil ta’lim olish imkoni yaratiladi.
  • Platformaning Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘zbek tiliga moslashtirilishi va uning mukammal tarjimasi o‘zbek tilini yanada boyitadi.
  • Xon akademiyasi platformasida matematika, axborot texnologiyalari, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya, sog‘liqni saqlash va tibbiyot, moliya, iqtisodiyot hamda boshqa fanlar bo‘yicha 10 mingdan ortiq bepul ma’ruzalar kolleksiyasi to‘plangan.
  • Ayni paytda jahonning 190 mamlakatida uning 36 tildagi videodarslari va elektron ta’lim resurslaridan keng foydalaniladi.

Masala tarixi: Markaziy Osiyoda birinchi yirik nodavlat ta’lim texnologiyalari loyihasi bo‘lgan «Khan Academy Oʻzbek» o‘zbek tilida ham bo‘lishi uchun xayriya aksiyasida 720 kishi 50 000 yevro yig‘ib bergandi. Aksiya Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan grant olish uchun amalga oshirilgan edi. Bank grantni "matching funds" sharti bilan taklif qilgan, ya’ni o‘zbek jamiyati 50 ming yevro yig‘sa, shunga teng mablag‘ ETTB tomonidan beriladi. Demak, jami 100 ming yevro yig‘ildi.

Bu loyihani O‘zbekiston hukumati, xususan Xalq ta’limi vazirligi ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Hukumat istisno tariqasida www.khanacademy.org platformasiga barcha internet provayderlari va mobil operatorlari orqali bepul kirish imkoniyatini ta’minladi.

Xon akademiyasi nima o‘zi: 2006-yili MIT bitiruvchisi Salmon Xon bemorligi uchun maktabga borolmay qolgan jiyaniga videodarslar orqali matematikani o‘rgatmoqchi bo‘lgan. Uning bu darslari ommalashib ketgach, u "Khan Academy"ga asos soladi.

  • Akademiya xayriya mablag‘lari hisobiga moliyalanadi. Hozir “Google”, “Bill & Melinda Gates” fondi tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
  • Akademiyaning onlayn ta’lim platformasida 10 mingdan ortiq ma’ruza, 100 mingdan ortiq interaktiv mashq jamlangan. Ular 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan.
  • Dunyo bo‘ylab har oyda 40 millionga yaqin o‘quvchi, 2 millionga yaqin o‘qituvchi Xon akademiyasi materiallaridan foydalanadi.