Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Minbar bu 30 sahifali hujjatni o‘qib, keyingi 11 yil ichida xalq ta’limi tizimini kutayotgan eng muhim o‘zgarishlarni alohida taqdim etmoqda.

Konsepsiya doirasida belgilangan vazifalar bajarilsa, o‘zbek xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha quyidagi o‘zgarishlar kutmoqda:

  • eng asosiy o‘zgarish: hozir saqlanib kelayotgan industrial 20-asr ta’lim tizimidan informatsion 21-asr ta’lim tizimiga o‘tish ko‘zlangan;
  • yodlash va ko‘rsatmalarga ko‘r-ko‘rona ergashish o‘rniga STEAM (aniq fanlar, texnologiya, injiniring, dizayn va matematika) fanlari va tanqidiy fikrlash, axborotni mustaqil izlash va tahlil qilishga alohida urg‘u berilib, zamonaviy innovatsion iqtisodiyot talablariga javob beradigan umumta’lim dasturlari va yangi davlat ta’lim standartlari joriy etiladi;
  • O‘zbekistonni 2030-yilga kelib RISA xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kiritish maqsad qilib qo‘yilgan. Ta’lim dasturlari va muassasalarini akkreditatsiya qilish uchun O‘zbekistonning yetakchi xalqaro birlashmalarga kirishi ta’minlanadi;
  • xorijiy tillar, matematika, fizika, kimyo va biologiya kabi muhim fanlarga e’tibor kuchaytiriladi. Shu fanlarni chuqur o‘rganishga mo‘ljallangan didaktik materiallar va multimedia mahsulotlarining yangi avlodlari tayyorlanadi, ixtisoslashgan maktablar soni ko‘paytiriladi. Ma’naviyat, milliy g‘oya kabi predmetlar emas, mamlakatning iqtisodiy va ilmiy texnologik taraqqiyotiga xizmat qiladigan sohalarga diqqat qaratiladi;
  • muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan maktablar negizida tarmoq maktablari yaratiladi va ushbu tarmoqqa o‘quvchilarni qamrab olish koeffitsiyenti past bo‘lgan boshqa maktablar ham kiritiladi;
  • 2021-yilgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan prezident maktabi tashkil etiladi;
  • 4860 ta umumta’lim muassasasi tasdiqlangan baholash mezonlariga muvofiq “Zamonaviy maktab”ga aylantiriladi;
  • o‘quvchilarning kamida 50 foizi to‘garaklarga qamrab olinadi;
  • oliy ta’lim muassasalarida “Xalq ta’limi sohasida boshqaruv” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
  • umumta’lim fanlari bo‘yicha 3 mingga yaqin pedagog ixtisosligi bo‘lmagan kadrlar pedagogik va kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi;
  • barcha maktablar uzluksiz elektr energiyasi, tabiiy gaz, ko‘mir, ichimlik suvi va boshqa kommunal xizmatlar bilan ta’minlanadi;
  • barcha maktablar internet tarmog‘iga to‘liq ulanadi;
  • barcha maktablarda o‘zlashtirish jurnallari va kundalik yozuvlarning elektron shakllaridan foydalanish, davomatni masofadan monitoring qilish, o‘quvchilarning kelish va ketish vaqti nazorati bilan bog‘liq bo‘lgan o‘quv jarayonini avtomatlashtirish tizimi joriy etiladi;
  • maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish va boshqa maktablarga o‘tkazish davlat xizmatlarini ko‘rsatish agentligi orqali bo‘ladi;
  • maktablarda o‘quvchining identifikatsiya kartalari (ID-karta, NFC belgisi va boshqalar) joriy etiladi.

Eng muhimi – o‘qituvchilarning o‘rtacha oyligi respublikadagi o‘rtacha oylikka nisbatan 1,5 barobar ko‘p bo‘ladi.