«Maktab formasi 2019/2020-o‘quv yilida ham ixtiyoriy bo‘ladi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilinishi kutilayapti», – dedi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov «Daryo»ga bergan intervyusida.

«Formani juda ko‘p muhokama qilsa bo‘ladi. Ijobiy tomonini ham, salbiy tomonini ham. Lekin shoshilish kerak emas. Bizda ozgina shoshish bo‘layapti. Maktab formasi o‘tgan yili majburiy emas, ixtiyoriy bo‘ldi. Yangi o‘quv yilida majburiy qilsak, shoshilish bo‘lib qoladi», – degan Sherzod Shermatov.

Vazirga ko‘ra O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati maktab formasini kerakli miqdorda yetkazib berishni uddalay olmasligi mumkin.

«Hozir biz Vazirlar Mahkamasiga qo‘shimcha taklif tayyorlayapmiz. Chiqqan qarorga o‘zgartirish kiritish. Ota-onalar tashvishlanmasa bo‘ladi, yaqin orada qaror chiqadi. Yangi o‘quv yilidan maktab formasi majburiy bo‘lmaydi. Maktab formasi bosqichma-bosqich joriy qilinadi», – degan Xalq ta’limi vaziri.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva yangi o‘quv yilidan maktab formasini majburiy qilmaslikni aytib, maktablarda boshqa kamchiliklar va muammolarga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagandi.

Yagona maktab formasi to‘g‘risidagi qarorni Vazirlar Mahkamasi 2018-yilning 15-avgustida qabul qilgan edi.

2018/2019-o‘quv yilida yagona maktab formasini kiyish o‘quvchilar uchun ixtiyoriy edi. Yangi o‘quv yilidan boshlab esa maktabga yagona formada kelish majburiy bo‘lishi kerak edi.

«666-qaror» nomi bilan mashhur bu qarorga jamiyatda kuchli e’tiroz ham bo‘lgan. E’tirozning asosiy qismi qarorning 9-bandiga bo‘lgan. Hujjatning 9-bandida «O‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno», – deb belgilangan.

Aynan shu band ayniqsa o‘quvchilarning ro‘mol o‘rashi tarafdorlari va bunga qarshi bo‘lganlar o‘rtasida jiddiy bahslarga sabab bo‘lgan.

Tarafdorlar buni e’tiqod erkinligi ta’minlangan demokratik mamlakatdagi muslima o‘quvchilarning qonuniy haqqi demoqda. Qarshilar esa dunyoviy davlat bo‘lgan O‘zbekistonda ta’lim tizimi standartlarini belgilash davlat vakolatida va bu standartlar diniy e’tiqodidan qat’i nazar hammaga birdek bo‘lishi kerak demoqda.