Mahalliy eksportchilarning mahsulotini temiryo‘l orqali eksport qilish xarajatlarining 50 foizigacha davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Hukumatning shu haqidagi qarori qabul qilinganini Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Kompensatsiyani Eksportni rag‘batlantirish agentligi taqdim etadi.

Eksportchilar 2019-yil 1-maydan boshlab eksport qilgan mahsulotlari bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizigacha qismiga kompensatsiya olish uchun ariza topshirishi mumkin.

Eksport qiluvchi korxonalar faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalari rivojlanmagani, eksportoldi va eksportni moliyalashtirish mexanizmlari mavjud emasligi o‘zbek eksportchilari oldida turgan tizimli muammo hisoblanadi. Bu kamchilikning saqlanib qolayotgani eksportni ko‘paytirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Eksportchilarning transport xarajatlarini kompensatsiya qilish prezidentning tashqi savdo va eksportni tizimli oshirishga qaratilgan qarorida ko‘zda tutilgan edi.