O‘zbekiston madaniyat vazirligi ommaviy madaniyatga qarshi kurashda sovet estradasi an’analaridan foydalanadi. O‘zbekiston madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev saviyasiz estrada qo‘shiqlariga qarshi urush e’lon qildi va sovet estradasi an’analarini sifat etaloni va namuna qilib ko‘rsatib, ulardan o‘rnak olishga chaqirdi. Bu haqida Podrobno.uz xabar bermoqda.

«Milliy estradaning saviyasi tushib ketdi, – deya nolidi vazir va tijoriy telekanallarni «O‘zbekkonsert» amalga oshirayotgan senzuraga xalal berayotganlikda aybladi. – «O‘zbekkonsert»da qo‘shiqlarni tekshiruvchi va xonandalarga yordam beruvchi badiiy kengash bor. Davlat kanallari artistlardan litsenziya so‘raydi. Biroq hususiy teleradiokanallar qo‘shiqlarni bitta qo‘ymay efirga berib yuborib, bizning ishimizni bir pul qilishmoqda».

Sayfullayev "masalani hal qilishni" va’da qildi. Uning aytishicha, bunda madaniyat to‘g‘risidagi qonun yordam beradi, qonun loyihasi allaqachon tayyorlanib, ko‘rib chiqish uchun parlamentning quyi palatasiga taqdim etilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, "kurash" so‘zini majoziy tushunish kerak. Gap taqiqlar haqida emas, qolganini o‘z ketidan ergashtira oladigan madaniyat sohalarini paralel rivojlantirish haqida ketyapti.

Hozirgi "saviyasiz ommaviy madaniyatga" muqobil sifatida vazir sovet estradasini tiklashni taklif qildi. U 1970 yili tashkil topgan, «Choyxona», «Uchquduq» kabi qo‘shiqlari bilan butun SSSRda dong taratgan «Yalla» vokal-instrumental ansamblini, 1957 yili Mukarrama Turg‘unboyeva asos solgan «Bahor» raqs ansamblini ko‘rsatdi va ularning tajribalarini o‘rganishga chaqirdi.

«Biz "Yalla" ansambli an’analarini saqlab qolishimiz, ularni musiqa maktablarida o‘rgatishimiz kerak. "Yalla"ning avvalgi shuhratini tiklashimiz shart», – dedi Sayfullayev.

Madaniyat vazirining so‘zlariga ko‘ra prezident Shavkat Mirziyoyev «Bahor» ansamblini tiklash haqida topshiriq bergan. «Biz davlat boshlig‘ining qarori loyihasini ishlab chiqdik, hozir u ko‘rib chiqilayapti, tez orada ansamblni tiklaymiz, – deya va’da qildi vazir. – Yangi ansamblda qirqta raqqosa va yigirmata sozanda bo‘ladi. Hozircha unga kim rahbarlik qilishi aniq emas».

Sayfullayevning aytishicha, O‘zbekiston madaniyat sohasida ko‘p narsalarni boy bergan, endi shularni tiklashi kerak. Biroq bunda sovet tajribasidan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Masalan, vazir "mustaqillik yillarida o‘z holiga tashlab qo‘yilgan" madaniyat klublarini butun respublikada tiklash choralarini ko‘rmoqchi.

Ilgari O‘zbekistonda estrada janrlarining "tozaligiga" asosan «O‘zbekkonsert» boshlig‘i Odil Abduqahhorov kurashgan, u artistlarga o‘z kliplarida "milliy mentalitet va umuminsoniy qadriyatlarga" zid bo‘lgan hamma narsani ko‘rsatishni taqiqlagan va sahna mutoyibasi sifatini yaxshilashga jiddiy kirishgan edi. Fevral oyida «O‘zbekkonsert» badiiy kengashi repertuarida so‘kishlardan foydalangani uchun «Bravo» jamoasi va aktrisa Halima Ibrohimovani litsenziyadan mahrum etgan va namunali Mutoyibachilar klubini tuzmoqchi bo‘lgan.