Londondagi Richard Cloudesley School deb nomlanuvchi imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan maktabda bolalar qiziqib o‘ynaydigan Minecraft va boshqa videoo‘yinlar bo‘yicha darslar kiritildi. Gamepressure.com xabariga ko‘ra, mazkur mashg‘ulotlar matematika va ingliz tili kabi fanlar bilan teng ravishda o‘quv jadvaliga kiritilgan.

Maktab ma’muriyati o‘quvchilarning bunday o‘yinlarni birgalikda o‘ynashi ularda muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish va ijtimoiy hayotga moslashishga yordam beradi deb hisoblaydi. Maktabdoshlar imkoniyati cheklanganlar uchun mo‘ljallangan Xbox Adaptive Controller videokontrolleridan foydalanishmoqda.

Avvalroq Britaniyadagi Xalla universitetida Minecraft yordamida biokimyoni o‘rganish bo‘yicha loyiha yaratilgan edi.

Minecraft – sandbox tipidagi kopyuter o‘yini. Uni shved dasturchisi Markus Persson ishlab chiqqan. O‘yin to‘laligicha kubik bo‘laklaridan iborat uch o‘lchamli olamni taqdim etib, o‘ynovchiga bu olamda murakkab inshootlar qurishga imkon beradi.