Sog‘liqni saqlash vazirligi diniy yo‘nalishda bemorlarni davolovchilarga (azayimxonlarga) "tabib" litsenziyasi berilmasligini ma’lum qildi.

«Xalqimiz orasida Qur’on oyatlari va turli duolar bilan bemor insonlarni davolovchi shaxslar ham bor. Endi ularga ham qonuniy faoliyat olib borishlari uchun litsenziya beriladimi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga javoban shuni aytish kerakki, Adliya vazirligida 3111-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat ko‘rsatish tartibi va hajmlari to‘g‘risidagi nizom”da okkultizm-afsun, shuningdek, diniy marosimlar orqali davolash xalq tabobati usullariga kirmasligi ko‘rsatilgan. Shu bois diniy yo‘nalishda bemorlarni davolovchi shaxslarga Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etilgan maxsus komissiya tomonidan litsenziya berilmaydi», – deyiladi vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tarqatgan bayonotda.

Masala tarixi: 22-mayda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berilgan edi. Bu faoliyat litsenziyalashtiriladi. Litsenziyani shifokorlar bilan bir qatorda, psixolog, texnika mutaxassislari, diniy va xalq tabobati kabi soha vakillari kirgan maxsus komissiya beradi.

Xalq tabobati bilan shug‘ullanishni istagan tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar ushbu komissiya vakillari oldida tibbiyot ilmidan qanchalik xabardor ekanligi, o‘zidagi bilim va davolash uslublarini amaliyotda qay darajada qo‘llay olishi bo‘yicha sinovlardan o‘tadi.

Xalq tabobatini legallashtirish nega kerak bo‘lib qoldi: rasmiy tibbiyot sohasining inqirozi xalq tabobatiga talabni kuchaytirib yubordi. Turli xil tabiblar, azayimxonlar va dam solib, jinlarni haydovchilar ko‘payib ketdi. Bularning aksariyati aldamchi bo‘lib, qonuniy ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritgan.

  • Tabib va hokazo soyadagi "shifokorlar" ishlab topgan pulidan davlatga soliq to‘lamaydi. Endi esa ular yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, shundan so‘nggina faoliyat olib borishi belgilanmoqda.
  • Tabiblar o‘z faoliyati natijalari bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun qonunlarda nazarda tutilgani kabi javobgar hisoblanadi.