Bir guruh ta’lim jonkuyarlarining tashabbusi bilan masofaviy ta’lim sohasidagi mashhur Xon akademiyasining ma’rifiy videolari o‘zbek tiliga ham o‘girila boshlandi. Hukumat ham bu platformani mahalliylashtirib, ommalashtirmoqchi.

Eng avvalo matematika fanidan darslar o‘zbekchaga tarjima qilindi. Xon akademiyasining jami 9 ming video darslarini matnlari bilan birga tarjima qilish ko‘zda tutilgan. Shu bois loyiha homiylik mablag‘lariga muhtoj. Loyiha rahbari Botir Orifjonovning aytishicha, loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshishi ta’lim jonkuyarlarining xayriyalariga bog‘liq.

“Bu shunchaki gap emas, biz sizning yordamingizga haqiqatan ham muhtojmiz! Click va Payme orqali loyihamizga xayriya qiling. Bundan tashqari, bizni GoFundMe orqali ham qo‘llab-quvvatlashingiz mumkin", – deydi loyiha rahbari.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqa homiylardan ham yana shuncha mablag‘ to‘plash sharti bilan loyiha uchun 50 ming AQSH dollari ajratgan.

Xon akademiyasi darslari o‘zbek tilida berilishi nimasi bilan muhim: O‘zbekistonda xalq ta’limining sifati past, darsliklar ma’nan eskirgan. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bu borada muayyan ishlar qilinayotgan bo‘lsa ham bu muammolarni hal qilish hali ancha vaqtni oladi. Xon akademiyasining 30 dan ortiq fan bo‘yicha tayyorlanadigan o‘zbekcha darslari bu kamchiliklarni qisman o‘nglashga yordam beradi. Shuningdek,

  • masofaviy ta’lim mutlaqo bepul bo‘lib, har bir o‘quvchiga o‘zi xohlagan vaqtda, sharoitidan kelib chiqib, mustaqil ta’lim olish imkonini beradi;
  • bu tarjimalar o‘zbek tilini yanada boyitadi. Ta’lim, ilm-fan olamidagi oxirgi yangiliklar o‘zbek tilida yetkazib beriladi.

2006-yili MIT bitiruvchisi Salmon Xon videodarslar orqali bemorligi uchun maktabga borolmay qolgan jiyaniga matematikani o‘rgatmoqchi bo‘lgan. Uning bu darslari ommalashib ketgach, u Xon akademiyasiga asos soladi.

  • Akademiya xayriya mablag‘lari hisobiga moliyalanadi. Hozir “Google”, “Bill & Melinda Gates” fondi tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
  • Akademiyaning onlayn ta’lim platformasida 10 mingdan ortiq ma’ruza, 100 mingdan ortiq interaktiv mashq jamlangan. Ular 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan.
  • Dunyo bo‘ylab har oyda 40 millionga yaqin o‘quvchi, 2 millionga yaqin o‘qituvchi Xon akademiyasi materiallaridan foydalanadi.